date

Oʻzbekistonda suvning 70 foizi yoʻlda yoʻqolmoqda

Oʻzbekistonda suvning 70 foizi yoʻlda yoʻqolmoqda

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) dushanba kuni eʼlon qilgan yangi tahliliy hisobotida Oʻzbekistonda sugʻoriladigan yerlarni yillar davomida kengaytirish Amudaryo havzasidagi gidrologik tartibni keskin oʻzgartirganini qayd etdi. Mutaxassislar inson omili daryoning tabiiy oqimini izdan chiqargani, buning oqibatida ekotizimlar “formadan chiqib”, qurgʻoqchilik davrlarida suvni tiklash salohiyati pasayayotganini taʼkidladi. Bu haqda upl.uz xabar beradi.

Eng ogʻir “zaif nuqta” infratuzilmada: hisobotga koʻra, suvning 70 foizigacha qismi asosiy suv yoʻllaridan fermer xoʻjaliklarigacha yetib borguncha transport jarayonidayoq yoʻqotilmoqda. Shunga qaramay, soʻnggi 12 yilda respublikadagi suv taʼminoti tizimi barqarorligi umumiy bahoda deyarli oʻzgarmay, 5 ball atrofida qolgan. Hududdagi qoʻshnilar — Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Turkmanistonda ham oʻxshash “bir joyda turish” holati kuzatilgan.

Fonida Tojikiston alohida ajralib turibdi: 2020–2025 yillarda mamlakat ko‘rsatkichi 3 balldan 4 ballga ko‘tarilgan. OTB buni ommabop bo‘lmasa-da, samarali qadamlarga — xususan, suv isteʼmoli tariflarini bosqichma-bosqich oshirish orqali resursdan tejamkor foydalanishga rag‘bat berilgani bilan bog‘laydi.

Hisobotda Toshkentning qishloq aholisi uchun suv xavfsizligini taʼminlash borasidagi natijalari ham alohida eʼtirof etilgan. Raqamlar shuni ko‘rsatadiki, 2013 yilda qishloqlarda toza suvga kirish indeksi 6,4 ball bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yil yakuniga kelib 8,2 ballga yetgan. Bu o‘zgarish ijtimoiy ko‘rsatkichlarga ham bevosita taʼsir qilib, qishloq aholisi salomatligi darajasi 12 yil ichida 7,6 balldan 9,2 ballga ko‘tarilgan.

OTB vakillari Oʻzbekistonda qishloq gigiyenasi va suv taʼminotidagi bugungi ko‘rsatkichlar uzoq muddatli davlat investitsiyalari hamda tarmoqlararo muvofiqlashtirish qanday natija berishini amalda isbotlayotganini aytadi. Xalqaro ekspertlar fikricha, iqlim xatarlarini oldindan boshqarish yondashuvi mintaqadagi suv taqchilligi sharoitida pozitsiyani saqlab qolish bilan birga, yirik shaharlardan tashqarida hayot sifatini sezilarli yaxshilashga xizmat qilgan.

Amudaryo Markaziy Osiyodagi eng sersuv daryo sanalsa-da, sugʻorish uchun suvning haddan tashqari ko‘p olinishi sabab u bir necha o‘n yildan beri deyarli Orol dengizigacha yetib bormayapti. Natijada sobiq dengiz tubi o‘rnida yangi cho‘l — Orolqum shakllangan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Oʻzbekistonda suvning 70 foizi yoʻlda yoʻqolmoqda