Ikardi uch gol urib Galatasaray rekordini yangiladi

Turkiya chempionatining 22-tur uchrashuvida “Galatasaray” “Eyupspor”ni yirik hisobda mag‘lub etdi — 5:1. Bellashuv qahramoni argentinalik hujumchi Mauro Ikardi bo‘ldi: u het-trik qayd etib, jamoasiga ishonchli g‘alaba keltirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Ushbu uchta gol Ikardiga klub tarixidagi eng sermahsul legionerlar ro‘yxatida yakka peshqadamlikni taqdim etdi. U ruminiyalik Georghe Hadjini ortda qoldirdi: Hadjining “Galatasaray” safidagi gollari 75 ta bo‘lgan bo‘lsa, Ikardining ko‘rsatkichi 76 taga yetdi. Umumiy to‘purarlar reytingida esa argentinalik futbolchi yettinchi o‘rinda qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, Mauro Ikardi 2023 yildan beri turk klubi sharafini himoya qilmoqda. U “Galatasaray”ga kelishidan avval Fransiyaning “PSJ” jamoasida ham to‘p surgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!