Kapello Ronalduda Messi darajasidagi dahoni ko'rmaydi

79 yoshli Fabio Kapello futbol olamidagi sukunatni buzdi. Ilgari bir qator italyan klublari hamda Rossiya terma jamoasini boshqargan mutaxassisning Krishtianu Ronaldu haqidagi fikri ijtimoiy tarmoqlarda tezda muhokama markaziga aylandi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Kapello The Touchline nashriga bergan izohida shunday dedi: Ronaldu buyuk to'purar, bunga e'tiroz yo'q, ammo unda Messi, Maradona yoki braziliyalik Ronaldo kabi tabiiy daholikni ko'rmagan.
Italiyalik murabbiy o'z qarashida aniq chiziq chizadi: kimdir imkonsizdek ko'ringan narsaga mehnat, iroda va jismoniy quvvat bilan yetadi, yana kimdir esa to'pni oyoqqa olishi bilan maydonda “sehr” boshlanadi.
Ronaldu 41 yoshda, Saudiya Arabistonida o'ynab hamon ko'p gol urmoqda, jismoniy holati juda yaxshi, uyida beshta “Oltin to'p” bor, faoliyatida esa dunyoning eng kuchli klublari bilan bog'liq sahifalar talay. Rezyume — qoyilmaqom.
Ko'pchilik bu yoshda allaqachon divanda o'tirib, o'yinlarga sharh berib yurgan bo'lardi. Ronaldu esa hanuz o'ziga talabchan: ovqatlanish, tiklanish, mashg'ulot — hammasi temir intizom ostida. U tanasini sport ilmi darajasidagi “loyiha”ga aylantirgani ham bejiz emas.
Kapelloning aytmoqchi bo'lgani shuki, Ronaldu — “mashina”: istalgan masofadan, oyoq bilan ham, bosh bilan ham gol ura oladi. Biroq bu, uningcha, asosan yillar davomida to'xtovsiz mehnat natijasi — har kuni o'zini majburlash, har bir detallarga e'tibor, doimiy o'sish.
Murabbiy misol sifatida Maradonani eslaydi: u maydonning o'z yarmidan to'pni olib, raqiblarni birin-ketin ortda qoldirgandek taassurot qoldirardi. Braziliyalik Ronaldo esa eng yuqori formasida shunday tezlik va harakatga ega ediki, himoyachilar u qayerga “uchib” ketganini anglab ulgurmasdi. Messi esa maydonni go'yo shaxmat taxtasidek bir necha yurish oldindan ko'radi — buni yuqori tezlikda, to'p oyoqqa “yopishib” turgan holatda qiladi.
Kapello fikricha, Ronaldu bunday tug'ma “sehr”ga ega emas: u barchasini o'rgangan, sayqallagan, burchak va traektoriyalarni yodlagan, o'zini o'zi yaratgan. Murabbiy bu gaplari bilan portugaliyalikni kamsitmayotganini, faqat “buyuk” va “daho” orasidagi farqni ta'kidlayotganini anglatadi.
Ronaldu muxlislarini eng ko'p ranjitadigan nuqta ham shu: statistika, rekordlar, beshta Chempionlar ligasi va yuzlab gollar bor, lekin futbolda raqamlar o'lchay olmaydigan narsalar ham mavjud.
Kapelloga ko'ra, Ronaldu undan kutilgan ishni a'lo darajada bajaradi: uzatmada hammadan balandroq sakraydi, zarbani aniq qo'yadi, o'z “vazifa zonasi”da ideal ishlaydi. Daho futbolchilar esa ba'zan o'yinning o'zini o'zgartirib yuboradi — buni na trenajyor zalida sotib olasan, na faqat rejim bilan berib bo'ladi.
Albatta, bahs avj oladi: Ronaldu tarafdorlari barcha dalillarni sanab o'tadi. Ammo Kapello boshqa narsani aytyapti — u shunchaki buyuk futbolchi bilan tug'ma daho o'rtasidagi nozik chegarani eslatmoqda.
Murabbiylik faoliyati davomida ko'plab yulduzlar bilan ishlagan Kapelloning fikri, baribir, ko'pchilikni o'ylantirishi aniq. U Ronalduni yomon demayapti — faqat uni Messi, Maradona yoki Ronaldo kabi “tabiat bergan daholar” qatoriga qo'shmayapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!