Mali yulduzlari Rossiyaga qarshi o'yinga to'liq tarkibda keladi

Rossiya terma jamoasi mart oyida o'z maydonida Mali bilan o'rtoqlik uchrashuvini o'tkazishi kutilmoqda. RFU bu haqda hozircha rasman e'lon qilmagan, biroq Mali tomoni o'yin Krasnodarda bo'lishini bir necha bor tasdiqlagan. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Mali futbol federatsiyasi bosh kotibi Sidi Bekaye Sport24'ga bergan izohida jamoa Rossiyaga qarshi bahsga eng kuchli tarkibda kelishini aytdi. Uning so'zlariga ko'ra, Bissuma, Niakate, Sangare, Nene kabi yetakchilar hamda boshqa futbolchilar 25–26 mart kunlari Krasnodarga yetib kelib, o'yinoldi mashg'ulotini o'tkazadi.
Bekaye, shuningdek, Rossiya bilan uchrashuv bo'yicha kelishuv unchalik qiyin kechmaganini ta'kidladi. Mali tomoni kuchli raqibga qarshi maydonga tushishdan mamnun bo'lishini ham qo'shib o'tdi.
Eslatib o'tamiz, Rossiya terma jamoasi UEFA va FIFA sanksiyalari ostida qolmoqda, shu sababli hozircha faqat o'rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!