Bayer Leverkusen yulduzi Alejandro Grimaldo La Liga jamoasiga oʻtmoqchi

Bayer Leverkusen jamoasining qanot himoyachisi Alejandro Grimaldo faoliyatini Ispaniyada davom ettirish istagi borligini yana bir bor tasdiqladi. Sobiq Barselona akademiyasi tarbiyalanuvchisi oʻz vataniga qaytishni uzoq muddatli maqsadlaridan biri deb biladi va bu rejasini tez orada amalga oshirish niyatida. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Ispaniya terma jamoasi yigʻinida jurnalistlar bilan suhbatlashgan 30 yoshli futbolchi transfer mish-mishlariga ochiqchasiga munosabat bildirdi. "Professional futboldagi koʻp yillik faoliyatim davomida turli xil mish-mishlarga oʻrganib qolganman. Doim aytganman: men La Liga chempionatiga qaytishni xohlayman. Bu mening asosiy maqsadlarimdan biri. Leverkusen shahrida baxtliman, lekin baribir bir kun kelib Ispaniyaga qaytaman", — dedi Grimaldo.
Ushbu bayonotlar futbolchining Barselona klubiga qaytishi borasidagi taxminlarni yanada kuchaytirdi. Alejandro Grimaldo La Masia akademiyasida tahsil olgan boʻlsa-da, hech qachon Ispaniya yuqori divizionida maydonga tushmagan. U 2016-yilda Barselona B jamoasidan Portugaliyaning Benfika klubiga oʻtib ketgan edi.
Hozirda dunyoning eng yaxshi hujumkor himoyachilaridan biri hisoblangan futbolchining Bayer Leverkusen bilan shartnomasi 2027-yilgacha amal qiladi. Shunga qaramay, u Ispaniyaning grand klublaridan birida oʻynash orzusidan voz kechmoqchi emas. Uning fikricha, La Liga uslubi uning oʻyiniga juda mos keladi.
Germaniya chempionlari oʻz vitse-sardorini jamoada olib qolishga harakat qilsa-da, futbolchining qatʼiy qarori transfer bozorida katta oʻzgarishlarga sabab boʻlishi mumkin. Grimaldo oʻz maqsadiga erishmaguncha harakat qilishda davom etishini taʼkidladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!