Mali yulduzlari Rossiyaga qarshi o'yinga to'liq tarkibda keladi

Rossiya terma jamoasi mart oyida Mali bilan uy maydonida o'rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi kutilmoqda. Rossiya futbol ittifoqi bu haqda hozircha rasman e’lon qilmagan bo‘lsa-da, Mali tomoni o‘yin Krasnodarda bo‘lishini bir necha bor tasdiqlagan. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Mali futbol federatsiyasi bosh kotibi Sidi Bekaye Rossiyaga qarshi bahs uchun jamoa eng kuchli tarkibda kelishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, Bissuma, Niakate, Sangare, Nene va boshqa futbolchilar taxminan 25–26 mart kunlari Krasnodarga yetib kelib, o‘yindan oldin mashg‘ulot o‘tkazadi.
Bekaye shuningdek, Rossiya bilan uchrashuvni tashkil etish bo‘yicha kelishuv oson kechganini ta’kidladi. Mali tomoni juda kuchli raqibga qarshi o‘ynashdan mamnun bo‘lishini ham qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya terma jamoasi UEFA va FIFA sanksiyalari sabab hozircha faqat o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkaza oladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!