Brest Marselni oson yengib, navbatdagi zarbani berdi

Fransiya chempionatida «Marsel» top-3dan butunlay uzoqlashib ketish xavfi ostida qoldi. «Oq-ko'klar» safarda «Brest»ga qarshi sust o'yin ko'rsatdi va omadsiz seriyasini davom ettirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Uchrashuvning 10-daqiqasidayoq mezbonlar hisobni ochdi: hujum yakunida Lyudovik Azork «Brest»ni oldinga olib chiqdi. Oradan besh daqiqa o'tib, u yana xavfli vaziyat yaratdi, biroq to'pi darvoza ustunlari yonidan o'tib ketdi. 29-daqiqada esa Azork Ugo Manyettining qanotdan uzatmasini bosh bilan aniq yakunlab, dubl qayd etdi — 2:0.
«Brest» tanaffusgacha ustunlikni qo'ldan bermadi: Romen del Kastilyoning uzatmasidan keyin Xunior Dias bosh bilan burchakka yo'llagan zarbada sal qoldi, keyin esa Erik Ebimbe topib bergan pasdan so'ng Azork to'pni to'singa tekkizdi.
Ikkinchi bo'lim o'rtalarida «Marsel» nihoyat birinchi jiddiy imkoniyatini yaratdi: Pyer-Emerik Obameyang qulay vaziyatda zarba berdi, ammo nishonga tekkirolmadi. O'yin so'ngida Meyson Grinvud jarima maydonida yiqitildi va penalti belgilandi, biroq darvozabon uning zarbasini qaytardi.
Natijada «Brest» 2:0 hisobida g'alaba qozonib, turnir jadvalida 10-o'ringa ko'tarildi. «Marsel» esa 4-pog'onada qoldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!