Karrager Artetaning Dyo'keresh bo'yicha tanlovini maqtadi

Angliyalik sobiq futbolchi Jeymi Karrager Mikel Artetaning Viktor Dyo'kereshni "Tottenhem"ga qarshi derbida asosiy tarkibda maydonga tushirish qarorini ijobiy baholadi. Uchrashuv "Arsenal"ning 4:1 hisobidagi yirik g'alabasi bilan yakunlandi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Hujumchi o'yinning asosiy qahramonlaridan biriga aylandi: u dubl qayd etdi. Qizig'i, Karrager avvalroq bir necha bor shved futbolchisi "kanonirlar"ning asosiy tarkibiga loyiq emasligini ta'kidlab kelgandi.
Sky Sports efirida yakshanba kungi bahsni tahlil qilgan Karrager: «Artetaga e'tirof. Menimcha, ularga Dyo'kereshdan [asosiy tarkib o'yinchisi sifatida] voz kechish kerakdek tuyulgandi, ammo murabbiy uni o'yindan o'yinga startda tushirishda davom etdi. Shuning uchun Arteta maqtovga loyiq. U futbolchiga ishonishda davom etdi, Dyo'keresh esa oxir-oqibat bu ishonchni oqladi», dedi.
Viktor Dyo'keresh joriy mavsumda "Arsenal" safida 36 o'yinda 15 ta gol urdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!