Ruben Dias: Messi, Cristiano Ronaldo va Modric uchun bu soʻnggi JCh boʻlmasligi mumkin

Ruben Dias: Messi, Cristiano Ronaldo va Modric uchun bu soʻnggi JCh boʻlmasligi mumkin

Manchester Siti himoyachisi Ruben Dias 2026-yilgi Jahon chempionati faxriy yulduzlar — 41 yoshli Cristiano Ronaldo, amaldagi chempion Lionel Messi va 40 yoshli Luka Modric uchun soʻnggi turnir boʻlishiga shubha bilan qaramoqda. Portugaliyalik markaziy himoyachi oʻz jamoasining afsonaviy sardori hali qoʻlga kiritmagan yagona yirik sovrinni yutish yoʻlidagi ulkan motivatsiyasi haqida gapirdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.

Portugaliyaning A Bola nashriga bergan intervyusida Dias ushbu turnir Argentina, Xorvatiya va Portugaliya yetakchilari uchun "soʻnggi raqs" boʻlishi haqidagi taxminlarga "Koʻramiz..." deya qisqa javob qaytardi. Uning taʼkidlashicha, Cristiano Ronaldo uchun yetishmayotgan yagona kubokni qoʻlga kiritish butun jamoa uchun qoʻshimcha kuch bagʻishlaydi. "Bu bizga bosim oʻtkazmaydi, aksincha, ushbu lahzani sardorimizga, oʻzimizga va butun Portugaliyaga taqdim etish istagini yanada kuchaytiradi", — dedi himoyachi.

Ushbu uch afsona umumiy hisobda 14 ta Oltin toʻp sohibi hisoblanadi. Inter Miami yulduzi Lionel Messi sakkizta Oltin toʻp va JCh-2022 gʻolibligiga ega boʻlsa, Al-Nassr hujumchisi Cristiano Ronaldo beshta Oltin toʻp va Chempionlar ligasining besh karra gʻolibi sanaladi. Milan aʼzosi Luka Modric esa 2018-yilda ushbu duetning gegemonligini toʻxtatib, oʻzining oltinchi Chempionlar ligasi medali bilan birga nufuzli shaxsiy sovrinni ham qoʻlga kiritgan edi.

2026-yilgi Jahon chempionatida guruh bosqichi bahslari 17-iyundan start oladi. Amaldagi chempion Argentina Jazoir, Avstriya va Iordaniya bilan kuch sinashsa, Modric boshchiligidagi Xorvatiya Angliya, Panama va Gana bilan toʻqnash keladi. Portugaliya terma jamoasi esa oʻz yurishini Kongo DRga qarshi boshlaydi, soʻngra 23-iyun kuni Oʻzbekiston va 27-iyunda Kolumbiya bilan bahs olib boradi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar