Liverpul nishonidagi Yan Diomande oʻzining yangi kumiri kimligini aytdi

RB Leipzig jamoasining yosh yulduzi Yan Diomande yozgi transfer oynasi oldidan Yevropaning gigant klublari eʼtiborini tortmoqda. Kot-d'Ivuarlik qanot hujumchisi Bundesliga doirasida koʻrsatayotgan oʻyinlari bilan Liverpul va PSJ kabi jamoalar oʻrtasida haqiqiy kurashga sabab boʻldi. 19 yoshli futbolchi oʻz oʻyin uslubini shakllantirishda kimlardan oʻrnak olayotganini ochiqladi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
"Ilgari mening kumirim Cristiano Ronaldo edi, shuningdek, R9 (Ronaldo)ni ham yoqtirardim. Ammo hozirda koʻproq Vinicius Junior va Kylian Mbappe kabi futbolchilarni kuzatib boryapman. Men oʻzim bilan bir xil pozitsiyada oʻynaydigan futbolchilarning harakatlarini oʻrganishga va ularning eng yaxshi jihatlarini maydonda takrorlashga harakat qilaman", — deya taʼkidladi Diomande Sky Sports nashriga bergan intervyusida.
Yosh iqtidor egasi oʻz ustida ishlashdan toʻxtamayotganini va hali mukammallikdan yiroq ekanini tan oldi. Joriy mavsumda 118 ta muvaffaqiyatli dribling bilan ligada peshqadamlik qilayotganiga qaramay, u kamtarlikni saqlab qolgan. "Men ham insonman, xato qilishim mumkin. Agar yomon oʻyin oʻtkazgan boʻlsangiz, buni tan olishingiz va keyingisida qattiqroq ishlashingiz kerak. Bu mavsumda ham yomon oʻyinlarim boʻldi", — deya qoʻshimcha qildi u.
Liverpul rahbariyati Muhammad Salah oʻrnini bosishi mumkin boʻlgan eng munosib nomzod sifatida aynan Diomandeni koʻrmoqda. Futbolchining oʻzi ham avvalroq TikTok orqali Mersisayd klubiga boʻlgan mehrini yashirmagan edi: "Men Liverpul muxlisiman va Anfield maydonida toʻp surishni orzu qilaman. Otam ham bir kun kelib meni oʻsha yerda koʻrishni xohlaydi".
Biroq, ushbu transferni amalga oshirish oson boʻlmaydi. RB Leipzig oʻz yulduzini kamida 100 million yevro evaziga qoʻyib yuborishga tayyor. Futbolchining nemis klubi bilan shartnomasi 2030-yilgacha amal qiladi va klub rahbariyati uni kamida yana bir mavsum jamoada olib qolish niyatida ekanini bildirgan.





























Izohlar 0
…