21:18 / 02.08.2018
2 682

Gollandiya safari yoxud “Ayaks”dan nimalarni o‘rganishimiz kerak?

Gollandiya safari yoxud “Ayaks”dan nimalarni o‘rganishimiz kerak?
O‘zbekiston futbolini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Yevropaning bir qator futboli rivojlangan mamlakatlari bilan yaqin hamkorlikni o‘rnatmoqda va memorandumlar imzolanmoqda. Ana shunday kelishuvlardan biri Gollandiya qirollik futbol ittifoq bilan ham o‘rnatilgan bo‘lib, bugungi kunda uning amaldagi ijrosi ro‘yobga chiqmoqda. 22-27 iyul kunlari “Paxtakor”, “Metallurg”, “Qizilqum”, “Qo‘qon-1912” va “So‘g‘diyona” jamoalarining mutasaddi rahbarlari Amsterdamga tashrif buyurib, u yerda dunyoga mashhur “Ayaks” jamoasi va uning akademiyasidagi ish faoliyati bilan yaqindan tanishib qaytdilar. “Metallurg” klubining sport direktori Shavkat Saidov ham ushbu safardan katta taassurotlar bilan qaytib keldi. Shu bois u biz uchun ko‘rgan-kechirganlari haqida gapirib berdi.

“Ayaks”ning uchta asosiy tamoyili

- Gollandiya safari O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining tashabbusi bilan uyushtirildi. “Paxtakor”, “Qizilqum”, “Qo‘qon-1912”, “Metallurg” va “So‘g‘diyona” jamoalaridan hamda O‘FAdan ham bittadan vakil ushbu safarda bo‘lib qaytdik. Bizni Amsterdamda juda yaxshi kutib olishdi. “Ayaks” stadionining oldidagi mehmonxonaga joylashdik. U yerdan ikki yuz metr nariroqda “Ayaks” klubining akademiyasi joylashgan ekan. U yerda ikki nafar bola tarbiyalanadi. U yerda tushlikkacha asosan seminarlarda qatnashdik. Kunning ikkinchi yarmida esa akademiyaning bir qator yosh toifalaridagi jamoalarning mashg‘ulot jarayonlarini kuzatdik.

Shuningdek, u yerda biz chempionlar ligasi saralashidan o‘rin olgan “Ayaks” hamda Avstriyaning “Shturm” jamoalari o‘rtasidagi o‘yinga ham bordik. Safardan ko‘zlangan asosiy maqsad nima? Asosan “Ayaks” klubining tashkil etilishi, klub akademiyasidagi asosiy e’tiborning nimaga qaratilgani, o‘quv-mashg‘ulot metodikalari, skaut bo‘limining ish faoliyati va shunga o‘xshash masalalar bilan yaqindan tanishdik. Har bir futbol akademiyasining o‘z filasofiyasi bo‘lishi kerak ekan. Shaxsan men uchun bu katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Bilasizmi, “Ayaks” klubi tashkil etilganidan beri shu kungacha bo‘lgan davrgacha klubning o‘yin uslubi o‘zgarmagan.

“Ayaks” doim muxlislarga yoqadigan jamoa bo‘lib kelgan. Masalan, yoshligimizdan “Spartak”, “Paxtakor”, “Dinamo” (Kiyev) kabi jamoalarning o‘yin uslublarini ko‘z oldimizga keltirardik. Xuddi shunday tarzda “Ayaks”ning ham o‘z o‘yin imzosi bor. Biz u yerda bo‘lib shuni yaxshi bildikki, asosiy klubga yoki akademiyasiga qanday murabbiy olib kelinmasin u birinchi navbatda klubning tarixini yaxshi bilishi kerak. Kimlar ishlagan, kimlar nimalarga erishgan, kimlar iz qoldirgan, umuman shunga o‘xshash tarixini bilishi shart. “Ayaks” mana shunday o‘z ana’nalaridan chekinmaydigan katta klub. Bu jamoaning falsafasida uchta asosiy tamoyil bor ekan va ular shunga amal qilisharkan.

Bular:
- 1. Futbolchi to‘pni yo‘qotdimi, u shu zahotiyoq qayerda bo‘lmasin to‘pni olib qo‘yishi kerak.
- 2. To‘p “Ayaks” jamoasida bo‘lganida to‘pning atrofida raqib o‘yinchilariga nisbatan “Ayaks” futbolchilari ko‘proq bo‘lishi lozim ekan. Sababi bu hol vaziyatdan chiqib ketishi uchun ham kerak.
- 3. To‘pni oldingmi, tezroq oldinga qarab o‘ynash.

Akabemiya tarbiyalanuvchilariga e’tibor

- “Ayaks” akademiyasining metodikalarini ham bizga tushuntirib o‘tishdi. U yerda 8 yoshdan bolani qabul qilishadi. 12 yoshgacha futbolchi bilan faqat taktik va texnik tomonlama ishlanadi. 12 yoshdan keyin jismoniy tayyorgarlikka e’tibor qaratiladi. Shuningdek, akademiyada uchta sport turi bo‘yicha ham mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Bular – yengil va og‘ir atletika, dzyudo hamda suzish. Bu sport turlarining murabbiylari haftada bir marta akademiyaning har bir guruhi bilan shug‘ullanadi. E’tiborlisi, “Ayaks”ning asosiy tarkibiga dzyudo mashg‘ulotlari o‘tkazilar ekan.

Bu futbolchining rivojlanishiga va yakkakurashlar uchun juda kerakli uslub ekan. Shu bilan birga akademiyada futbolchilar bilan individual tarzda ishlashga ham alohida e’tibor qaratiladi. Har bir pozitsiyaning o‘z murabbiylari bor. Masalan, hujumchilar, yarim himoyachilar, himoyachilar va darvozabonlar bilan boshqa-boshqa murabbiylar shug‘ullanadi. Masalan, bir guruhda to‘rt nafar hujumchi bormi, ularga alohida murabbiy biriktirilgan. U esa hujumchilarni gol urishga va zarbalarni aniq tepishga o‘rgatadi. Bundan tashqari, 8 yoshdan qabul qilingan har bir bola monitoring qilib boriladi. Har yili ikki marta maxsus komissiya o‘sha bolani monitoringini ko‘rib chiqadi. Masalan, 8 yoshida qanday edi-yu, 10 yoshida qay holatda, kamchiliklari qanday? Agar o‘sha kamchiliklari kamaymayotgan bo‘lsa, yana shuning ustida ishlashadi.

“Ayaks”da bolalarni qanday xususiyatlariga qarab olishadi?

- Biz uchun eng asosiy yangiliklardan biri shu bo‘ldiki, 14 yoki 16 yoshli yigit o‘z yoshiga nisbatan har tomonlama rivojlanib, o‘yin sifati oshgan bo‘lsa, uni o‘z jamoasida ushlab turmasdan darhol o‘zidan katta yoshdagi jamoalarga o‘tkazib yuborishadi. Bizda esa qanday? 16 yoshida o‘sha o‘yinchi o‘z jamoasida o‘zini ko‘rsatib, ajralib tursa uni zo‘r-zo‘r deb yuraveramiz. Vaholanki, o‘z jamoasida unga raqobatchi yo‘q. “Ayaks”da esa bunday paytda o‘sha o‘yinchini tezroq og‘ir mehnatga olib chiqish uchun o‘zidan yuqoridagi jamoalarga o‘tkazib yuborishadi. Agar o‘sha bola asosiy jamoada o‘ynashga tayyor bo‘lsa, shu zahoti qabul qilinadi. U yerda futbol uchun texnologiyalar bor. Har xil turdagi testlar o‘rnatilgan. Klubning Osiyo, Afrika, Yevropa, umuman butun qit’alar bo‘ylab skautlari faoliyat ko‘rsatadi. Ular dunyoning turli burchaklaridan iqtidorlarni izlab yuradilar. Bizda esa bunday yosh o‘yinchilarga kamroq e’tibor beramiz, baribir yoshi katta futbolchilarga tayanaveramiz. “Ayaks”da esa iqtidorli, o‘sib kelayotgan yoshlarni o‘ynatishga qo‘rqishmas ekan. Masalan, “Ayaks” – “Shturm” o‘yinida amsterdamliklarning sardori 19 yoshli futbolchi edi.

Hozirgi kunda unga “Bavariya”, “Barselona” kabi klublar xaridor bo‘lib turishibdi. Xullas, u yerda yuqorida aytganimdek, filasofiyaga katta e’tibor qaratishadi. Shu bilan birga ular doim kuchli mutaxassislarni jalb qilishadi. Futbolchi qobilyatli bo‘lmasin, agar murabbiy o‘z ishining ustasi bo‘lmasi, bari befoyda deb o‘ylashadi. “Ayaks”da murabbiylarni tanlashga ham alohida e’tibor qaratishadi. U o‘sha klubning filasofiyasini chuqur bilishi lozim. Akademiyada bolalarni qanday kriteriyalar bo‘yicha qabul qilasizlar deb so‘radik va ma’lum bo‘lishicha. asosan texnikasi hamda tez fikrlash qobiliyatiga qarab olishadi, qolgan jihatlari esa ikkinchi darajali hisoblanadi. O‘z navbatida ular bizdagi futbol bilan ham qiziqishdi. Endi sentyabr oyida “Ayaks”dagilar O‘zbekistonga tashrif buyurishadi. Biz bu safar davomida o‘zimiz uchun ko‘p narsalarni oldik. Amsterdamning eng chiroyli joyi – bu “Amsterdam Arena” stadioni ekan. U yerda muxlislik madaniyati ham yuqori darajada. “Shturm”ga qarshi o‘yin davomida biror insonning sigareta chekkanini yoki tartibni buzganini ko‘rmaysiz.


“Ayaks” akademiyasida murabbiy – ota, do‘st va qattiqqo‘l

- “Ayaks”da yana bir e’tiborimizni tortgan narsa shu bo‘ldiki, asosiy jamoaning o‘yin sxemasi 4-3-3 ko‘rinishida bo‘lsa, akademiyasining barcha yoshdagi jamoalari ham xuddi shu taktikaga moslashadi. Masalan, bizda 10 yoshli futbolchilarning murabbiyi boshqa taktikada, 14 yoshli jamoaning murabbiyi yana boshqa uslubni qo‘llashi mumkin. Biz esa ulardan nima uchun bunday deb so‘raganimizda, asosiy maqsadimiz bosh jamoaga tayyor futbolchilarni yetkazib berish deyishdi. Masalan, o‘ng qanot himoyachisi 8 yoshidanoq qanday o‘ynash, qanday taktika bo‘yicha harakatlanishni bilsa, asosiy jamoaga kelganda esankirab qolmaydi, chunki u qanday o‘ynashni biladi deb aytishdi. Shu boisdan ham akademiya tarbiyalanuvchilari doimiy tarzda monitoring qilib boriladi. Shuningdek, akademiya murabbiylari har yili o‘zgartirilar ekan. Endi shuni har olti oyda qo‘llashmoqchi.

Buning sababi shundaki, futbolchilar istalgan murabbiy bilan ishlashga ko‘nikishlari lozim. Chunki bu – hayot, unda doim murabbiylar o‘zgarib turadi. Shuning uchun murabbiyni o‘zgartirib turishlarining asosiy sababi shu. 8 yoshdan qabul qilingan murabbiy dastlab otadek bo‘lishi, 12 yoshdan keyin esa murabbiy do‘stga aylanadi. 16 yoshdan so‘ng esa qattiqroq murabbiy lozim bo‘ladi. Chunki futbolchining o‘tish davrida nazoratni ancha kuchaytirishadi. Bu nozik masala. Bundan buyog‘iga o‘sha bolani katta hayotga tayyorlash ham zarur hisoblanadi. Ularning fikricha, bir bola bilan murabbiy 10 yil birga ishlamaydi. Yuqorida aytganimdek, bolalarning o‘z yosh toifalariga qarab turli murabbiylar tayinlanadi. Ishda professionallikka ham juda katta ahamiyat beriladi.


“Ayaks” afsonalari bilan uchrashuvlar

- Safar davomida Edvin Van der Saar, Mixael Raysiger, Ronald De Bur kabi “Ayaks”ning afsonalari bilan uchrashdik. Aytishim kerakki, ular bilan ancha gaplashib o‘tirdik, kerakli bilimlari bilan o‘rtoqlashdilar. Darvoqe, “Paxtakor” bosh murabbiyi Shota Arveladze safar davomida bir qator tashkiliy ishlarimizga Toshkentdan turib yordam berib turdi. Masalan, Arveladzening taklifi bilan Ronald De Bur biz bilan uchrashdik. U bilan ancha gaplashdik va qanday takliflar va savollar bo‘lsa bemalol javob beraman deya, mazmunli suhbat qurdik. Bir so‘z bilan aytganda, Gollandiyaga safarimiz juda ajoyib va sermazmun tarzda o‘tdi.
Shuhratbek Jo‘rayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Gollandiya safari yoxud “Ayaks”dan nimalarni o‘rganishimiz kerak?