
Yevropa futbol maydonlarida yangi bahs-munozara boshlandi. Irlandiya futbol assotsiatsiyasi (FAI) yig‘ilishida qabul qilingan qarorga ko‘ra, tashkilot UYEFAga rasmiy ravishda murojaat qilib, Isroil klublarini Yevropa musobaqalaridan chetlatishni so‘radi. Bu haqda Sky News ma’lum qildi.
FAIning fikricha, Isroil jamoalarining turnirlarda qatnashishi UYEFA nizomlariga zid hisoblanadi. Assotsiatsiya, shuningdek, Isroil futbol federatsiyasini «irqchilikka qarshi samarali siyosat yuritmayotgani»da aybladi. Isroil esa bu ayblovlarni rad etdi va o‘z pozitsiyasini qonuniy deb hisoblashini bildirdi.
FAI tomonidan qabul qilingan rezolyutsiya 74 ta ovoz bilan qo‘llab-quvvatlandi. 7 kishi qarshi chiqdi, yana 2 kishi betaraf qoldi. Qarorga ko‘ra, Isroil klublari falastinliklar nazoratidagi hududlarda Falastin futbol assotsiatsiyasining roziligisiz faoliyat yuritgani, bu esa xalqaro sport qoidalariga zid ekani qayd etilgan.
Qizig‘i shundaki, mazkur tashabbusni ilk bo‘lib Dublinning “Bogemian” klubi ilgari surgan edi. Ular bu orqali Yevropada futbol orqali adolat va tinchlikni talab qilishni maqsad qilganini bildirgan.
Hozircha UYEFA bu masala yuzasidan rasmiy munosabat bildirmadi. Ammo sport tahlilchilariga ko‘ra, agar ushbu murojaat jiddiy ko‘rib chiqilsa, bu Yevropa futbol siyosatida katta bahs va mojarolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi oylarda sport dunyosida Isroilning xalqaro musobaqalardagi ishtiroki masalasi bir necha marta ko‘tarilgan. Ayrim mamlakatlar sportda siyosatga o‘rin yo‘q, deb hisoblasa, boshqalar tinch aholiga nisbatan harakatlar sportga ham ta’sir etishi kerakligini ta’kidlamoqda.
Endi barcha nazarlar UYEFA qarorining qay tarzda bo‘lishiga qaratilgan — bu masala nafaqat sport, balki diplomatik maydonda ham muhim sinovga aylanishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!