
Suriya yetakchisi Ahmad ash-Shar’a AQSH poytaxti Vashingtonga rasmiy tashrif bilan keldi, deb xabar berdi davlat axborot agentligi SANA. Bu tashrif 1946-yilda Suriya mustaqillikka erishganidan buyon mamlakat rahbari tomonidan Amerikaga amalga oshirilayotgan ilk rasmiy safar sifatida tarixga kirdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Ahmad ash-Shar’a 10-noyabr kuni Oq uyda AQSH prezidenti Donald Tramp bilan muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan. Uchrashuv davomida ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy va iqtisodiy munosabatlarning yangi bosqichga olib chiqilishi, xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, mintaqadagi terrorchilik guruhlariga qarshi kurashish masalalari muhokama etilishi kutilmoqda.
Manbalar ta’kidlashicha, tashrif oldidan Vashington va Damashq o‘rtasidagi munosabatlarda sezilarli iliqlik kuzatila boshlagan. 7-noyabr kuni AQSH ma’muriyati Ahmad ash-Shar’aga nisbatan joriy etilgan shaxsiy sanksiyalarni bekor qilgan edi. Buning ortidan BMT Xavfsizlik Kengashi ham Suriya prezidentiga nisbatan xalqaro cheklovlarni olib tashlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Tahlilchilar fikricha, bu voqea Suriya va AQSH o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarning yangidan tiklanish bosqichiga qadam bo‘lishi mumkin. Ayrim xalqaro ekspertlar buni «o‘zaro ishonchni tiklash yo‘lidagi ilk ramziy qadam» sifatida baholamoqda.
Vashingtondagi muzokaralar orqali ikki davlat nafaqat siyosiy munosabatlarni yaxshilash, balki iqtisodiy hamkorlik va gumanitar yordam sohalarida ham yangi sahifa ochishi kutilmoqda. Siyosiy kuzatuvchilar bu tashrifni «Suriya tashqi siyosatining yangi yo‘nalishi boshlanishi» deb atadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!