date

O‘zbekiston U-17 sardori Baxodirxonov: “Irlandiya bizdan kuchli emasdi”

O‘zbekiston U-17 sardori Baxodirxonov: “Irlandiya bizdan kuchli emasdi”

Jahon chempionati “J” guruhidan o‘rin olgan ikkinchi bahsda Irlandiya o‘smirlariga qarshi kurashda mag‘lubiyatga uchragan O‘zbekiston U-17 terma jamoasi sardori Mo‘minxon Baxodirxonov o‘yindan so‘ng jurnalistlar bilan suhbatda bo‘ldi. U bellashuvdagi xatolar, jamoa harakatlari va raqib haqidagi fikrlarini ochiq bayon etdi.

Baxodirxonovning so‘zlariga ko‘ra, jamoa maydonga faqat g‘alaba uchun tushgan, biroq himoyadagi ayrim noxush xatolar natijani belgilab bergan.

“Biz o‘yinga g‘alaba maqsadida kirdik, o‘z uslubimizga tayanib harakat qildik. Ammo himoyadagi bir nechta xatolar bizga qimmatga tushdi. Irlandiya jamoasining ikkinchi qavatda yaxshi o‘ynay olishini oldindan bilardik, lekin ayrim vaziyatlarda himoyachilarimiz bir-biri bilan to‘liq muloqot qilmagani sababli to‘pni o‘tkazib yubordik. Bu biz uchun katta saboq bo‘ldi. Hali yoshmiz, bunday o‘yinlar kelajakdagi tajribamizni oshiradi,” — dedi u.

Sardor jamoa ruhiyati va harakatini ijobiy baholadi. Uning fikricha, futbolchilar maydonda bor kuchini ishga solgan, biroq ba’zi passivlik holatlari g‘alabaga to‘sqinlik qilgan.

“Bizning jamoa aslida yaxshi harakat qildi. Himoyada ham, hujumda ham imkoniyatlar yaratdik. Biroq ba’zi vaqtlarda o‘yindagi tanaffuslar, kutilmagan pauzalar ritmni buzdi. Bu bizga ta’sir qildi. Shunday bo‘lsa ham, yigitlar bor kuchini berdi, maydonda jang qildi,” — deya ta’kidladi Baxodirxonov.

Sardorning ta’kidlashicha, o‘yin davomida u jamoadoshi Musaxonovning vazifalarini ham bajarishga majbur bo‘lgan.

“Har bir o‘yin oldidan murabbiylar raqib haqida to‘liq ma’lumot berishadi. Irlandiyaning 9 va 11-raqamli o‘yinchilari faol ekanini bilardik. Shu sabab ularni nazorat qilishga katta e’tibor qaratdik. Musaxonov bugun juda yaxshi o‘ynadi, raqibga deyarli imkoniyat qoldirmadi. Men esa u ko‘proq oldinga chiqqanda uning orqasini yopishga harakat qildim,” — dedi u.

Baxodirxonov birinchi goldan so‘ng jamoa biroz bo‘shashib qolganini ham tan oldi, ammo bu Irlandiyaning kuchliligi emas, balki yoshlik ehtiyotsizligi natijasi bo‘lganini qayd etdi.

“Gol urganimizdan so‘ng o‘z o‘yinimizda shoshma-shosharlik boshlandi. Bu yoshlikning belgisi. Har bir jamoa goldan keyin ruhlanadi, biz ham ikkinchi golni urishni xohladik, ammo ayrim vaziyatlarda shoshdik. Bundan Irlandiya yaxshi foydalandi. Ular to‘pni ko‘proq nazorat qildi, ammo haqqoniy jihatdan aytish kerak — ular bizdan kuchli emasdi, faqat xatolarimizdan unumli foydalandi,” — deya qo‘shimcha qildi sardor.

Baxodirxonov suhbat yakunida murabbiylar shtabi tomonidan har bir raqib uchun puxta tayyorgarlik ko‘rilayotganini, jamoa esa bunday musobaqalar orqali faqat o‘sishni maqsad qilganini ta’kidladi.

“Murabbiylarimiz har bir bahs oldidan raqibni chuqur o‘rganishadi va kerakli ko‘rsatmalarni berishadi. Biz esa ularni maydonda to‘liq bajarishga harakat qilamiz. Bu mag‘lubiyat biz uchun dars bo‘ladi. Oldinda yana o‘yinlar bor, Irlandiya bilan yana duch kelishimiz mumkin. O‘shanda bundan yaxshiroq natija ko‘rsatamiz,” — dedi Mo‘minxon Baxodirxonov ishonch bilan.

O‘zbekiston o‘smirlar termasi endi guruh bosqichidagi hal qiluvchi bahsni Panamaga qarshi o‘tkazadi. Jamoa g‘alaba qozonsa, pley-off yo‘llanmasiga yaqinlashadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston U-17 sardori Baxodirxonov: “Irlandiya bizdan kuchli emasdi”