
Qatardagi jahon chempionatida Paragvayni 2:1 hisobida mag‘lub etgan O‘zbekiston U-17 terma jamoasi futbolchilari Sofascore nashri tomonidan yuqori baholandi. Murabbiy Islom Ismoilov shogirdlari safida bir qator futbolchilar alohida ajralib turdi.
Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb ikki gol muallifi Azizbek Abdumo‘minov topildi — u 8.5 ball to‘pladi. Hujumchi nafaqat samarali harakatlari, balki butun o‘yin davomidagi faolligi bilan ham ajralib turdi.
Shuningdek, jamoa sardori Mo‘minxon Bahodirxonov ham 7.0 ball bilan yetakchilardan biri bo‘ldi. Darvozabon Ne’matulloh Rustamjonov bir necha xavfli zarbalarni qaytarib, 7.0 ball oldi.
Muhammad Musaxanov (7.7), Muhammad Habibullayev (7.1) va Azizbek Erimbetov (6.5) ham ishonchli o‘yin ko‘rsatishdi. Himoya chizig‘ida Muhammad Hakimov (6.9) va Abdulmalik Anvarov (6.7) mustahkam o‘yin namoyish etdi.

Zahiradan maydonga tushgan Behruz Saidmurodov (6.6) va Asilbek Aliyev (5.9) o‘yinning oxirgi qismida jamoa ritmini ushlab turishga hissa qo‘shdi.

Islom Ismoilov boshchiligidagi jamoa umumiy hisobda juda jamoaviy va intizomli o‘yin ko‘rsatdi. Birinchi turdagi bu g‘alaba nafaqat ochkolar, balki ishonch nuqtayi nazaridan ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Murabbiy shogirdlari endi 8-noyabr kuni Irlandiyaga qarshi o‘yinda maydonga tushishadi. Ushbu bellashuv guruhdagi taqdirni belgilab berishi mumkin bo‘lgan muhim bahs bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!