«So‘g‘diyona» jamoasi ikkinchi davrani ko‘tarinki ruhda o‘tkazayotgani uchun endilikda ularda bronza uchun kurashish imkoniyati ham paydo bo‘ldi. Bunga yarasha tarkibda tajribali o‘yinchilardan biri sifatida Jasur Hasanovning ham taklif etilgani jizzaxliklarning o‘yinini sezilarli darajada kuchaytirayotgani o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Ma’lumki, ushbu o‘yinchi chempionatni AGMKda boshlab, birinchi davra tugamasidanoq u yerdan ketgandi.
O‘shanda Hasanovning olmaliqliklar safidan ketishi kutilmagan holat bo‘lgandi. Keyinchalik futbolchi o‘zi tug‘ilib o‘sgan Jizzaxga qaytib, «So‘g‘diyona» uchun to‘p surishga rozilik bildirdi. Ushbu o‘yinchi bilan anchadan beri suhbatlashishni rejalashtirib yurgandik. O‘tgan turda «So‘g‘diyona» o‘z uyida AGMK ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozonganidan so‘ng nihoyat, Jasur Hasanov bilan o‘zimiz istagan mavzularda suhbatlashishga erishdik.
- Sobiq jamoangiz – AGMKga qarshi uchrashuvda «So‘g‘diyona» chindan ham mardonavor o‘yin namoyish etib, yakunda haqli ravishda uch ochkoni qo‘lga kiritdi. O‘sha bahs haqida nimalarni ayta olasiz?
- AGMKning hozirgi paytda turnir jadvalidagi holati og‘ir. Ular bu uchrashuvga «nastroy» qilib kelishgan. Oldingi turda ular «Paxtakor»ga yutqazishdi va Jizzaxdan ochko olishmoqchi edi. Biz esa bu to‘qnashuv qiyin kechishini bilardik. Men ham, bosh murabbiy Ulug‘bek Baqoyev ham futbolchilarning ruhini ko‘tardik. «So‘g‘diyona»ga esa AGMKdan kelganman. Maydonda esa yigitlarga men dalda berib turdim. Biz o‘yinga juda yaxshi tayyorlangandik. Ayrim paytlarda imkoniyatlardan foydalana olmadik. Lekin uchrashuv oxirida baribir omad biz tomonda bo‘ldi.
Shaxsan men mana shunday o‘yinlardan zavqlanaman. AGMKga nisbatan hurmatsizlik qilmoqchi emasman, ammo bu jamoani yutganimizdan zavqlandim. To‘g‘risi, Olmaliqdan bekordan-bekorga ketganim yo‘q. U yerni tark etganimdan beri hali hech kimga intervyu ham bermagandim. Arqonni uzun tashlab qo‘ygandim, vaqt o‘tsin deb. Bemalol aytishim mumkinki, AGMKdan yuzim yorug‘, «tilim uzun» bo‘lib ketdim. Aslida bu klubdan ketganimdan so‘ng oldimda 2-3 ta yaxshi variantlar ham bor edi. Hammasini o‘ylab chiqqanimdan so‘ng «So‘g‘diyona»ni tanladim.
- Ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘yindan so‘ng yechinish xonasida o‘yin-kulgu rosa avjiga chiqqani va «So‘g‘diyona» futbolchilarining g‘alabani tantana qilgan holda raqslarga tushishgan videosi tarqaldi. Aslida har bir uchrashuvdan keyin yechinish xonasida mana shunday tarzda bayramona muhit hukm suradimi yoki aynan o‘sha kuni vaziyat shunday bo‘ldimi?
- Har g‘alabadan keyin yechinish xonamizda bayram bo‘ladi-yu, ammo hali AGMKni yutganimizchalik bayram bo‘lmagandi. O‘yindan-o‘yinga muxlislarimiz ham ko‘payib borishyapti. O‘sha kuni uchrashuv tugashi bilanoq maydonning o‘zida muxlislarimiz bilan bayram qilishni boshladik. Keyin yechinish xonamizda ham bayramni nishonladik.
- «So‘g‘diyona» mavsumni yaxshi boshlay olmagan klublardan biri edi. Lekin klubda vaqtida yuz bergan o‘zgarishlar o‘z samarasini beryapti. Ayniqsa, ikkinchi davrani ajoyib ruhda o‘tkazmoqda. Hattoki, klubning oldida uchinchi o‘ringa kurashish imkoniyati ham paydo bo‘ldi. Natijada chempionatimizda «So‘g‘diyona» orqali yana bir intriga yuzaga kelmoqda.
- Yilning boshida men «So‘g‘diyona» tarkibida emasdim. Balki AGMK jamoasida edim. Bilaman, bir nechta turdan keyin Ulug‘bek Baqoyevni olib kelishgan. Bu murabbiy o‘yindan keyin borgan sari jamoa o‘yini kuchayib borayotganini va har bir raqibga hurmat bilan munosabatda bo‘layotganini aytdi. Men ham yigitlarni ruhlantirayotgan shu gaplarni aytaman va qanday bo‘lmasin yutishimiz kerak deb, bir-birimizni ruhlantiramiz. Ikkinchi davrada jamoamiz oldiga kuchli oltitalikka kirish vazifasi qo‘yilgandi. Ammo ayni paytga kelib biz yanada maksimal natijani ko‘zlayapmiz.
Baqoyev bilan oldin maydonda birga ham o‘ynaganmiz. Lekin futbolchilik paytida boshqa edi. Hozir esa u murabbiy. O‘yin paytida esa qattiqqo‘l, bizdan talab qiladi. Bu futbolning bir bo‘lagi. Ammo uchrashuvdan so‘ng hamma bilan xotirjam va iliq munosabatda bo‘ladi. Uni jamoada hamma hurmat qiladi. Chunki murabbiyga ko‘p narsa bog‘liq. Agar ikkita futbolchiga boshqacha qarab, to‘rttasiga boshqacha munosabatda bo‘lsa, u holda jamoa shakllana olmaydi. Baqoyevni esa yaxshi bilaman. Uning o‘ziga xos prinsiplari bor. O‘yin chog‘ida esa haqiqiy rolga kiradi hamda vazifasini bajaradi.
- Demak, «So‘g‘diyona» bir bosh baland sakragan holda katta marrani ko‘zlayapti, shundaymi?
- Albatta. O‘yindan-o‘yinga yutib boraversak, ishtiyoq ham o‘sadi va muxlislarimizning daldasi ham boshqacha bo‘ladi. Biz kim uchun o‘ynaymiz? Faqat ishqibozlar uchun. Ularning olqishlari esa bizga katta kuch beryapti.
- Futbolda bir o‘yinchi hech nima qila olmasligi mumkin. Biroq ikkinchi davrada klubga qo‘shilganingiz «So‘g‘diyona»ga katta foyda keltirayotganini ham ko‘p eshityapmiz. Har holda o‘zingiz ham jizzaxlik bo‘lganingiz uchun ona shahringiz jamoasiga yordam berishni istaganingiz tabiiy. Hozirgi paytga kelib ushbu klubda to‘p surayotganingiz faoliyatingizning oxirgi damlari o‘tayotganini bildiradimi?
- Qaysi jamoaga borsam ham o‘z oldimga vazifa qo‘yaman: yaxshi o‘ynash va sovrinli o‘rinlarni egallash. Men sovrin yutishni yaxshi ko‘raman. Men haqimda turli gaplarni ham tarqatishgan. Masalan, pul uchun u yerga yoki bu yerga bordi deyishgan. Lekin gap pulda emas. Pul bugun bor bo‘lsa, ertaga yo‘q bo‘ladi. Jizzaxni tanlaganim shuki, bu mening tug‘ilib o‘sgan shahrim. Baribir qachondir bu jamoani ham ko‘tarishimiz kerak edi. Ishonch uchun rahbariyatga, murabbiyga va muxlislarga minnatdorchilik bildiraman.
- Aslida AGMKdan ketishingiz nima bilan bog‘liq edi?
- Ketishimning hech qanaqa sababi yo‘q. Futbolda har xil vaziyat bo‘ladi. Kimnidir ketgisi yoki qolgisi keladi. Jamoada shunday vaziyat bo‘ldiki, men bunga chidab tura olmasdim. Shu bois o‘zim rahbariyatdan meni qo‘yib yuborishlarini so‘radim. Chunki o‘tgan yilgi AGMK bilan bu yilgi AGMK boshqacha. Tarkibga qarang-chi, o‘tgan yilgi futbolchilardan kim o‘ynayapti? Bitta Zafar Polvonov o‘ynayapti. O‘tgan yili AGMK osongina O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritdi deb ham gapirishdi. Ammo biz hammasiga mehnatimiz bilan erishdik. O‘tgan yili bizda jamoa bor edi. Biz bitta oila edik. Shuning hisobiga O‘zbekiston Kubogini yutganmiz. Boya aytganimdek, AGMKdan yuzim yorug‘ va «tilim uzun» bo‘lib ketdim.
- AGMK bu yil tarkibda jiddiy o‘zgarishlarni qildi. Legionerlar ham olib kelindi. Ammo hozirgi paytda jamoa egallab turgan o‘rni mutlaqo qoniqarli emas. Siz esa o‘z jamoangiz bilan umuman boshqa o‘rindasiz…
- Hozir aytdim-ku, futbol jamoaviy o‘yin. Bir o‘zim hech nima qila olmayman va 11 nafar raqibni yutolmayman. «So‘g‘diyona»da esa jamoa bor. Jamoa – bu nima? Bir oila.
- Ayting-chi, «So‘g‘diyona»ga qaytishingizning asosiy sababchisi kim bo‘ldi?
- Birinchi davra tugashiga uchta tur qolganida Olmaliqdan butunlay ketgandim. Menga birinchi bo‘lib, Ulug‘bek Baqoyev aloqaga chiqdi. O‘zing tug‘ilib o‘sgan shahring, jamoaga yordam bersang men ham, halq ham xursand bo‘ladi, o‘ylab ko‘r dedi. Yakunda hammasini o‘ylab ko‘rib «So‘g‘diyona»ni tanladim. Muxlislarni hurmat qilgan holda shu klubni tanladim va buning sababchisi Ulug‘bek Baqoyev bo‘ldi.
- Faoliyatingiz davomida bir qator jamoalarda o‘ynadingiz va legioner sifatida ham xorijda to‘p surdingiz. Qaysi klubda o‘zim istagan darajada maza qilib futbol o‘ynaganman deb ayta olasiz?
- Men darhol uchta jamoani aytaman: «Navbahor», «Nasaf» va «Bunyodkor». Jizzaxdan ketib, «Navbahor»da davom ettirgandim. Ularning muxlislari qanday va jamoasi qanaqa, juda yaxshi bilaman va ularni haligacha hurmat qilaman. Namanganda futbol bo‘lgan va bundan keyin ham bo‘ladi. «Bunyodkor»da 6-7 yil to‘p surdim. Futbolchining o‘zida ishtiyoq bo‘lsa, u borgan sari «ochilib» boraveradi. «Nasaf»ni ham alohida ta’kidlab o‘taman. Qarshida bir yil o‘ynagan bo‘lsam, yaxshi xotiralar qoldi. U yerda doim yaxshi jamoa bor. 2017 yili ikkinchi o‘rinni oldi. Chunki jamoa bor. Jamoa bor joyda esa natija bo‘ladi. Hamma bir oila.
- Shuningdek, qiziqarli kechgan faoliyatingiz davomida bir qancha murabbiylar bilan ham ishlagansiz. Shunday ekan, o‘zingiz birga ishlagan va sizga yoqqan uch nafar murabbiyni ham ayta olasizmi?
- Ro‘ziqul Berdiyev, Vadim Abramov va Ulug‘bek Baqoyev. Bular men uchun alohida ahamiyatga ega. Chunki ular futbolchilar bilan qanday gaplashishni bilishadi. Jamoani o‘ziga keltira oladilar.
- «Bunyodkor»da o‘ynagan paytingizda jahonga mashhur Luis Felipe Skolari bilan ham birga ishlagansiz va o‘shanda u o‘yiningizni o‘zgartira olgandi…
- Bu murabbiyga alohida minnatdorchilik bildiraman. To‘g‘ri u o‘sishimga va o‘yindan-o‘yinga kuchayib borishimga sababchi bo‘lgandi.
- U ketganidan keyin ham gaplashib turdingizmi yoki aloqa uzilganmi?
- U ketganidan keyin men Qatarga yo‘l oldim. O‘shanda o‘zimizdagi tarjimonlar yordamida Skolari bilan salom-alik qilgandik. Shundan so‘ng boshqa aloqa qilmadik.
- U top-saviyadagi murabbiy sanaladi. Ayting-chi, bu kabi murabbiylar qanday xususiyatlari bilan boshqalardan ajralib turishadi?
- Xorijlik murabbiy O‘zbekistonga qanday taktika olib kirishi mumkin? Tezkor futbol, tezkor o‘ylash…Xorijdagi top-klublarda ham murabbiylar almashadi. Nima uchun? Hammasi natijaga borib taqaladi. Uzoqqa bormaylik, o‘zimizning chempionatimizda mavsum boshidan beri nechta murabbiy almashdi? Doim murabbiyga hamma narsa bog‘liq. Shuning uchun ham uchrashuvdan keyin savol-javobga kiradigan ham murabbiy.
Murabbiy ko‘rsatma beradi, ammo maydonda biz futbolchilar o‘ynaymiz. Lekin hamma har xil. Buni tajribamdan kelib chiqib aytyapman. 20 yil bo‘lyapti futbol o‘ynayotganimga. Kimgadir murabbiyning taktikasi tushadi, kimgadir tushmaydi. Murabbiy jamoa va futbolchilar bilan qanday munosabat o‘rnata olishiga ham ko‘p narsa bog‘liq. Istalgan futbolchi murabbiyning bergan ko‘rsatmasiga qarab o‘ynaydi. Lekin murabbiylarning murabbiyisi ham bor.
- Shuningdek, milliy terma jamoamizda ham samarali faoliyat olib borgansiz. Shu bois terma jamoamiz haqida ham so‘ramasak bo‘lmasdi. Ektor Kuper boshchilik qilayotgan jamoamiz haqida fikringiz qanday?
- Terma jamoada ham bir qator murabbiylar bilan ishlaganman. Bizning asosiy maqsadimiz nima? Jahon chempionatiga chiqish. Hamma mundialga borishni orzu qiladi. Bu yo‘lda esa terma jamoamizga faqat omad tilayman. O‘zbekistonning jahon chempionatiga chiqishiga astoydil tilakdoshman. Masalan, men Ektor Kuper bilan ishlamaganman va ko‘rishmaganman. Uni asosan televizorda ko‘rganman va eshitganman. Tilagim bitta: terma jamoamiz albatta jahon chempionatiga chiqsin.
- Futbolchilikni tugatganingizdan keyin qandaydir ish bilan shug‘ullanish borasida rejalaringiz ham bormi?
- Ha, rejalarim bor. Hozircha bu sir. Xudo kuch-quvvat bergani uchun o‘ynab turibman. Futbolni tugatganimdan keyin yo biznesda ishlarman yoki futbolda qolarman (kuladi).
- Yuqorida sovrin yutish uchun kelganman dedingiz. Hozirda esa «So‘g‘diyona» bilan shunga qarab ketyapsiz. Vaziyatga real qarasak, bronzani qo‘lga kiritishinglarga qanchalik ishonasiz?
- Bu – futbol. Oldimizda hali 8 ta tur bor. Men Jizzaxga birinchi navbatda sovrin yutgani, ikkinchidan jamoani shakllantirish uchun ham kelganman. O‘yindan-o‘yinga kuchayib, yutayotgan jamoaga kim halaqit beradi? Hammasi o‘zimizga bog‘liq. Borgan sari yuqorilab boryapmizmi, endi pastga tushmasligimiz kerak. Maqsadimizga erishish uchun astoydil harakat qilamiz.
Shuhratbek Jo‘rayev
Manba: Sports.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi