"Pari Sen-Jermen" bosh murabbiyi Luis Enrike klubni yangi mavsum oldidan kuchaytirish jarayonida katta muammolar va jiddiy mas’uliyatlar borligini ochiq bayon qildi. Ispaniyalik mutaxassisning ta’kidlashicha, transfer bozorida kerakli o‘yinchi topish nafaqat moliyaviy jihatdan, balki sportchilik va shaxsiy fazilatlar nuqtayi nazaridan ham o‘ta murakkab jarayon hisoblanadi.
"PSJ uchun futbolchi topish hech qachon oson bo‘lmagan va bugun ham shunday. Jamoaga qo‘shiladigan har bir o‘yinchida bir nechta asosiy omillar uyg‘un bo‘lishi zarur: uning shaxsiy fazilatlari, katta mablag‘lar bilan bog‘liq talablar va eng muhimi, ulkan bosimga chidamliligi. Chunki siz futbolchi uchun katta pul to‘lasangiz, undan kutiladigan natija va bosim yanada oshadi", – dedi Enrike.
Uning fikricha, "Pari Sen-Jermen" tarkibida shiddatli raqobat bor va har bir yangi futbolchi bu muhitga moslashishi shart. Shunday ekan, klub har bir qarorni uzoq muhokama qiladi, chuqur tahlil qiladi va kerakli nomzodni topishda shoshqaloqlikka yo‘l qo‘ymaydi.
"Biz jamoamizga ishonamiz. O‘tgan mavsumda bu ishonch yanada mustahkamlandi. Hozir ham xotirjam ishlayapmiz, har bir qarorni puxta tahlil qilyapmiz. Bizga kerakli futbolchilarni topish oson emasligini yaxshi anglaymiz, ammo bu vazifadan qochmaymiz", – deya qo‘shimcha qildi tajribali murabbiy.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!