11:08 / 12.09.2019
2 986

Negativ. Milliy terma jamoada o‘zgarish kerak

Negativ. Milliy terma jamoada o‘zgarish kerak
O‘zbekiston terma jamoasi qatorasiga ikkinchi marta jahon chemponati saralashidagi ikkinchi bosqichni mag‘lubiyat bilan boshladi. Hatto 2-o‘rin bilan ham keyingi bosqichga chiqish kafolati yo‘qligi, terma jamoa o‘yinidagi nursizlik, ayniqsa, umidsizlik vaziyatni o‘nglash uchun keskin qarorlarga ehtiyoj yaratadi. E’tiborli jihati, vaziyatga har tomondan qaraganimizda ham, biror bir ijobiy jihatni ko‘rmaymiz.

Ektor Kuper
Chetdan qarab ham payqash qiyin emaski, hozir, aytaylik, Osiyo Kubogidan oldingi Kuperdan asar ham yo‘q. Biz uni Superliga o‘yinlarida tez-tez ko‘rmayapmiz, jamoa o‘yinida yangi chizgilar ko‘zga tashlanmayapti, hatto o‘yin paytida futbolchi almashtirishda ham aniq yo‘nalishni sezish qiyin bo‘lib qolgandek.

2009 yilda Karlo Anchelotti «Chelsi»ga kelib, ham chempionatni, ham kubokni qo‘lga kiritadi, ammo kelasi yili, 2-o‘rinni olgan bo‘lsa-da, londonliklar g‘oliblik uchun deyarli kurashishmaydi, umuman ambitsiyalar borasida o‘sha faol Anchelottini tanib bo‘lmay qolgandi go‘yo. Mavsum oxirida u «Chelsi»dan ketadi. O‘shanda mutaxassislar bu o‘zgarishning boshlanishini avvalroq bo‘lib o‘tgan voqeada ko‘rishgan – yozda Abramovich murabbiy yordamchilaridan birini ishdan bo‘shatib yuborgandi. Nima sabab, esimda yo‘q, lekin bu Anchelotti bilan maslahatlashmasdan turib, amalga oshirilgan. Tabiiyki, klubda nafaqat murabbiy, balki menejer sifatida ko‘rilgan Karlo uchun bu salbiy holat bo‘lgan, balki aynan o‘shanda uning «Chelsi»dagi o‘z kelajagiga bo‘lgan qiziqishi pasaygan bo‘lishi ehtimoli yuqori.

Albatta, Kuper o‘z o‘rnida, uning boshqaruv doirasi o‘zgargani yo‘q, hech kim uning ishiga aralashmaydi ham, ammo argentinalik mutaxassisni O‘zbekistonga taklif qilgan jamoa allaqachon O‘FAdan ketgan. Hatto o‘sha muzokaralarda o‘rtada turgan San’at Sharipov ham endi O‘FAda ishlamayapti. Yangi rahbariyat bilan muloqot avvalgidek bo‘lmasligi tabiiy. Yo‘q, gap sharoitda emas, shartnomaga mos ravishda bugungilar ham o‘z tomonidan barcha talablarni bajarayotganliklari shubhasiz, gap vaziyatning ruhiy tomonida – ishonchda. Kuper o‘z atrofida unga ishonadigan, doimiy qo‘llab-quvvatlab, muvaffaqiyatsizligini o‘zinikidek qabul qiladigan katta guruhni his qilmayapti balki.

Uning ishiga hech kim aralashmagan taqdirda ham, endi Kuper vaziyat qiroliga aylana olmayapti, har bir gapi bajarilishi kerak bo‘lgan qonundek yangramayapti, atrofidagi hamma uning O‘zbekistonni kuchaytirishi mumkinligiga ishonayotganini ham sezgani yo‘q. Birinchidan, terma jamoa natijalari u qadar zo‘r emasligi, ikkinchidan, unga ishonib olib kelganlar hozir tashkilotda yo‘qligi mana shunday negativ holatni yuzaga keltirgan bo‘lishi tabiiy.

Oqibatda, u vaziyatlarga ancha befarq bo‘lib qolgan, allaqachon iste’foga o‘zini tayyorlayotgan bo‘lishiyam mumkin, eng yomoni, agar bu yo‘l bersa, o‘z g‘oyalarini isbotlash imkoniyatidan mahrum bo‘lganidan o‘kinib ham o‘tirmaydi, hammasini sokin va xotirjam qabul qiladigan kayfiyatda. Menimcha.

O‘FA
Assotsiyatsiyaning yangi rahbarlari uchun ham Kuper eng muammoli meroslardan biri. Birinchidan, bugungi terma jamoamiz va maqsadimiz uchun mos kelyaptimi, vaziyatni o‘nglay oladimi, bu alohida savol. Ikkinchidan, bu murabbiyni bo‘shatib yuborish ham oson emas – shartnomaga ko‘ra, yaxshigina kompensatsiya to‘lashga to‘g‘ri keladi.

Men bir necha oy oldin «Fishka. Rostan yaxshi yolg‘onlar» sarlavhasi bilan maqola yozgandim. O‘shanda rahbariyat o‘zgarmagandi, O‘FA xodimlari Kuperni haddan tashqari himoya qilishlari biroz g‘ashimni keltirgandi. «O‘FA chet eldan tajribali, malakali murabbiyni olib keldi, unga barcha sharoitlarni yaratib berdi, bo‘ldi, endi xuddi muxlislar qatorida turib, natija kutishga haqli. Mabodo Kuper ishonchni oqlamagan taqdirda ham, ayb O‘FAga tushmasligi kerak, axir boshida hammasi to‘g‘ri va mantiqlidek ko‘ringan. Shuning uchun O‘FA o‘zining eski qarorini himoya qilishi, Kuperning shtabidagi insonlar kabi, uni oqlashga ehtiyoj bo‘lmasligi kerak», deb yozgandim. Xullas, bugun hammasi o‘zgardi, O‘FA murabbiyni xuddi o‘z «mevasi»dek himoya qilishga muhtoj emas. Hammasi yomon bo‘lgan taqdirda ham, barchaning ko‘z o‘ngida javobgar Ektor Kuper va uni tayinlagan avvalgi rahbariyat bo‘ladi.

Bu holat, agar moliyaviy tomonni e’tiborga olmasak, O‘FAning vazifasini osonlashtiradi, ular bemalol Kuperdan voz kecha olishadi. Shuncha pul sarflab olib kelib, oqibatda qaror noto‘g‘ri bo‘lib chiqqaniga ham javobgarlik yo‘q, shunchaki, vaziyat vaqtida o‘nglangandek bo‘ladi, xolos. Mana shunday vaziyatda, ya’ni O‘FA uchun oxirigacha Kuperni quvvatlashdan ko‘ra, bo‘shatish osonroq bo‘lib turgan paytda, tashkilotda terma jamoaga nisbatan biror pozitiv qarash borligiga ham ishonish qiyin.

Futbolchilar
Esingizda bo‘lsa, dekabr oyida futbolchilarning kayfiyati juda yaxshi edi. Hamma Kuperning yangicha mashg‘ulotlariga mahliyo bo‘lgan, terma jamoa eshigi hamma uchun ochiqligi barchaning ruhiyatini ko‘tarib yuborgan, bor imkoniyatni murabbiyning ishonchini qozonishga sarflash uchun hamma tayyor edi. Har qanday murabbiy yangi kelganda shunaqa bo‘ladi, lekin vaqt o‘tib, uning ham o‘z jamoasi, ishonganlari, yoqimtoylari paydo bo‘lgach, munosabat o‘zgaradi.

Denisov masalasidagi qaysarlik, Osiyo Kubogidagi aksariyat holatlarda himoyaviy o‘yin, bir qator jurnalist va mutaxassislarning Kuperning uslubi borasiga biroz tanqidiy qarashlari, tabiiy ravishda, futbolchilarga ham yuqadi. O‘tgan yilgi tayyorgarliklar davomida, bu safar nima bo‘larkin, yangicha yo‘nalishda tayyorgarlik ko‘ryapmiz, bir nima chiqar, degandek qarashlar o‘rnini endi, ishonchsizlik egallab olgan.

Osiyo Kubogi-ku, mayli, ayniqsa, sentyabr oyidagi golsiz o‘yinlar vaziyatni yanada og‘irlashtirdi. Hech kimni noprofessionallikda ayblamasdim, lekin, ishonch, ruhiyat, murabbiyning rejalari amaliyatda ijobiy natijani olib kelmayotgani futbolchilarning o‘yiniga keskin ta’sir ko‘rsatadi. Ular ham odam – murabbiy avvalo o‘z g‘oya va ko‘rsatmalariga futbolchilarning miyasini ishontira olishi kerak. Agar Kuper futbolchiga biror taktik ko‘rsatma bersa-yu, futbolchi bu ko‘rsatma biror natija keltirishi mumkinligiga ishonmasa, o‘sha vazifani bor kuch bilan bajara olmaydi.

Iroq bilan o‘yinda nursiz o‘yinning davom etgani, ya’ni Falastin bilan o‘yin va uning natijasi tasodifiy ekani isbotlanmagani jamoa muhitiga yangi salbiy chizgilarni qo‘shgani tabiiy.

Muxlislar
Aslida, bunday kutilmagan mag‘lubiyatlar ko‘p bo‘lgan, ertasiga Saudiya Arabistoni terma jamoasi ochko yo‘qotishi, Falastinning mag‘lubiyati muxlislarni xursand qilib yuborishi, endi yana imkoniyat o‘zimizda qolib, barchasini o‘nglash mumkinligi haqida umidlar paydo bo‘lishi kerak edi. Lekin yo‘q, o‘sha o‘yinlar bilan hech kimning ishi bo‘lmadi, natijalar ham ancha skeptik qarshi olindi. Sababi, boshqa o‘yinlarni hisob-kitob qilish uchun, avvalo o‘z o‘yinimizga ishonch bo‘lishi, qayerdandir yorug‘lik kelishiga umid kerak. Ertaga Yamanni yoki Singapurni yenga olishimizga qat’iy ishonch bo‘lmay turib, imkoniyatlar haqida gapirish albatta kulgili bo‘ladi.

Shomurodovning «Rostov»dagi o‘yinlari so‘nggi oylarda o‘zbek muxlislari uchun alohida ijobiy hislarni yaratayotgan, hamma hujumchining nihoyat terma jamoamizga kelib, golli yurishlarini davom ettirishini kutayotgandi. Hatto mana shu yagona pozitivdan ham ajraldik – o‘yinlar natijasida hatto Shomurodovga nisbatan ham tanqidiy qarashlar ko‘paydi. Otabek Shukurovning o‘z klubida maydonga qaytgani, ya’ni endi terma jamoamiz yarim himoyasi tartibga tushishi mumkinligi haqida ham fikrlarni ko‘rmadim – axir muammo kattaroq ekani, bunday o‘yinni Shukurov ham o‘zgartira olmasligini hamma bilib turgandek.

Nima qilish kerak?
Hozirgi vaziyat xuddi bir yil oldin «Manchester Yunayted» va Mourino bilan yuzaga kelgan paytni eslatib yubormoqda. Vaziyatni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan barcha tomonni negativ chulg‘ab olgan. Bu holatda Kuper ham, O‘FA ham, futbolchilar ham, hatto muxlislar ham vaziyatni o‘nglash uchun maksimal harakat qilishiga ishonmayman. Xuddiki, bir qarorga kelish uchun barcha yana biror voqeani, masalan, mag‘lubiyatni kutayotgandek tasavvur uyg‘otadi. Eng yomoni, navbatdagi mag‘lubiyat endi hech kimni hayron qoldirmaydi. Terma jamoamiz rahbariyati, murabbiylari, futbolchilar-yu, muxlislari ko‘rib, bilib turgan holda mag‘lubiyat tomon ketayotgandek. Bir nima qilish kerak.

Chunki tarixda JCh saralashlarining boshida bunday sharoitga tushib qolmaganmiz. Deyarli har doim birinchi bosqich og‘riqsiz bosib o‘tilgan. Hatto o‘tgan sikldagi ilk o‘yinda Shimoliy Koreyadagi mag‘lubiyatimiz ham bunchalik og‘riqli bo‘lmagan, chunki, koreyslar guruhda asosiy raqibimiz edi. Biz eng kuchli jamoaga yutqazgandik, guruhdagi boshqa raqiblarni bemalol yuta olishimizga ishongandik. Ammo hozir bir eng o‘rtacha jamoaga mag‘lub bo‘ldik, keyingi har bir o‘yinda g‘alabaga ishonch katta emas.

Ayni paytda eng to‘g‘ri yo‘l murabbiyni almashtirish bo‘ladi. Yangi murabbiy kim bo‘lishi umuman ahamiyatsiz, shunchaki futbolchilarni o‘ynatsa bo‘ldi. Shunday guruhdamizki, yomon o‘ynamasak bo‘ldi – g‘alaba qozonamiz. Yamanga ham, Singapur yoki Falastinga ham yaxshi o‘ynab turib, yutqazish ilojsiz.

Birgina o‘zgarish futbolchilarimizni kuchli qilib qo‘ymasligi aniq, jamoamizga qandaydir yangi, hujumkor taktikani singdirmasligi ham turgan gap, lekin bu o‘zgarish hozir mavjud bo‘lgan barcha negativni chiqarib yuboradi, umid paydo qiladi. Umid esa, har qanday vazifani uddalashga qodir.

Qahramon Aslanov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Negativ. Milliy terma jamoada o‘zgarish kerak