date

Toshkent issiqlik markazida mazutdan butunlay voz kechildi

Toshkent issiqlik markazida mazutdan butunlay voz kechildi

Toshkent issiqlik elektr markazida endi mazut yoqilg‘isidan butunlay foydalanilmaydi. Hozirda elektr va issiqlik energiyasi faqat tabiiy gaz asosida ishlaydigan zamonaviy va yuqori samarali qurilmalar yordamida ishlab chiqarilmoqda. Bu esa poytaxt aholisi va sanoat korxonalari uchun ekologik toza energiya ta’minlashni maqsad qilgan.

Davlat rahbarining tashabbusi bilan 2024-yilda markazda umumiy quvvati 64 MVt bo‘lgan yangi gaz-turbinalari ishga tushirildi. Ushbu zamonaviy qurilmalar orqali yiliga 515 million kVt⋅soat elektr va 630 Gkal issiqlik energiyasi poytaxt aholisi va iqtisodiyot ehtiyojlari uchun barqaror ravishda ishlab chiqarilmoqda.

Ekologik xavfsizlik masalasi ham markaz uchun ustuvor ahamiyatga ega. Hududda joylashtirilgan 3 ta zamonaviy gaz-turbinali qurilmaga maxsus ekopostlar o‘rnatilgan bo‘lib, atmosferaga chiqarilayotgan gazlar doimiy ravishda monitoring markazi tomonidan kuzatib boriladi va tahlil qilinadi. Shuningdek, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ hamda Turkiyaning “Iltekno” kompaniyasi hamkorligida Chilonzor, Olmazor va Sergeli tumanlarida kogeneratsiya markazlari tashkil etilgan, ularda ham so‘nggi zamonaviy texnologiyalar orqali ekologik toza energiya ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Kelgusida Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod, Shayxontohur, Uchtepa, Mirobod, Yashnobod va Yangixayot tumanlarida ham xuddi shunday qurilmalarni barpo etish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, markaz shahar ekologiyasini yaxshilashga munosib hissa qo‘shmoqda: faqat 2025-yilda “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida 5 ming tup manzarali va sog‘lom daraxt ekildi.

Bu ishlar nafaqat energiya tizimini zamonaviylashtirishga xizmat qilmoqda, balki poytaxtning havo sifati va atrof-muhitni muhofaza qilishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Toshkent issiqlik markazida mazutdan butunlay voz kechildi