09:26 / 28.10.2019
3 339

Sharof Rashidov bag‘riga bosgan o‘zbek pahlavon bokschisini bilasizmi?

Sharof Rashidov bag‘riga bosgan o‘zbek pahlavon bokschisini bilasizmi?
“Qo‘llar ishlaydi, ko‘zlar ko‘radi. Kapalakdek qanot qoqib, aridek chaq”. Bu — dunyo boks olami afsonalaridan biri tomondan aytilgan so‘zlar — oltin qoidalar. Ammo kamdan-kam “charm qo‘lqop” ustalarigina mazkur murakkab vazifaning uddasidan chiqa olganlar. Ayniqsa, og‘ir vaznli bokschilar orasida ular soni barmoq bilan sanarli. Ana shunday kamyob qobiliyat sohiblaridan biri, hamyurtimiz, o‘zbek boksi tarixi iftixori Xolmatjon Sodiqov edi.

Alpqomat o‘quvchi
Bundan yetmish yetti yil muqaddam, Farg‘ona viloyatida, Ro‘zali domla va Mayramxon opa oilasida tavallud topgan Xolmatjon Sodiqov bolaligidanoq jismonan baquvvatligi bilan tengdoshlaridan ajralib turardi. Yoshligidan sportning boks turiga ixlos qo‘yib, astoydil shug‘ullana boshlagan. O‘z navbatida, ota-onasiga dehqonchilik yumushlarida ham yaqin ko‘makchi bo‘lgan.

Xabaringiz bor, o‘sha paytlarda paxta yig‘im-terimiga keksayu yosh yoppasiga olib chiqilgan. Hasharchilarga tushlik tayyorlaydigan oshpazlar maktab o‘quvchisi, kichik yoshli, ammo alpkelbat Xolmatjondan doim ichimlik suvi olib kelib berishini so‘rashar ekan. U 80 litrli suv to‘la bochkani 1 kilometr masofadan tashib keltirganini sinfdoshlari hamon hayrat bilan eslashadi.

Sharof Rashidov bag‘riga bosgan o‘zbek pahlavoni
Tinimsiz mashg‘ulotlar o‘z samarasini uzoq kuttirmadi. Qahramonimiz 9-sinfdayoq Marg‘ilon shahri birinchiligida shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tariladi. Maktab davridagi peshqadamlikni armiyada ham qo‘ldan boy bermadi. 19 yoshida harbiy xizmatga chaqirilgan Xolmatjon Turkiston harbiy okrugi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqada birinchi o‘rinni egallab, harbiy xizmatdan qaytguniga qadar g‘oliblik maqomini munosib himoya qildi.

Shu-shu, boks hayoti mazmuniga aylandi. Farg‘ona davlat universitetining jismoniy tarbiya fakultetini namunali tamomlagach, bu sohada professional faoliyatga kirishdi. Qarangki, tog‘ni ursa talqon qiladigan o‘zbek yigiti 1963 yildan 1980 yilgacha O‘zbekiston chempionligini hech kimga bermay kelgan.

Ya’ni 17 yil mobaynida mamlakatda tengsiz deya e’tirof etilgan. Bu sobiq ittifoq davrida uncha-buncha sportchining qo‘lidan keladigan natija emasdi. O‘sha paytlari O‘zbekistonning birinchi rahbari bo‘lgan Sharof Rashidov Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida X. Sodiqovni “O‘zbekiston pahlavoni!” deya bag‘riga bosib, quchoqlab ko‘rishgan ekan. Ana shu manzarani yoshi kattalar hali-haligacha alohida mamnuniyat bilan yodga olishadi.

Shu o‘rinda yana bir ibratli voqea. Xolmatjon aka 1968 yilda Suriyada o‘tkazilgan nufuzli xalqaro musobaqada oltin medalga sazovor bo‘ladi. Shu davrda sobiq ittifoqning ushbu davlatdagi elchisi, vatandoshimiz A. Muhidinov yordami bilan bokschimiz Saudiya Arabistonining Makka shahrini ziyorat qilish sharafiga erishgan. O‘sha davrdagi mash’um siyosat hisobga olinsa, bu o‘zbek farzandi uchun kamida qahramonlik edi. Ammo yurakda chin ixlos bo‘lsa, Yaratganning o‘zi qo‘llab-quvvatlayveradi. Ana shu qat’iyat bokschimizga ringda ham beqiyos ruhiy-ma’naviy va jismoniy kuch baxsh etgan bo‘lsa ne ajab...

G‘alabaga bo‘lgan ishonch hech qachon so‘nmagan
Boks bo‘yicha sport ustasi, murabbiy S. Bo‘tayevning aytishicha, 1979 yili avvaliga Germaniyada, so‘ng Estoniyada ketma-ket xalqaro turnirlar tashkil etilgan. Xolmatjon Sodiqov mazkur yirik musobaqalarning har ikkisida ham og‘ir vazn toifasida qatnashib, finalga chiqqan. Yakunda esa g‘aroyib natija qayd etgan. Gap shundaki, u hal qiluvchi bahslarning har ikkisida dastlabki ikki raundni qo‘ldan boy beradi va uchinchi raundda raqiblarini nokautga uchratadi. Ha, nokautga! Bunday kutilmagan holatdan barcha hayratda qoladi. Xolmatjon Safarov inson irodasi nimalarga qodir ekanligini faqat Gollivud filmlarida emas, balki o‘zbek o‘g‘lonining xatti-harakatlarida ham ko‘rish mumkinligini butun dunyoga isbotlab bera oldi.

Hayot va sportni sevgan va boshqalarni ham shunga undagan ota
Xolmatjon Sodiqov Qunduzxon aya bilan turmush qurib, baxtli hayot kechirdi. Ikki farzandni oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazdi, uyli-joyli qildi. Sakkiz nafar nabiraning bobosiyu buvisi bo‘lishdi.

Afsuski, shafqatsiz o‘lim ana shunday ibrat timsoli bo‘lgan hamyurtimizni hayotdan olib ketdi. Shogirdlarining aytishicha, Xolmatjon ota Sodiqov umrining oxiriga qadar hayotni sevgan, vaqtning qadriga yetgan, badantarbiya mashqlarini kanda qilmagan va boshqalarni ham shunga da’vat etgan.

— Menga o‘z akamdek yaqin inson bo‘lgan Xolmatjon Sodiqov barvaqt oramizdan ketdi, — deydi O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi V. Fen. — Boks bo‘yicha 17 karra O‘zbekiston chempioni, xalqaro musobaqalar g‘olibi, yetakchi murabbiy hamda xizmat ko‘rsatgan sport ustasi sifatida Vatanimiz sharafini butun dunyoga tanitishda Xolmatjon Sodiqovning xizmatlari buyuk. U juda kamtarin, ko‘ngli ochiq va xushchaqchaq inson bo‘lgani uchun hamisha o‘z atrofiga barcha do‘stlarini birlashtirishga qodir edi. Har doim bizni sport bilan muntazam shug‘ullanish va hayotni qadrlashga chorlaganlar.

Binobarin, Xolmatjon Sodiqov o‘zbek boksi maktabi va uning shonli tarixida o‘chmas iz qoldirgan. Uning nomi Sidney Jakson, Andrey Borzenko, Rufat Risqiyev, Vladimir Yudin, Abdulla Qodir-Oxunov, Botir Usmonov, Boris Niyozov, Feliks Pak, Zoir Abduqodirov, Vladimir Shin, Gamlet Ilyosov, Artur Grigoryan, Narimon Otayev kabi afsonaviy bokschilar qatorida tilga olinadi.

Aslida hayot ham ring misoli. O‘zidan yaxshi nom, ezgu amal, hayotga muhabbat tuyg‘ularini qoldirib ketgan inson esa haqiqiy ring qirolidir. Xolmatjon Sodiqov qalblarimizda ana shunday g‘oliblikka munosib vatandoshimiz bo‘lib qolaveradi.
Saidjon MAXSUMOV

Manba: Xs.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Sharof Rashidov bag‘riga bosgan o‘zbek pahlavon bokschisini bilasizmi?