Tailandda o‘tgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmagani xafsalamizni pir qilgani rost. Chunki jamoamizdan umidimiz katta edi. To‘g‘ri, vakillarimiz yomon taassurot qoldirishmadi. Eng alamlisi, biznikilar ikki marta Olimpiada eshigi oldiga yaqin kelishgandi. Qolaversa, o‘sha yarim finalda Saudiya Arabistonidan yaxshi o‘ynagan bo‘lishimizga qaramasdan, birgina rikoshetdan o‘tkazib yuborilgan gol tufayli alamli mag‘lubiyatga uchragandik.
Natijada biz uchun oxirgi umid uchinchi o‘rin uchun kurashda Avstraliyaga qarshi o‘yin edi. Bor narsamiz va e’tiborimiz ushbu o‘yinga qaratilgandi. Ming afsuski, bu safar ham jamoamiz yana birgina gol evaziga yutqazdi va oxir-oqibat Olimpiada yo‘llanmasidan alamli tarzda quruq qoldi. Endilikda O‘zbekistonning turnirdagi ishtiroki va nima sababdan Olimpiada yo‘llanmasidan quruq qolib ketgani borasida ko‘plab fikr va mulohazalar bildirilmoqda.
Ayniqsa, futbol ichida yurgan mutaxassislar ham bu borada jim qarab tura olishmayapti. Terma jamoamizdagi aksar o‘yinchilarni yaxshi bilgan va o‘zi ham yoshlar bilan ishlash bo‘yicha tajribaga ega bo‘lgan, yaqinda O‘zbekiston yoshlar terma jamoasidan bo‘shatilgan va hozirda «Navbahor» klubida seleksioner murabbiy sifatida faoliyat olib borayotgan Otabek G‘ulomxo‘jayev ham vakillarimizning ishtiroki hamda o‘zining shaxsiy fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Haydarov o‘zi boshqarganida balki chempion bo‘lardik»
- Bosh murabbiy uchun yetarlicha vaqt berildi, tarkib bo‘yicha ham keng tanlovga ega bo‘ldi. Tayyorgarlik uchun hamma sharoit yaratib berildi. Uning murabbiylar shtabi ham eng zo‘ri bo‘ldi. Fikrimcha, agar Ravshan Haydarov o‘zi bosh murabbiy bo‘lganida balki bu jamoa chempion bo‘lardi. Bilasizmi, musobaqa uchun yakuniy ro‘yxatni e’lon qilganida birinchi e’tirozim bu Oston O‘runovni tashlab ketganida bo‘ldi. To‘g‘ri, ayrim mutaxassislar bu futbolchi haqida turli fikrlar bildirishadi.
O‘zim ham agar sen zo‘r o‘yinchi bo‘lsang-u, ammo muhit buzadigan bo‘lsang, mening tarkibimda senga joy yo‘q deyman. Lekin O‘runov Haydarov paytida nechta musobaqalarda qatnashdi? Har qanday o‘yinchining ham «tilini» topsa bo‘ladi. Balki murabbiylarimiz u bilan til topishishga qiynalishgandir. Saudiya Arabistoni va Avstraliya bilan uchrashuvlarda O‘runovning yo‘qligi yaqqol bilindi.
«Zahirada o‘tirgan Ismoilov bilan Muhitdinovga achinib ketdim»
- Bosh murabbiy o‘zi uchun loyiq bo‘lgan 23 nafar futbolchini olib ketdi. Ammo shuni aytishim mumkinki, agar men bo‘lganimda tanlangan 23 talik ro‘yxatda 5-6 nafar futbolchining o‘rniga boshqalarini olib ketgan bo‘lardim. Bilasizmi, olib ketilmagan o‘yinchilar orasida olimpiya terma jamoasiga yordam bera oladigan yigitlarimiz bor edi. Masalan, o‘tgan mavsumda «Buxoro»da to‘p surgan Asad Sobirjonovga qarang, u qanday o‘ynadi-a? Butun mavsum davomida jamoasini ortidan ergashtira oldi.
Balki u murabbiyning o‘yin uslubiga mos tushmadi deb aytishlari mumkin. Chunki har bir mutaxassisning o‘z dunyoqarashi bo‘ladi. To‘g‘risini aytsam, terma jamoa bilan birga ketgan va zaxirada o‘tirganlar orasida Abror Ismoilov bilan Sharof Muhitdinovga achinib ketdim. To‘g‘ri, biz u yerda jamoaning ichidagi holatni bilmasdik, ammo muhim bellashuvlarda o‘sha futbolchilardan yetarli darajada foydalanganlarida albatta o‘z samarasini berardi. Saudiya bilan uchrashuvda ko‘rinib turibdiki, 80-daqiqaga kelib ikkala jamoa ham jismonan toliqib qolgan. Kimnidir xatosidan gol uradigan vaziyatga kelib qolishgandi.
Endi arablarning urgan goliga qarang, o‘sha vaziyatda Ilhom Alijonov to‘pni hech bo‘lmaganda autga tepib yuborishning o‘rniga o‘rtada turgan jamoadoshiga uzatib o‘tiribdi. Sheriklari to‘pni to‘xtatishga ulgurishmasidanoq saudiyalik o‘yinchi gol urib ketdi. Tailandga olib ketilgan Dilshod Saitov qanday yaxshi o‘yinchi-a? Shaxsan men uning muxlisiman. Lekin u ham asosan zaxirada o‘tirdi. Ixtiyorida yetarlicha o‘yinchilar bo‘la turib murabbiy nega tarkibda rotatsiya qilmaganiga hayronman. Misol uchun Dilshod Saitov «Nasaf»da almashtirishlarsiz o‘ynadi. Yoki bo‘lmasa Islom Kenjaboyevga ham imkoniyat berish kerak edi.
«Rotatsiyaga qo‘l urilmadi»
- Terma jamoamiz guruhda qiyinchiliklarga duch keldi. Xitoyni yutganimiz evaziga biz keyingi bosqichga chiqdik. Lekin hamma vaqt bitta tarkib bilan o‘ynayverganimiz sababli boshqalar bizning qanday o‘ynashimizni, qaysi futbolchimizni chap yoki o‘ng oyoqda yaxshi tepishlarigacha bilib olishdi. Taktikada ham o‘zgarish bo‘lmadi, faqat bitta tarkib va bitta uslubda o‘ynayverishdi. Albatta, chorak finalda BAAga beshta gol urishganida, «ana bo‘larkan-ku» degandim.
Masalan, men raqib murabbiyiman va raqibning har doim bir xil tarkibda va uslubdan foydalanishini darhol o‘qib olishim oson bo‘ladi. Janubiy Koreyani qarang, ularning tarkibida kimlar o‘ynashi-yu, qanday uslubdan foydalanishini hech kim bilmaydi. Biz bilan uchrashuvda o‘ynagan futbolchilarini qarang-u, finalda maydonga tushgan o‘yinchilarini ko‘ring. Albatta, musobaqaga olib ketilgan 23 ta futbolchining barchasi o‘ynasin demayman, ammo hech bo‘lmaganda 11 nafar o‘yinchidan tashqari yana hech bo‘lmaganda 5-6 nafar yigit atrofida rotatsiyaga qo‘l urilmadi.
Ko‘proq o‘rinbosarlar tarkibida o‘ynagan o‘yinchini maydonga tushirish borasida o‘ylanish mumkin, ammo Dilshod Saitov masalasida nima uchun bosh qotirish mumkin? To‘g‘ri, Hojiakbar Alijonov yaxshi futbolchi. Biroq u o‘tgan yili «Paxtakor»da hamma musobaqada uzluksiz ravishda o‘ynadi, u ham charchaydi. Mana shunday paytda ularni almashtirish ham zarar qilmasdi.
«Futbolchilarimizning xotirjam o‘ynaganini ko‘rmadim»
- Ikki yil oldin Ravshan Haydarov boshqargan paytda Olimpiada yo‘llanmasi yo‘q edi, yigitlar esa xotirjamlik va bosiqlik bilan o‘ynashgan. Bu safar esa futbolchilarimiz erkin o‘ynay olishmadi. Bu albatta shaxsiy fikrim. Saudiya bilan ham, Avstraliya bilan ham yigitlarimizning xotirjam o‘ynaganini ko‘rmadim. Ularning o‘yinlarida bosim sezilib turdi. Bu ham albatta o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi. Ammo endi bu yerda o‘zimizcha nimalarnidir tahlil qilganimiz bilan hech nima o‘zgarib qolmaydi.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...