13:25 / 13.02.2022
1 055

FIFAning texnik eksperti Islom Ahmedov UYEFAda ishlaydigan mutaxassisdan intervyu oldi

FIFAning texnik eksperti Islom Ahmedov UYEFAda ishlaydigan mutaxassisdan intervyu oldi
O‘zbekistondagi aksar murabbiylarga ta’lim berib kelayotgan Islom Ahmedovni barchangiz yaxshi bilasiz. Hayotini futbolga bag‘ishlagan inson. Murabbiylik faoliyati davomida ko‘pni ko‘rdi, turli mamlakatlarda bo‘ldi va tajriba orttirdi.

Ahmedov uzoq yillar OFK hamda FIFAdek yuqori tashkilotda ishladi va ishlayapti ham. Uch yildan beri FIFAning texnik eksperti sifatida mehnat qilyapti. Tajriba izlashdan sira charchamaydigan mutaxassis endi yana bir yangi ishga qo‘l urdi.

Islom Ahmedov futbol mavzusida, ayniqsa, O‘zbekiston sharoitida uni yanada rivojlantirish yuzasidan xorijlik taniqli mutaxassislar bilan jonli suhbatlar uyushtirib, ularning fikrlarini o‘rganishni boshladi. UYEFAning texnik konsultanti sifatida ishlab kelayotgan Rodjer Meyxtrining xizmat yuzasidan Toshkentda ekanligidan foydalanib kuni kecha Islom Ahmedov u bilan video muloqot o‘tkazdi. E’tiborlisi, Islom Ismoilovich mezbon sifatida Meyxtrini xonadoniga taklif qildi.

Avvalo, Ahmedov mazkur suhbatni tashkil qilish uchun nima sabab bo‘lganini quyidagicha izohladi: “Futbol o‘zgardi. Tabiiyki, o‘z-o‘zidan ish uslublari, o‘yinchilarni tayyorlash usullari ham o‘zgarib bormoqda. Aksariyat bolakaylar televizor orqali futbol tomosha qilishar ekan, shunday o‘yinni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishni istaydilar. Biroq amalda buning har doim ham iloji bo‘lavermay, bolakaylar o‘zlari ko‘rishni istagan futbolni tomosha qila olmaganlaridan xafa bo‘lishlari tayin. Bugun menda shunday imkoniyat bor, uyimga UYEFA tashkilotida ishlovchi Rodjer Meyxtrini chaqirib, undan ko‘pchilikni qiziqtirayotgan savollarga javob olishga harakat qildim. Aytishim kerakki, u ikki yildan beri yurtimizga “UYEFA faol” dasturi asosida keladi. U yurtimizning barcha viloyatlarida bo‘lgan. Shu bois bizdagi asosiy muammolar nimalardan iborat ekanligini bilvosita biladi.

– Rodjer, O‘zbekistonga xush kelibsiz, taklifni qabul qilganingiz uchun rahmat va siz shu yerdasiz. Biz xursandmiz, sizning tajribangiz va bilimingizga muhtojmiz. Men bu imkoniyatdan juda xursandman va sizga bir nechta savollarim bor. Ko‘p murabbiylarimiz mendan siz haqingizda, fikringizni so‘rashdi. O‘z navbatida men sizdan nafaqat UYEFA texnik maslahatchisi sifatida, balki futbol insoni sifatida ham shaxsiy fikringizni bildirishingizni iltimos qilaman. Sizningcha, futbol bugun nima va kelajakda futbolda nimalar bo‘ladi? Bolalar va yoshlar bilan ishlaydigan murabbiylarga qanday yordam bera olamiz?

- Taklifingiz uchun katta rahmat. Sizning uyingizda bo‘lish va siz bilan futbol haqida suhbatlashishdan juda baxtiyorman. Siz bilan mening futbolni qanday rivojlantirish borasidagi qarashlarimiz bir xil, sizning futbolchilarning yanada yaxshi bo‘lib yetishishi va murabbiylarni yetishtirish uchun doimo yangi usullarni izlashga bo‘lgan intilishingiz menga juda yoqadi. Savolingizga kelsak, kelajakda bizga kreativ o‘yinchilar kerak bo‘ladi, ular doimo cheklangan maydonda vaqt yetishmasligiga yechim topadilar va biz o‘yinchilarimizni ushbu o‘yin vaziyatlariga moslashtirishimiz kerak.

– Misol tariqasida yurtimdagi vaziyatni olaylik, ikki yil ichida O‘zbekistonga beshinchi tashrifingiz va barcha viloyatlarga bordingiz, murabbiylar qanday sharoitlarda futbolchilarni tarbiyalayotganini ko‘rish imkoniga ega bo‘ldingiz, yosh futbolchilarimizni ham ko‘rdingiz. Futbolchilar va murabbiylarning imkoniyatlari hamda ish sharoitlaridan kelib chiqib, ularga qanday maslahat berasiz?

- O‘zbekistonda iqtidorli futbolchilar ko‘p, iste’dodli murabbiylar ham ko‘pligini aytib o‘tgan edim, ularning bir nechtasi bilan ishlash imkoniga ega bo‘ldim. Hududlardagi vaziyat oddiy emas, bu yerdagidan ancha murakkab, bugun ham seminar davomida murabbiylarga, agar sizda yetarlicha yaxshi infratuzilma, futbol maydonchalari va zarur jihozlar bo‘lmasa, bunday sharoitda biror narsani rivojlantirish juda qiyin dedim, bu xuddiki, agar siz pianino chalishni o‘rganmoqchi bo‘lsangiz, lekin sizda pianino yo‘q bo‘lgani kabi!

- Shunday bo‘lsa-da, Rodjer, bizning bolalarimiz yuqori saviyada o‘ynashni orzu qiladilar, murabbiylarimiz o‘z malakasini oshirishni xohlashadi va ular o‘z ishini qilishda davom etmoqdalar. Ular bugungi sharoitdan kelib chiqib, o‘z maqsadiga erishish uchun qaysi yo‘lni tanlashlari kerak? Biz ularga qanday yordam bera olamiz? Bu men uchun juda muhim, chunki viloyatlarda iqtidorli futbolchilar ko‘p. Ular top saviyada o‘ynashni orzu qiladilar, bu darajaga yetganlarida ular va ularning oilasi uchun butunlay boshqacha hayot bo‘ladi. Bu yoshlar uchun yaxshi motivatsiya. Bolaning 6-7 yoshida futbolga kelishi meni xavotirga solmoqda, u qanday rivojlanadi? Agar bugun futbol naqadar qattiq va tezkor ekanini ko‘rsak, 10 yildan keyin 17-18 yoshga yetganda nima bo‘ladi, futbol bundan ham qattiqroq va tezroq bo‘ladimi? Murabbiy o‘z futbolchilarini tayyorlashda nimaga ko‘proq e’tibor qaratishini tavsiya qilasiz?

- Bir tomondan, futbol oddiy o‘yin, lekin ko‘pincha biz murabbiylar buni tushunishni qiyinlashtiramiz, biz ko‘proq futbol o‘ynashimiz kerak! Biz o‘yin bilan bog‘liq bo‘lmagan juda ko‘p oddiy mashqlarni beramiz, biz ko‘proq o‘yin mashqlarini berishimiz kerak, ya’ni, bu nafaqat o‘yin, balki futbolchining turli o‘yin vaziyatlariga tushib qolishi mumkin bo‘lgan holatlardir, bu futbolchilarni tayyorlashda asosiy jihat bo‘lishi kerak.

- Masalan, sizlarning yurtingizda futbol maktabiga 6-7 yoshli bola kelsa, sizda ham biznikiga o‘xshash holat borligini bilaman, bolalar hovlida, ko‘chada o‘ynamaydi. Oldin edi, siz ko‘chada o‘ynagansiz, men ko‘chada o‘ynaganman. Endi ko‘chada futbol yo‘q, bola ko‘chada o‘ynab orttirgan o‘yin tajribasisiz keladi. Ular bu o‘yin haqida hech qanday tasavvurga ega emaslar! Bu holatda nima qilish kerak? Sizning fikringiz?

- Biz klubda, futbol maktabida ko‘cha futbolini tashkil qilishimiz kerak, ortga qaytishimiz lozim, men ko‘chada o‘ynaganman, siz ko‘chada o‘ynagansiz, biz doimo futbol o‘ynab o‘rganganmiz! Bugungi kunda bolalarda bunday imkoniyat yo‘q, chunki bunga joy yo‘q, boshqa tomondan, ko‘plab imkoniyatlar mavjud. Menimcha, klublarda ko‘cha futbolini qaytarishga harakat qilishimiz kerak. Ayniqsa, klubda va futbol maktablarida ko‘cha futbolini tashkil qilish lozim!

- Yosh futbolchilar qaysi yoshdan boshlab professional tayyorgarlikka kirishgani ma’qul?

- Agar mashg‘ulot jarayonida bolalar 11-12 yoshgacha imkon qadar ko‘proq turli faol harakatli mashqlar bilan shug‘ullansa ideal bo‘ladi va o‘yinchi tanlovdan o‘tganidan keyin 14-15 yoshida haqiqatan ham ixtisoslikka o‘tsa, siz allaqachon professional darajada mashg‘ulotlarni davom ettirishingiz mumkin. Har bir yoshning o‘ziga xos xususiyatlari bor, lekin biz bolalar va yoshlarda ko‘rib turganimizdek, o‘yinni tushunish yetarli darajada emas! Bu biz e’tibor qilishimiz kerak bo‘lgan jihatdir, chunki ularda ko‘cha futboli tajribasi yo‘qligidan!

Boshqa tomondan, ularda mobil telefonlar, internet bor, ularda Messi va Ronalduning mahoratini ko‘rish imkoniyati bor, bu ham imkoniyat, chunki har bir bola Messi va Ronaldu kabi bo‘lishni xohlaydi va ular ham xuddi shunday qilish uchun ko‘p marta harakat qilishadi, shu sababli zamonaviy bolalar to‘pga bizning avlodimizga qaraganda yaxshiroq egalik qilishadi. Bugun biz bolalar va yoshlarda o‘yinni tushunish uchun javobgarmiz! O‘yinni tushunish, ular ko‘proq futbol o‘ynashsagina keladi!

- Sizningcha, masalan, besh yildan keyin qanday futbol bo‘ladi?

- Futbol ko‘proq atletik bo‘ladi, vaziyatni baholash, qaror qabul qilish va amalga oshirish uchun har doim kamroq joy va kamroq vaqt bo‘ladi. Futbolchilar bunga tayyor bo‘lishlari darkor, lekin tayyorgarlik bu nafaqat uning atletik tayyorgarligi, albatta buning ustida ishlash kerak, lekin yakunda uning kuchli irodali fazilatlari, xarakteri hal qiluvchi bo‘ladi, agar u futbolchi sifatida yuqori saviyada faoliyat olib borishni istasa!

- Murabbiylarimizga qanday tilaklaringiz bor?

- Mening tilagim murabbiy o‘z futbolchisiga shaxs sifatida qarasa, murabbiy jamoani emas, futbolchini rivojlantirsin! Har bir futbolchi u uchun qadrli bo‘lsin. Mamlakatingizdagi har bir murabbiy har bir futbolchini qanday qilib yaxshiroq shakllantirish haqida o‘ylashi kerak, lekin jamoani emas! Barcha e’tibor futbolchining rivojlanishiga qaratilishi kerak!

- Bizga vaqt ajratganingiz va javoblaringiz uchun rahmat.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » FIFAning texnik eksperti Islom Ahmedov UYEFAda ishlaydigan mutaxassisdan intervyu oldi