"Dangal" loyihasida mehmon bo‘lgan Server Jeparov faoliyatiga oid barcha haqiqatlarni oshkor qildi. Hozirda O‘zbekiston yoshlar terma jamoasida bosh murabbiy sifatida faoliyat olib borayotgan qahramonmiz muxlislarni qiziqtirgan barcha savollarga javob berdi. Intervyuni tomosha qilmagan muxlislarga esa Sports.uz uning yozma versiyasini taqdim etadi. Suhbat deyarli 45 daqiqa davom etgani bois, intervyuni 2 qismga bo‘lib e’tiboringizga havola etamiz.
8 raqam va salto
Men gimnastika bilan shug‘ullanishni boshlagan paytimdayoq, saltoni amalga oshirishni boshladim. Dadam gimnastika bo‘yicha sport ustasi bo‘lgan. U meni 5 yoshimdayoq gimnastika to‘garagiga olib bordi. Mashg‘ulot o‘taydigan joyimiz uyimga juda yaqin edi. U yerda gimnastika va futbol maydoni yonma-yon joylashgan. O‘sha yerda salto qilishni o‘rgandim. 4 yil shug‘ullangach, 9 yoshimda futbolga bo‘lgan qiziqish ustun keldi. Men doim to‘pni yaxshi ko‘rganman. Futbol bilan birgalikda musiqa maktabida ham tahsil olishni boshladim. Onam fortepianoda kuy chalishimni juda istar edi. O‘sha payt futbol, gimnastika va musiqadan birini tanlashimga to‘g‘ri keldi. Dadam birdaniga 2 ta sport bilan shug‘ullanish jismonan murakkab ekanligi bois, ulardan birini tanlashim kerakligini aytdi. Men futbolni tanladim.
Yoshligimda 7, 10 va boshqa raqamlarda to‘p surganman, lekin hech qachon 8-raqamda harakat qilmaganman. 8-raqam futbol bilan professional shug‘ullanishni boshlaganimda, ya’ni "Paxtakor"ga o‘tganimdan so‘ng menikiga aylandi. Faqat 8-raqam bo‘sh edi. Aynan shu raqam ortidan omad ham keldi, asosiy tarkibda maydonga tushishni boshladim. Shu tariqa, butun umr bu raqam menikiga aylandi. Uni omad keltirgani uchun yaxshi ko‘raman.
Sardorlik bog‘ichiga oid vaziyat
Agar yodingizda bo‘lsa, sardorlik bog‘ichini topshirgan paytimda Babayan Samvel Vyacheslavovich jamoa boshqaruvini qo‘lga olgan edi. O‘ylashimcha, o‘rtamizdagi munosabatlar ta’sir ko‘rsatgan. U "Paxtakor"dan "Bunyodkor"ga o‘tganimga aloqador shaxslardan biri. Bu shunchaki, mening taxminim. Shundan so‘ng, Babayan bosh murabbiy bo‘lgach, sardor almashdi. Nima uchun bunday qilinganini Samvel Vyacheslavovichdan so‘rash lozim. Ha, ranjidim. Bu har qanday vaziyatda xafa qiladi, ammo doimo terma jamoani birinchi o‘ringa qo‘ydim. Shu bois, maydonda kim sardor ekanligi, bog‘ich kimda ekanligi muhim emas. Asosiysi, inson qalban sardor bo‘lishi kerak. Jamoa uning ortidan ergashishi kerak. U o‘z yetakchiligini maydonda ko‘rsatishi shart. Sardorlik bog‘ichi o‘ng yoki chap qo‘lida ekanligini muhim emas. Men har qanday vaziyatda mamlakatimizga, terma jamoaga naf keltirishni istadim. Aynan shuni muhimroq deb hisobladim. O‘zimni jamoaviy o‘yinchi deb o‘ylaganim uchun, bu men uchun muhim emas.
JCH saralashlaridagi omadsizliklar
Futbolda omad, ruhiy tayyorgarlik singari faktorlar mavjud. O‘ylashimcha, o‘sha paytda bo‘yimizdan baland sakray olmadik. Biz barchasini 0 dan boshlaganimiz uchun eplay olmadik. Agar Koreya yoki Yaponiya singari sistema bo‘lganidami?! Kloppning Germaniya jahon chempionligini qo‘lga kiritganda bergan intervyusi yodingizdami? U "biz bu jahon chempionligi uchun 10 yil ishladik", - deb aytdi. 10 yil ular buning uchun tayyorlanishgan. Ular bolalar futbolini ham qamrab olgan holda, mehnat qilishgan. Agar biz chempionlikni qo‘lga kiritganimizda, bu fantastika singari qabul qilingan bo‘lar edi.
O‘zbekiston chempionatining saviyasi haqida
Qarang, agar rivojlanish haqida gap ketsa, bizda o‘sish doim bo‘lgan, ammo u stabil bo‘lmagan. Agar siz meni kareramga qarasangiz, "Paxtakor"da o‘ynagan chog‘larim "Neftchi" va "Nasaf" asosiy raqiblarimiz edi. "Bunyodkor"da to‘p surgan paytim "Bunyodkor" "Paxtakor"dan boshqa kuchli raqibimizni ko‘rsata olmayman. Faqat ikkita jamoa. Agar rivojlanish haqida gapirsak, "Bunyodkor" va "Paxtakor" singari klublarning soni yildan-yilga ortib borishi kerak. Kuchli chempionat bo‘lsa, qiziqish ham ortadi. Koreya chempionatida barcha jamoa kuchli. Unda tizim yo‘lga qo‘yilgan. Har bir uchrashuvga alohida tayyorgarlik ko‘rish shart. Turnir jadvalida so‘nggi pog‘onada borayotgan raqibga qarshi o‘ynaysiz, ammo ularda barcha narsa bor.
Mashg‘ulot o‘tkazish tizimi, tibbiyot, vitaminizatsiya va barcha narsa bizniki bilan bir xil. Yaxshi saviyadagi xorijlik mutaxassis va legionerlar. Shu bois, biz har o‘yinda qiyinchilikka uchraganmiz. O‘yin oldidan g‘alaba qozonishimizni aytish mushkul edi. 100, hatto 120 foiz tayyorgarlik ko‘rishga majbur bo‘lar edik. Saudiya Arabistoniga keladigan bo‘lsak, ichki birinchilik biroz kuchsizroq. To‘g‘ri, juda yaxshi darajadagi 7 jamoa bor, qolgani o‘rtacha. Shunchaki o‘tib ketadigan o‘yinlar bo‘lgan. Eronda 5 ta kuchli jamoa bor, ammo qolgani ancha kuchsizroq. Agar bizning chempionatimizda har yili yangi kuchli jamoa va barqarorlik bo‘lsa, ichki chempionat o‘sadi. Hozircha, 2-3 yil progress va ortidan keladigan regress kelmoqda.
Tizim, tizim, tizim
Agar jahon chempionatiga chiqish borasidagi tarixga nazar tashlasak, Mirabror Usmonovni e’tirof etish lozim. Uning muvaffaqiyatli boshqaruvi ostida 8 yil davomida katta hajmdagi ish olib borildi. Ikki marotaba mundialga yo‘l olishimiz mumkin edi. Guruh bosqichidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritishimiz mumkin edi. Mening terma jamoamdagi kareramdan olib qarasak, bunaqasi hech qachon bo‘lmagan. Biz doimo guruhda 3-o‘rin bilan keyingi bosqichga o‘tganmiz, ba’zida umuman hal qiluvchi bosqichda, kvartetda qolib ketganmiz. Men nima uchun buni aytyapman? Doimo tizim asosida katta hajmdagi ish olib borish kerak. Buning ichiga bolalar futbolidagi ta’lim, akademiyalar 10 balli sistemada 10 ballga loyiq ishlashi lozim. Tizim bo‘lishi shart. U futbolni ko‘tarishga maksimum harakat qildi. To‘g‘ri, qayerdadir nimadir yetmay qoldi.
Aytganimdek, nemislar 10 yil harakat qilishdi. Demak, qayerdadir xato ketgan. Analiz qilish va kuchsiz tomonlarimiz ustida ishlab uni asosiy qurolimizga aylantirishimiz shart. Imkoniyat haqida gap ketar ekan, Janubiy Koreya bilan o‘yinni yodga olamiz. Bir-u nol yutganimizda ham maqsadimizga yetgan bo‘lar edik. Bunga qadar Koreyaga qanday uchib borganmiz, qanday tayyorgarlik ko‘rganmiz? Qayerdadir xatoga yo‘l qo‘ygandirmiz. Balki maydondan tashqarida nimanidir o‘tkazib yuborgandirmiz?! O‘sha uchrashuvdan so‘ng futbolni yig‘ishtirib tashlash haqida o‘ylab qoldim. Bu mening orzum edi. Shuncha yil mundialda to‘p surish uchun mehnat qildim, natijalarga erishdim. Jahon chempionatida bayrog‘imizni baland ko‘tarib "O‘zbekistondanman", - deb faxrlanishni istaganman.
MTJning ruhiy holati
Shaxsiy fikrim, o‘yinga tayyorgarlik masalasida muammo bor. Psixologik holat ustida bolalik paytidanoq futbolchilar bilan ishlash kerak. Yosh bola, futbolchi, murabbiy o‘yindan oldin nimani his etishini bilib, unga qarshi kurashish kerak. Buni barchasini o‘rganish va uni futbolimizga singdirish kerak. Tayyorgarlik haqida gap ketar ekan, men xorijda o‘ynaganman. O‘zimga ishonchim baland. Janubiy Koreyada hal qiluvchi o‘yinlarda juda ko‘p bor maydonga tushganman. Bunaqangi muhim bahslar faoliyatimda 10 ta bo‘lgan. Mahalliy chempionatda to‘p suradigan futbolchilar esa, bunday bosimni atigi 2 bor his qilishgan. U ham kubok finalida yoki chempionlik uchun kurash bo‘lsa, sodir bo‘lishi mumkin. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi