1 127
Kuchsizlashgan “Paxtakor“, Babayan effekti va maqsadlari o‘zidan katta “Neftchi“! Superliga startini kim qanday o‘tkazdi?
Joriy mavsum avvalida ichki birinchiligimizdagi jamoalarning deyarli barchasi mavsumoldi o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini xorijda o‘tkazdi. Doimgidek, ular safida ko‘plab yangi nomlar paydo bo‘ldi. E’tiborlisi, avvalgilaridan farqli o‘laroq, bu safar kuchlilar qatoriga qo‘shilishni maqsad qilgan jamoalar soni ko‘p edi.
Xo‘sh, startdan xulosa qiladigan bo‘lsak, kim kutilgan o‘yinni namoyish etmoqda? Qaysi klub syurpriz? Chempionlik uchun kurash olib borayotganlar safi kengayadimi? Shu va shunga o‘xshash boshqa savollarga bugun javob berishga urinib ko‘ramiz.
1-qism
“Neftchi“ - "Eyforiya!"
“Neftchi“ - o‘zbek futbolining klassikasi! Farg‘onalik ishqibozlar ko‘zlarida olov bilan eslaydigan o‘tmishni so‘zlaganida, barcha klub fanatlari jim tinglashga majbur. Yuriy Sarkisyan qo‘yib ketgan "planka" shu qadar baland-ki, unga bugungi “Neftchi“ni yetishi dargumon. Ammo, shunga harakat bor. Saviyali transferlar, muxlislar e’tibori, ta’mirlanayotgan stadion va katta ambitsiyalarga ega rahbariyat - barchasi a’lo darajada. Biroq natija talab qilishga hali erta. Hatto Arveladze ham bir mavsumda katta budjetga ega “Paxtakor“ni yengilmas qila olmadi. “Neftchi“dan bugun va hozir natija talab qilish imkonsiz. Tarkibning barcha asosiy figuralari boshqa jamoalardan taklif etilgan. Murabbiy ularni jamoaga “singdirib“ yuborgach, o‘zi istayotgan futbolni ko‘rsatishi mumkin.
“Qizilqum“ - "Yashirin tulpor"
Nikola Lazarevich o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlaridan eng unumli foydalangan mutaxassislardan biri, desak, adashmagan bo‘lamiz. Tarkibni ancha nomdor futbolchilar bilan to‘ldirgan jamoa hozir kuchli to‘rtlikda bo‘lishga asosiy da’vogar. Zarafshonliklar boshqa klublar singari o‘ta taniqli futbolchilarni qo‘lga kiritmagan bo‘lsa-da, maydondagi barcha pozitsiyalar uchun top darajadagi (Superligamizdan kelib chiqib) ijrochilarni o‘z safiga qo‘shib oldi. Bu uzoq davom etadigan liga bahslarida qo‘l kelishi aniq. Start ajoyib, ammo finish-chi? Aktamov bosh murabbiy sifatida ishlagan mavsumlarda “Qizilqum“ aynan yakunda muhim ochkolarni boy berardi. Nikola bu xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarsa, “oltin qazuvchilar“ 2+2 kvotasi uchun bemalol kurash olib borishga qodir.
“So‘g‘diyona“ - “Atletiko“ning o‘zbekcha versiyasi
Ulug‘bek Baqoyev tom ma’noda Diyego Simeonega aylanib bormoqda. Jamoasining uslubi, qiziqqonligi, emotsiyalar evaziga epizodlarda yutib chiqishga o‘rgatilgan shogirdlari... Bunday o‘xshatishlar ko‘p. Muhimi, Simeonening yo‘lini bersin. Jizzaxliklar tarkibiga qarar ekanmiz, ancha shakllangan “banda“ga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Futbolchilarning tartib-intizomi, maydonda bir-birini “sug‘urtalashi“, standartlarni qurolga aylantirgani “So‘g‘diyona“ni tobora qudratli kuchga aylanishiga sabab bo‘lmoqda. Bu mavsumdagi start a’lo darajada, 3 o‘yinda 7 ochko. Hammasi reja asosida borsa, “So‘g‘diyona“ kuchli uchlikda bo‘lishi hech gap emas.
“Navbahor“ - Parvozga shaylangan lochin
"Qolgan yo‘nalishlardagi kamchiliklarni ichki muhitning a’lo darajada bo‘lishi evaziga berkitish mumkin. Biroq kuchli tarkib bo‘lsa-da, yomon ichki muhit bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi", - degandi Gus Xiddink.
Namangandagi “Navbahor“ - “Nasaf“ o‘yinini stadionda tomosha qildim. Ammo kuchli bosim va hayajon sababli aytarli hech narsa ko‘rganim yo‘q. 3-turga kelib, Samvel Babayan effektini sezdim. Nimada deysizmi? Marushichning “Qo‘qon-1912“ darvozasiga kiritgan goli yodingizdami? O‘sha lahzada zaxirada o‘tirganlardan tortib, murabbiylar shtabigacha gol kiritgan futbolchini qutlash uchun maydonga “otildi“. Bu Kanchelskis, Hasanov va Jalilov davrida umuman ko‘zga tashlanmagandi. Har holda, Samvel Vyacheslavovich chempion bo‘lishga qodir jamoani tuzishdan avval, uni oilaga aylantirish kerak, deb hisobladi chog‘i. Hozircha, bu o‘z effektini bermoqda. Ikkita teng kuchli tarkib, mehmonda ham qo‘llab-quvvatlashga tayyor muxlislar armiyasi, boshqaruvni to‘laqonli o‘z qo‘liga olgan Babayan. Nima deb o‘ylaysiz, bu chempionlik formulasimi?!
“Paxtakor“ - Ovdan qaytayotgan "sher"
Darhaqiqat, so‘nggi 5-6 yil ichida “Paxtakor“ O‘zbekistonda mutlaq gegemonga aylanib ulgurdi. Boshqachasiga bu ustunlikni tasvirlash imkonsiz. Katta pullar, barcha mahalliy yulduzlarning bir joyga jamlanishi va ishga yevropacha yondashuv. Afsuski, bu temp vaqtincha ekan. Arveladze ketgach, Xyuistra uning yo‘qligini sezdirmaslikka chirandi. Lekin 100 foiz uddaladi, deb bo‘lmaydi. Endi Arveladzening yo‘qligini bildirmaslikka uringan Xyuistrani Slavche Voyneski almashtirdi. Piter o‘z-o‘zidan “Shota II“ sifatida ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Xo‘sh, Slavche-chi? U Voyneskimi yoki “Shota III?“
Bugungi “Paxtakor“ni avvalgilaridan kuchli, deb bo‘lmaydi. To‘g‘ri, u hali-hamon chempionlik uchun asosiy da’vogar. Qolgani Superligada chempionlikni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan jamoalarga bog‘liq. Agar qorni to‘q va ovdan qaytayotgan sherni to‘xtatib qolishni uddalay olmasa, demak, ularda chempion bo‘lish istagi hech qachon bo‘lmagan.
“Dinamo“ - O‘zgacha yurish
Biroz tanaffusdan so‘ng Samarqandga yana katta futbol qaytdi, qaytganda ham bayramga aylanib ketdi. Birinchi turda Osiyo grandi “Paxtakor“ “Dinamo“ muxlislari ko‘z o‘ngida maydonga chiqib keldi. To‘g‘ri, yakunda g‘alaba amaldagi chempion hisobiga yozildi. Biroq Predrag Rogan shogirdlaridan hech kim xafa bo‘lgani yo‘q. Keyin “So‘g‘diyona“ bilan bahs ham alamli mag‘lubiyat bilan yakunlandi. 3-tur oldidan jamoaning yangi murabbiyi o‘zgacha yurish qildi. U jamoa ishqibozlariga murojaat yo‘lladi.
“Chempionatning dastlabki ikki turida bizni qanday qiyin o‘yinlar kutib turganini yaxshi bilardik, chunki raqiblar – chempion va vitse-chempion edi.
Bu o‘yinlar bizni ko‘proq ruhlantirdi hamda shuni aytishni istardimki, raqibimiz kim bo‘lishidan qat’i nazar, har bir o‘yinga to‘liq kuch bilan tayyorgarlik ko‘ramiz. Albatta, o‘tgan ikki o‘yinda biz yaxshiroq natijani kutgandik. Ammo vaziyatga real yondashish lozim. O‘yinlarda yaxshi vaziyatlarimiz ko‘p bo‘ldi. Lekin ulardan foydalana olmadik. Futbolda esa buning uchun raqib seni jazolashi aniq. "Paxtakor" va "So‘g‘diyona"dek tajribali jamoalar o‘z vaziyatlaridan foydalanmay qo‘ymaydi. Bizning tarkibimiz yangi, hali vaqt kerak, sabr bilan ko‘p ishlashimiz lozim.
O‘tgan ikki turda kuchli jamoalarga qarshi o‘yinda istalgan raqib bilan tengma-teng o‘ynay olishimizni ko‘rsatdik. Tarkibimizdagi juda ko‘p futbolchilar "Dinamo" libosini kiyishga munosib ekanliklarini ko‘rsatishdi. Ularning aksariyati yosh, hali Superliga o‘yinlarida o‘ynash tajribasi yo‘q. Muhimi, futbolchilar o‘z ustida ishlab, "Dinamo" uchun bor kuchlarini sarflab, vijdonan ishlashmoqda, tajriba esa o‘yindan o‘yinga oshaveradi. Aksariyat o‘yinchilarga maydonda ko‘proq imkoniyat berib, ular ham jamoani kuchaytirish uchun taklif etilganini isbotlashi lozim.
"Dinamo" muxlislariga o‘tgan ikki turdagi qo‘llab-quvvatlash uchun minnatdorchilik bildiraman. Ular bizning bir bo‘lagimiz. Chunki "Dinamo"dek jamoaning muxlislari bilan hammasi osonroq kechadi. Qo‘llab-quvvatlash uchun rahmat, balli yigitlar! "Dinamo" uchun birga, olg‘a!”
Ochig‘i, xorijlik mutaxassisni klub fanatlari bilan bunday kontaktga borganini Superligamizda har kuni ham ko‘ravermaysiz. Tarkib yomon emas, ammo ularni to‘liq shakllanmagani fakt. Shunday ekan, “Dinamo“ mavsumda elitada jon saqlab qolishni asosiy maqsadga aylantirgan.
“Lokomotiv“ - "Yangi Klopp"ning qisqa ertagi
Denis Korostichenko boshqaruvidagi “Loko“ birinchi turda “Qizulqum“dan mag‘lubiyatga uchragach, barcha buni tarkibning keskin kuchsizlanganiga yo‘ydi. 2-turda AGMK bilan o‘yinda amalga oshirilgan "kambekcha“ Denisni "Kloppga aylantirdi". 3-turda Superliganing eng “kamsuqum“ jamoasi sanalgan “Bunyodkor“ "temiryo‘lchilar"ni taslim etdi. Voqealar rivojini kuzatar ekansiz, Korostichenkoni "o‘zbekistonlik Klopp" deb ta’rif olishidan boshqa hech narsa yarq etib ko‘zga tashlanmasligiga guvoh bo‘lasiz. Tan olish lozim, klub mavsum avvalida xorijda yig‘in o‘tkazmadi.
Katta maosh talab qilgan hammaga ruxsat berdi. “Temiryo‘lchilar“ning bugungi asosiy vazifasi - akademiyani kuchaytirish orqali o‘z-o‘zini futbolchi bilan ta’minlashga qodir klubga aylanish. Bu maqsad yo‘lida Superliganing bir nechta mavsumini barbod qilsa ham ularni koyimang! Har holda, bugun natija beradigan besamar legionerlaru, yoshi 30 dan oshgan futbolchilarni tarkibga chorlaydigan klublardan futbolimiz hech narsa yutmaydi. Bundan zarracha naf bo‘lganida, biz allaqachon JCHda ishtirok etgan bo‘lar edik.
Ya. U
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Revanshda g‘alaba qozonish uchun Tayson Fyuriga nima kerak?
Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni energetika vazirini qabul qildi
1 dekabrdan ichimlik va oqova suv uchun to‘lov faqat elektron shaklda amalga oshiriladi
Shols «tez orada» Putin bilan gaplashishga tayyorligini ma’lum qildi