O‘zbekiston nomidan ishtirok etayotgan klub(lar)ning guruhdan chiqa olmasligi oydinlashgach, darrov tanqidlar yomg‘iri yog‘ila boshlaydi. Masalan, kecha tunda "Paxtakor" ikkinchi bor "Al Duhayl"ga mag‘lub bo‘ldi. Birinchi o‘yinda bo‘lgani kabi yana uchta to‘p o‘tkazib yubordi. Faqat dastlabki bellashuvda qatarliklar darvozasiga ikkita gol ura olgandi. Lekin kecha shuncha hujum besamar ketdi.
Osiyo chempionlar ligasi, Osiyo Kubogi, Jahon chempionati saralash o‘yinlari - bularning hammasi o‘zbek futboliga qo‘yilgan ko‘zgu. Biz shu kabi musobaqalarga qarab o‘z darajamizni bilib olamiz. Guruhdan chiqsak yoki uzoqqa borsak, futbolimiz rivojlanayotganidan, aksi bo‘lsa, quyiga sho‘ng‘iyotganimizdan darak beradi. Qaysidir ma’noda Chempionlar ligasi ham bugungi holatimizni ko‘rsatmoqda.
Saviyasi ko‘tarilmayotgan futbol
O‘zbekistonda futbol darajasi ko‘tarilyaptimi? degan savolga hech ikkilanmay Yo‘q! desa bo‘ladi. Agar kimdadir teskari fikr bo‘lsa, marhamat, eshitishga tayyormiz. Milliy chempionat o‘yinlariga nazar tashlaylik, saviya ancha tushib ketgan, muxlislar ham stadiondan qochgan. Futbol odamlarga oldingidek bayram kayfiyatini ulashmayapti. Faqat vodiyni hisobga olmasak, boshqa joylarda o‘yingohlar to‘lmayapti. Axir ishqibozlar ham anoyi emas, ular shiddatni ko‘rish uchun stadionga keladi, zerikarli o‘yinlarni kimga qizig‘i bor?
Futbol darajamiz ko‘tarilmayotganini o‘tgan yil milliy terma jamoa misolida ham ko‘rdik. Jahon chempionati saralash bosqichida guruhdan chiqa olmaslik biz uchun juda uyatli natija bo‘ldi. Lekin muammoni hal qilishning eng oson yo‘lini tanladik: bosh murabbiyni ishdan olib, o‘rniga boshqasini qo‘ydik. Lekin terma jamoaga e’tibor o‘zgardimi? Futbolchilarga yaxshi sharoit qilindimi? Mashg‘ulot o‘tkazish uchun nechta maydon barpo etildi? Terma jamoa o‘z bazasiga ega bo‘ldimi? Yo‘q, bularning hech biri amalga oshmadi. Faqat qog‘ozda loyihalar bor, xolos.
Uzilmas zanjir
Muammolarning hammasi bir-biriga chambarchas bog‘langan zanjirni eslatadi. Zanjirni bittaga uzib bo‘lmagani kabi muammolarni ham bir deganda hal qila olmaymiz. Buning uchun katta dastur ishlab chiqib, shu asosda harakat qilish lozim. "Paxtakor" OCHLda guruhdan chiqa olmadi ham deylik, lekin bu bilan nima o‘zgaradi? Hech nima. Jamoa Toshkentga qaytib keladi va Superligada o‘ynashda davom etadi. Ishoning, "Paxtakor" shu holatida ham O‘zbekistonning eng kuchli jamoasi. Ha, faqat O‘zbekistonda, Osiyoda emas!
Muammo shundaki, OCHLda qiynalgan "Paxtakor" Superligada bunday qiyinchilikni ko‘rmaydi, chunki boshqalar yanada kuchsiz. Butun mavsum davomida mayli to‘rtta qiyin o‘tkazar, lekin qolgan uchrashuvlarni ortiqcha qiyinchiliksiz o‘z foydasiga hal etadi. Chunki bizning darajamiz shu. Qolaversa "Al Duhayl"ga qarshi "Paxtakor"dan boshqa jamoa turib bera olishini tasavvur ham qila olmaymiz.
Xoh Ali, xoh Vali
Kechagi mag‘lubiyatdan so‘ng "Paxtakor" darvozaboni va legioner futbolchilari sha’niga qattiq gaplar aytildi. Ammo ishoning, gap bu yerda qaysidir futbolchining xatosida emas, balki jamoaviy o‘yinda. Suyunov o‘rnida Quvvatov bo‘lganida ham shu natija bo‘lishi mumkin edi, yoki bo‘lmasa legioner himoyachisi o‘rnida o‘zimizning qorako‘z bo‘lganida ham shu holat takrorlanardi. Chunki asl gap bu yerda falonchi futbolchi yoki falonchi darvozabonda emas, balki umumiy saviya yuqori emasligida.
"Paxtakor" olib kelgan legionerlar OCHLga tortmaydi, lekin ularning darajasi Superligaga to‘g‘ri kelsa bo‘ldi, klub rahbariyatiga shu ham bo‘laveradi. Bosh murabbiy saviyasi ham xalqaro o‘yinlarga tortmasligi mumkin, lekin o‘zimizning chempionatga o‘taveradi, axir raqobat kuchli emas-ku, jamoani sal to‘g‘rilab qo‘ysa bo‘ldi, "Paxtakor" yana g‘alaba qozonaveradi.
Seleksiyaga kim javobgar?
Jamoaga murabbiy topish bilan odatda klub sport direktori, futbolchi topish bilan esa seleksioner shug‘ullanadi. Slavche Voyneski qaysi karomati evaziga taklif etilgani bizga qorong‘i. Shu jumladan, "Paxtakor" olib kelgan legionerlar ham. Murabbiy ishini bajarmasa uni ishdan bo‘shatamiz. Futbolchi o‘ynab keta olmasa, javobini berib yuboramiz. Lekin qaysidir klubda sport direktoriga chora ko‘rilibdi degan gapni eshitganmisiz?
Katta qismi suv ostida qolgan aysberg
Aytishlaricha, aysbergning faqat to‘rtdan bir qismi suvdan chiqib turar ekan. Biz gapirayotgan muammolar ham aysbergning suvdan chiqib turgan qismi. Biz faqat o‘yinda ko‘rgan narsamizni gapiramiz. Kartinaga qarab fikr yuritamiz. Ammo ishoning, muammolar faqat ko‘ringan joyda emas, O‘zbekistonning istalgan klubida "ko‘rinmas" muammolar shu qadar ko‘pki, qay birini aytishni, qaysini bartaraf etishni ham bilmaysan.
"Al Duhayl"ning har ikkala o‘yinda g‘alaba qozongani bejiz emas. Har uch kunda bo‘ladigan o‘yinlarda mashg‘ulotdan ko‘ra tiklanish muhim ahamiyat kasb etadi. "Al Duhayl"da futbolchilarni tiklash jarayoni yuqori saviyada bo‘lsa kerak. Har holda Tobi Alderveyreldni olib kelgan jamoa faqat futbolchining oyog‘iga muz qo‘yish bilan tiklanishni o‘tkazmasa kerak. "Paxtakor" esa bu tomonlama ham orqada. Dunyoning eng zo‘r murabbiyi bilan eng kuchli futbolchisini olib kelsangiz ham, agar sizda zarur tibbiy xizmat va boshqa kerakli jihozlar bo‘lmasa, baribir hech narsaga erisha olmaysiz.
Barsa Bloger.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Google'ning Gemini chatboti foydalanuvchiga o‘lim tiladi