Kremniy vodiysini zabt etgan o‘zbekistonlik huquqshunos: Asror Arabjonov AQSHga qanday borib qolgani, viza va startaplari haqida
IT Park xorijda faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonlik mutaxassis Asror Arabjonov bilan intervyu tashkil qildi.
Asror 30 yoshda. U Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida huquqshunoslik bo‘yicha bakalavr, Stenford universitetida esa magistrlik darajasiga ega bo‘lib, hozirda korporativ huquqshunos sifatida Kremniy vodiysida yashab, faoliyat olib boradi.
AQSHga qanday qilib borib qolgan?
Asror magistratura tufayli xorijga ketishga muvaffaq bo‘lgan.
“Men Stenford universitetining yuridik fakultetida magistraturada o‘qiganman. Shunday qilib, xotinim va men 2021 yilda AQSHga kelib qoldik. Hozirda Silikon vodiysida yashayman, “Datatruck.io” startapi ustida ish olib boryapman, Draper Associates venchur kapital firmasida ishlayman va Markaziy Osiyodan startaplarga Amerika bozoriga kirishda va venchur kapitalini moliyalashtirishda yordam beraman”.
“Datatruck.io” startap loyihasida Asror hammuallif hamda operatsiyalar va huquqiy masalalar bo‘yicha direktor hisoblanadi. Datatruck transport sanoatiga avtomatlashtirilgan jarayonlarni olib kirish ustida ishlamoqda.
Startap Asror va uning AQSHda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik do‘stlari tomonidan boshlangan. Ayni paytda loyihaga dastlabki investitsiyalar jalb qilingan va platforma test rejimida ishga tushirilgan.
Ammo bu Asror ishtirok etgan yagona muvaffaqiyatli loyiha emas — u Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidagi Khantex tekstil klasterida ishlagan jamoa a’zosi bo‘lganidan juda faxrlanadi. Asror “Chortoq” mineral suvi loyihasi direktori sifatida ham faoliyat olib borgan.
“O‘zim huquqshunos bo‘lsam-da, meni doimo startaplar va umuman olganda IT sohasi qiziqtirgan. Darvoqe, Kremniy vodiysida ish izlab yurgan huquqshunos sifatida aytishim mumkinki, bu yerda viza qo‘lga kiritish va ishga joylashish masalalarida IT-mutaxassislar uchun ancha oson.
Magistraturadan so‘ng STEM mutaxassislari AQSHda 3 yil qolish va ishlash huquqiga ega bo‘ladi. Gumanitar fanlar bitiruvchilari uchun bu muddat bir yil bilan cheklangan”.
Aytgancha, qahramonning o‘zi darhol vizaga ega bo‘lmadi: birinchi marta elchixonadan rad javobi berildi. Aftidan, O‘zbekistonda oyiga 4-5 ming AQSH dollari olib, 100-120 ming dollar jamg‘arish mumkinligiga ishonishmagan bo‘lsa kerak, deb hisoblaydi mutaxassis. Ammo ikkinchi urinishda hech qanday muammo bo‘lmadi.
Viza bilan bog‘liq qiyinchiliklar, chamasi, yagona to‘siq bo‘lib turgan edi. Qolgan hammasi Asror uchun qiyinchiliklarsiz o‘tdi.
“Biz rafiqam bilan bundan oldin AQSHda bo‘lganimiz sababli kundalik hayotda deyarli hech qanday qiyinchiliklarga duch kelmadik. Tezda joylashib, moslashib oldik, qiziqarli joylarni topdik. Bakalavr darajasidan keyin sezilarli tanaffusdan so‘ng talaba holatiga qaytish qiyin bo‘ldi. Lekin bu meni yanada kuchliroq qildi”.
O‘zbekistonning IT sohasini qanday baholaydi?
Asrorning so‘zlariga ko‘ra, hozir O‘zbekistonda IT sohasi jadal rivojlanmoqda, biroq kichik bo‘shliqlar mavjud. Uning ishonchi komilki, hukumat buni tez orada hal qiladi.
“O‘zbekistonni paxta mamlakati sifatida butun dunyo biladi. Ishonamanki, IT sohasi keyingi yetakchi sohamiz bo‘lishi mumkin. Buning uchun mamlakatda barcha sharoitlar mavjud.
Men bor-yo‘g‘i ikkita katta muammoni ko‘ryapman: birinchidan, O‘zbekiston bu sohaga juda kech kirib kelmoqda, ikkinchidan, bizda ta’limda – matematika va umuman, tabiiy fanlar bo‘yicha kamchiliklar bor.
Lekin mamlakatda qanday o‘zgarishlar bo‘layotganini ko‘rib turibman va bundan juda xursandman. Umid qilamanki, yaqin yillarda O‘zbekiston AKT sohasida jahon yetakchilaridan biriga aylanadi”.
“Amerika Qo‘shma Shtatlarida mavjud bo‘lgan qanday yangiliklarni O‘zbekistonda joriy qilmoqchisiz”, degan savolga Asror “birinchi navbatda venchur investorlar va akseleratorlar bizga ko‘proq kelishini istardim” deya javob berdi.
“Bu yerda ham ko‘plab G‘arb tashabbuslarini joriy qilish yaxshi bo‘lardi. Misol uchun, juda xohlardimki, kichik IT-guruhlar o‘z kompaniyalarini osongina yaratsa va ularni yopa olsa.
Startaplarimiz ta’sischilarining hissasi intellektual mulk obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazmasdan va uni “konvertatsiya qilinadigan kredit” vositasidan foydalanish qulayroq bo‘lishi uchun, startaplar o‘z xodimlariga ustav fondini tasdiqlash shartisiz “opsionlar”ni tarqatishi mumkin bo‘lsa. Umuman, O‘zbekistonda juda ko‘p zarur va foydali narsalarni ishga tushirish mumkin”.
Asrorning o‘zi ham kelajakda O‘zbekistonda yashashini istisno etmaydi. Aytganidek, u O‘zbekistonni tom ma’noda tark etgani yo‘q.
“Biz butunlay chet elga ko‘chib o‘tdik, demagan bo‘lardim. Biz o‘z o‘rnimizni topmoqdamiz va shu asnoda jamiyat uchun qayerda foydali bo‘lishimiz mumkinligini o‘ylaymiz. Lekin vatanimizga qaytishimiz mumkinligini ham inkor etmayman”.
IT Park bilan hamkorlikdagi yangi loyiha
Yaqin kunlarda Asror va IT Parkning yangi qo‘shma rukni ishga tushirilmoqda.
“Men uzoq vaqtdan beri IT Park sahifalarida rukn ochishni orzu qilardim. Ushbu bosqichda biz ta’sischilar startaplar, mamlakat ichida ham, xorijda ham kapital jalb qilish bo‘yicha asosiy bilimlarga ega bo‘lishi uchun ularning sifati ustida ishlashga kelishib oldik.
Biz startaplar, IT Park rezidentlari va kengroq auditoriya uchun bir qator maqolalar, video darsliklar, onlayn translyatsiyalarni tayyorlashni rejalashtirmoqdamiz”.
Loyiha yaqin oylarda boshlanadi. Asrorning ishonchi komilki, ushbu tashabbus IT sohasiga qiziqqan ko‘pchilikka o‘ziga yoqadigan ish topishda yordam beradi.
“O‘zbekistonda iqtidorli va istiqbolli yoshlar-u muvaffaqiyatli kompaniyalar ko‘p. Men o‘z tajribam va ko‘nikmalarimni baham ko‘rmoqchiman. Bu har qanday IT mutaxassisi uchun foydali bo‘ladi”.
Yosh va tajribasiz mutaxassislarga mehmonimiz jasur bo‘lishni tilab qoladi.
“Har bir IT mutaxassisi amalga oshirib bo‘lmaydigandek ko‘rinadigan reja/loyihani boshlashi uchun jasorat, qat’iyat, o‘ziga ishonch va hatto bir oz telbalikka ega bo‘lishi kerak. Eng muhimi, muvaffaqiyatga erishishda aynan unda imkoniyat borligiga ishonishi lozim!”
Manba: Daryo.uz
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring