
Microsoft kompaniyasi tibbiy tashxis qo‘yish jarayonida yangi inqilobga asos solishi mumkin bo‘lgan MAI Diagnostic Orchestrator nomli sun’iy intellekt tizimini namoyish etdi. Wired'ning yozishicha, ushbu yangilik shifokorlar guruhining ko‘rsatkichlaridan to‘rt baravar aniqroq tashxis qo‘ya olgan.
Ta’kidlanishicha, bu innovatsion tizim nafaqat bemorlarning holatini tez va samarali baholay oladi, balki tibbiy tekshiruv xarajatlarini ham 20 foizga qisqartirib beradi. Microsoft'ning sun’iy intellekt bo‘yicha bo‘lim rahbari Mustafo Sulaymon ushbu loyihani "tibbiy zehn sari tashlangan haqiqiy qadam" deb baholadi. MAI Diagnostic Orchestrator ko‘plab yetakchi til modellari — ChatGPT, Gemini, Claude, LLaMA va Grok'ni birlashtiradi va ekspertlar hamkorligiga asoslangan faoliyat yuritadi.
Tizim New England Journal of Medicine'da e’lon qilingan 304 ta klinik holat asosida sinovdan o‘tkazildi. U shifokorlar kabi bemorning alomatlarini tahlil qilib, testlar tayinlab, tashxis qo‘ydi. Natijalarga ko‘ra, MAI Diagnostic Orchestrator'ning aniqlik darajasi 80 foizni tashkil etgan, shifokorlarniki esa atigi 20 foizga yetgan. Shu bilan birga, sun’iy intellekt arzon, lekin samarali usullarni tanlay olgani ham qayd etilgan.
Loyihaga Google'ning sobiq yetakchi mutaxassislari rahbarlik qilmoqda. Microsoft ularni o‘z safiga jalb qilib, raqobatchi texnogigantlarga kuchli zarba bermoqda. Kompaniya vitse-prezidenti Dominik Kingning fikricha, endigi qadam — bu texnologiyani real tibbiy sharoitlarda sinovdan o‘tkazish bo‘ladi.
Biroq, mutaxassislar natijalarga ehtiyotkorlik bilan yondashish kerakligini ta’kidlashmoqda. Chunki sinov jarayonida shifokorlar o‘zlarining barcha qo‘shimcha yordam vositalaridan foydalanmagani inobatga olinmagan. Shuningdek, sun’iy intellekt bemorlarning individual xususiyatlarini va mavjud sharoitlarni qanday hisobga oladi, degan masala ham aniq emasligicha qolmoqda.
Ayni paytda, Microsoft bu tizimni ommaviy tijoratga chiqaradimi yoki yo‘q — bu hali noma’lum. Ammo MAI Diagnostic Orchestrator'ni Bing yoki boshqa tibbiy platformalarga integratsiya qilish imkoniyati ko‘rib chiqilayapti. Microsoft'ning fikricha, bunday ilg‘or texnologiyalar kelgusida tibbiyotda sarflanadigan mablag‘larni sezilarli kamaytirishga yordam beradi.
Tez fursatda sun’iy zehn sog‘liqni saqlash sohasini tubdan o‘zgartirishi mumkin. Lekin har qanday ilg‘or texnologiya singari, uning haqiqiy ta’siri faqat vaqt o‘tishi bilan aniq bo‘ladi. Shubhasiz, Microsoft tashabbusi dunyo tibbiyotida yangi davrni boshlab berishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar