date

Avtomobildagi Stop-Start tizimi foydali yo zararli?

Avtomobildagi Stop-Start tizimi foydali yo zararli?
Bugungi kunda ko‘plab yangi avtomobillar Stop-Start tizimi bilan jihozlanayotgani kuzatilyapti. Bu texnologiya transport vositasi to‘xtaganda dvigatelni avtomatik ravishda o‘chiradi va haydovchi tormozdan oyog‘ini olganda uni qayta yoqadi. Bu, albatta, yoqilg‘i tejamkorligi va ekologik ta’sirni kamaytirish maqsadida yaratilgan samarali usullardan biri hisoblanadi. Ammo savol tug‘iladi: uning uzoq muddatli ta’siri qanday?

Sinov va kuzatuvlarga ko‘ra, ushbu tizim yoqilg‘i sarfini 6–15% gacha kamaytirish imkonini beradi. Aholi gavjum shaharlarda bu raqam 35% gacha yetishi mumkin. Tizimning yana bir afzalligi — СO₂ chiqindilarini kamaytirishi va shovqin darajasini pasaytirishi, bu esa ayniqsa ekologik muammolari mavjud bo‘lgan shaharlar uchun muhim hisoblanadi.

Shuningdek, Stop-Start tizimi juda tez ishlaydi: dvigatelni qayta yoqish 400 millisekund atrofida vaqt oladi, bu esa haydovchi uchun deyarli sezilmaydi. Bunday natijalarga erishish uchun mustahkamlangan akkumulatorlar, maxsus starterlar va intellektual boshqaruv bloklari qo‘llaniladi.

Har qanday texnologiyada bo‘lgani kabi, Stop-Start tizimi ham murakkab muhandislik yechimlarini talab qiladi. Har gal dvigatel qayta-qayta yonib o‘chishi natijasida ayrim komponentlar, ayniqsa turbokompressor va moylash tizimi zarar ko‘rishi mumkin.

Muhim nuqta shundaki, turbo tizimlar to‘xtaganidan so‘ng ham yog‘ bilan to‘liq ta’minlanishi lozim. Agar motor zudlik bilan o‘chirilsa, turbina yog‘siz qolishi va natijada qizib ketishi mumkin. Shuning uchun ayrim ishlab chiqaruvchilar sovutuvchi pompalarni qo‘shimcha tarzda o‘rnatish orqali bu muammoni yumshatishga harakat qilishadi.

Agar siz katta shaharda tez-tez tirbandlikka duch kelsangiz va dvigatel har 10–15 soniyada o‘chib-yonilsa, Stop-Start funksiyasini vaqtincha o‘chirish tavsiya etiladi. Bu, ayniqsa, kichik hajmli dvigatelga ega mashinalar uchun juda muhim, chunki ularda motor tezda qizishi yoki mayda qismlar tez eskirishi mumkin.

Ko‘plab avtomobil modellarida bu funksiyani qo‘lda o‘chirish uchun maxsus tugma mavjud — uni vaziyatdan kelib chiqib foydalanish maqsadga muvofiq.

Stop-Start tizimi nafaqat yoqilg‘ini tejaydi, balki atrof-muhitni himoya qilishda ham samarali vosita hisoblanadi. Biroq, bu tizimdan foydalanishda ishlab chiqaruvchi tavsiyalariga rioya qilish, avtomobilning holati va foydalanish sharoitlarini hisobga olish lozim.

Avtomatlashtirishga to‘liq ishonish o‘rniga, vaziyatni ongli baholash va zarur hollarda funksiyani vaqtincha o‘chirish katta xarajatlarning oldini olishi mumkin. To‘g‘ri yondashuv bilan Stop-Start nafaqat tejamkorlik, balki avtomobil umrini ham uzaytiradi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Avtomobildagi Stop-Start tizimi foydali yo zararli?