
So‘nggi yillarda sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar jadal rivojlanmoqda. Ularning orqasida esa ulkan texnologik inshootlar – ma’lumot markazlari (data center) mavjud. Bu markazlar, internet bankdan tortib, ChatGPT kabi sun’iy intellekt xizmatlarini uzluksiz ishlashini ta’minlaydi. Ammo, bu texnologik qudrat o‘zining yashirin salbiy ta’sirlarini ham namoyon qilmoqda – suv tanqisligi va ekologik muammolar.
AQShning Jorjiya shtatidagi kichik qishloq – Mensfildda yashovchi Beverli Morris nafaqaga chiqqach, orzusidagi osoyishta hayotni boshlab, tabiat bilan uyg‘unlikda yashashni niyat qilgan edi. Ammo, oradan bir necha yil o‘tmay, uning uyidan atigi 400 metr narida Meta (Facebook kompaniyasining egasi) tomonidan qurilgan katta ma’lumot markazi ishga tushdi.
Natijada, Morris xonadonining yagona suv manbai – qudug‘i loyqa va qum bilan to‘lib, yaroqsiz holga keldi. U hozirda hojatxonani ham chelakda tashib keltirilgan suv bilan yuvishga majbur. Suv bosimi past, ichimlik sifatida foydalana olmaydi.
Meta kompaniyasi bu muammoga aloqadorligini rad etmoqda. Ular mustaqil ekspertizani o‘tkazib, suv tizimi ma’lumot markazi faoliyatidan zarar ko‘rmaganini aytishmoqda. Ammo Beverli va uning qo‘shnilari boshqacha fikrda.
Biz “bulut texnologiyalari”ni ko‘pincha virtual tasavvur qilamiz. Ammo bu “bulutlar” real inshootlarda – dunyo bo‘yicha 10 mingdan ortiq data markazlarda yashaydi. Eng ko‘p markazlar AQSh, Buyuk Britaniya va Germaniyada joylashgan.
Sun’iy intellekt, bulutli saqlash va raqamli xizmatlarga talab oshgani sari, bu markazlar soni tez sur’atda ko‘paymoqda. Natijada, ekologik muammolar, ayniqsa suv iste’moli masalasi dolzarb bo‘lib bormoqda.
Yuqori quvvatli serverlar sovitilishi kerak – buning uchun esa millionlab litr suv sarflanadi. Issiq kunlarda bitta markaz kuniga o‘rtacha 11-19 million litr suv ishlatadi.
Tadqiqotlarga ko‘ra, sun’iy intellekt asosidagi ma’lumot markazlari 2027-yilgacha global miqyosda 6.46 trillion litr suv iste’mol qilishi mumkin.
Yetakchi texnologik kompaniyalar, masalan Amazon Web Services (AWS), bu muammoga jiddiy yondashmoqda. AWS suv sarfini kamaytirish, yomg‘ir suvidan foydalanish va chiqindi suvni qayta ishlash kabi yechimlarni taklif qilmoqda. Ularning maqsadi 2030-yilgacha foydalanilgan suvdan ko‘ra ko‘proq suvni tabiiy havzalar va jamoalarga qaytarish. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar