date

Xiaomi isitadigan va bakteriya yo‘qotuvchi yopinchiqni taqdim etdi

Xiaomi isitadigan va bakteriya yo‘qotuvchi yopinchiqni taqdim etdi

Xiaomi kompaniyasi innovatsiya sohasida yana bir yangi mahsulotni namoyish etdi. Bu safar brend foydalanuvchilarni fasli sovuq mavsumda ham qulaylik va xavfsizlik bilan ta’minlaydigan Mijia Smart Electric Blanket — aqlli elektr yopinchiqni taqdim qildi.

Mazkur yopinchiq nafaqat isitish, balki bakteriya va hasharotlarni yo‘qotish imkoniyatiga ham ega. Qurilma ichidagi zamonaviy isitish tizimi misdan yasalgan yengil elementlar orqali ishlab, butun yopinchiq bo‘ylab teng issiqlik tarqatadi. Shu sababli uning har bir qismi bir xil darajada iliqlikni saqlab turadi.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, mahsulotda qizib ketish yoki qisqa tutashuv xavfiga qarshi avtomatik himoya tizimi joriy etilgan. Shuningdek, bolalar uchun alohida xavfsiz rejim mavjud bo‘lib, harorat avtomatik ravishda optimal darajada ushlab turiladi.

Foydalanuvchi yopinchiqni bir nechta usulda boshqarishi mumkin: maxsus pult orqali, XiaoAi ovozli yordamchisidan foydalanib yoki Mijia Home ilovasi yordamida. Haroratni masofadan turib o‘zgartirish va vaqt bo‘yicha avtomatik yoqish-o‘chirish funksiyasi ham qo‘shilgan.

Yopinchiq nafaqat isitish funksiyasi bilan, balki foydalanuvchining sog‘lig‘ini muhofaza qilishga qaratilgan. U bakteriyalarni yo‘qotish va hasharotlar tarqalishining oldini olish uchun maxsus ionli sterilizatsiya texnologiyasi bilan jihozlangan.

Hozircha Mijia Smart Electric Blanket faqat Xiaomi Youpin onlayn platformasida sotuvga chiqarilgan. Kompaniya mahsulotning xalqaro bozorda qachon sotuvga chiqishi va uning aniq narxi haqida hali rasmiy ma’lumot bermadi.

Texnologiya ixlosmandlari bu yopinchiqni Xiaomi’ning “aqlli uy” ekotizimidagi eng foydali va qulay qurilmalardan biri sifatida baholashmoqda. Shu bilan brend foydalanuvchilar uchun har tomonlama qulay hayotni ta’minlash yo‘lida yana bir qadam tashladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Xiaomi isitadigan va bakteriya yo‘qotuvchi yopinchiqni taqdim etdi