Rossiyada Tesla savdosi birinchi chorakda 35 foizga kamaydi

Rossiya bozorida "Tesla" elektromobillariga bo'lgan talab keskin pasayishda davom etmoqda. 2026-yilning birinchi choragi yakunlariga ko'ra, mamlakatda ushbu brendning bor-yo'g'i 36 ta yangi avtomobili ro'yxatdan o'tkazildi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Bu ko'rsatkich o'tgan yilning mos davriga nisbatan 35 foizga kamdir.
Kompaniya uchun eng muvaffaqiyatli yil bo'lgan 2023-yilda Rossiyada 1 257 ta yangi "Tesla" sotilgan edi. Biroq shundan so'ng savdo hajmi muntazam ravishda pasayib bordi: 2024-yilda 685 ta, 2025-yilda esa 449 ta mashina xaridorlarga yetkazib berildi.
Hozirgi ko'rsatkichlar brendning bozordagi mavqeyi sezilarli darajada zaiflashganini ko'rsatmoqda.
Kutilgan natijani bermayotgan modellar orasida "Tesla Cybertruck" ham bor. Oxirgi uch oy ichida Rossiyada ushbu pikapdan faqat 3 tasi hisobga qo'yilgan.
2024-yilning yozidan buyon mamlakatga jami 70 ta shunday elektromobil olib kirilgani ma'lum qilindi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!