"Real Madrid" Bernardo Silva transferidan voz kechdi

"Manchester Siti" yarim himoyachisi Bernardo Silva yozgi transfer oynasida "Real Madrid" safiga o'tishi mumkinligi haqidagi xabarlar rad etildi. Ispaniyaning "As" nashri xabariga ko'ra, futbolchining agenti Xorxe Mendes o'z mijozini Madrid klubiga taklif qilgan. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
31 yoshli portugaliyalik futbolchi joriy mavsum yakunida Angliya klubini tark etishi kutilmoqda. Silva faoliyatini eng yuqori darajadagi jamoada davom ettirish niyatida, biroq "Real Madrid" rahbariyati uning nomzodini ma'qullamadi.

Garchi Silva iyun oyi oxirida erkin agentga aylanishi va tekinga tushishi mumkin bo'lsa-da, Madrid klubi uning profili jamoaning kelajakdagi rejalariga mos kelmasligini bildirdi. Shu sababli Mendesning taklifi darhol rad etilgan.
Hozirda "Real Madrid" tayanch yarim himoyachisi qidirmoqda va bu borada asosiy maqsad sifatida Silvaning jamoadoshi Rodri tanlangan. Shuningdek, portugaliyalik futbolchiga "Yuventus" va uning sobiq jamoasi "Benfika" tomonidan qiziqishlar mavjud.
Bernardo Silva 2017 yilda "Monako"dan 50 million yevro evaziga "Man Siti"ga o'tgan edi. U jamoa bilan olti marta Premyer-liga va bir marta Chempionlar ligasida g'olib chiqqan.
Joriy mavsumda u barcha turnirlarda 47 ta o'yinda maydonga tushib, 3 ta gol va 5 ta assist muallifiga aylandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!