AQShda 1,8 tonna tortish kuchiga ega raketa dvigateli muvaffaqiyatli sinovdan o'tkazildi

AQSHning "Astrobotic" kompaniyasi NASA markazida "Chakram" nomli yangi avlod raketa dvigatelini muvaffaqiyatli sinovdan o'tkazdi. Sinovlar davomida qurilma 1,8 tonna tortish kuchini namoyish etib, 300 soniyalik uzluksiz yonish bilan ushbu turdagi dvigatellar uchun jahon rekordini o'rnatgan bo'lishi mumkin. Mazkur texnologiya an'anaviy dvigatellardan farqli ravishda tovushdan tez detontsiya to'lqinlaridan foydalanadi va bu yoqilg'i samaradorligini sezilarli darajada oshiradi. Kelajakda ushbu dvigatellarni Oyga qo'nish modullari hamda ko'p marta ishlatiladigan raketalarda qo'llash rejalashtirilgan.
"Astrobotic" kompaniyasi NASAning Alabama shtatidagi Marshall kosmik markazida o'zining "Chakram" rotatsion-detonatsion raketa dvigatelini (RDRE) sinovdan o'tkazishni yakunladi. Kampaniya doirasida dvigatelning ikki prototipi sakkizta olovli testdan o'tib, jami 470 soniyadan ko'proq vaqt davomida ishladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Sinovlar davomida 300 soniya davom etgan uzluksiz yonish jarayoni alohida e'tirof etildi. Kompaniya vakillarining so'zlariga ko'ra, bu ko'rsatkich bugungi kunda rotatsion-detonatsion dvigatellar uchun o'rnatilgan jahon rekordi bo'lishi mumkin.
Har bir dvigatel 1,8 tonnadan ortiq (taxminan 18 kN) tortish kuchini namoyish etdi.
An'anaviy suyuqlik bilan ishlaydigan raketa dvigatellaridan farqli o'laroq, rotatsion-detonatsion qurilmalar halqasimon yonish kamerasida aylanuvchi tovushdan tez detonatsiya to'lqinlaridan foydalanadi. Bunday texnologiya yoqilg'i energiyasidan ancha samarali foydalanish imkonini beradi.
"Astrobotic" kelajakda "Chakram" dvigatelini "Griffin" oyga qo'nish modullari, ko'p marta ishlatiladigan "Xodiac" va "Xogdor" raketalari hamda yangi orbital transport apparatlarida qo'llashni rejalashtirmoqda. Muhandislar muvaffaqiyatli sinovlar keyingi bosqich uchun mustahkam poydevor bo'lishini ta'kidladi.































Izohlar 0
…