date

Airbnb dasturchilari yozgan kodning 60 foizi sunʼiy intellektga tegishli

Airbnb kompaniyasi 2026-yilning birinchi choragi uchun moliyaviy hisobotida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish ko‘rsatkichlarini e’lon qildi. Kompaniya muhandislari tomonidan yozilgan kodlarning 60 foizi aynan sun’iy intellekt yordamida yaratilgani ma’lum bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich Google, Microsoft va Spotify kabi texnologiya gigantlarining dasturlash jarayonlarini tezlashtirish borasidagi yondashuvlariga hamohangdir. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.

Kompaniya bosh direktori Brian Chesky sun’iy intellekt ayniqsa API hamkorlari uchun vositalar yaratishda katta samara berayotganini ta’kidladi. Ilgari 20 kishilik muhandislar jamoasi talab qilingan vazifalarni endilikda nazorat ostida ishlovchi sun’iy intellekt agentlari yordamida birgina mutaxassis bajarishi mumkin. Bu esa kompaniyaga avvallari resurs yetishmasligi sababli amalga oshirilmagan loyihalarni tezroq ishga tushirish imkonini bermoqda.

Mijozlarni qo‘llab-quvvatlash xizmatida ham sun’iy intellektning o‘rni ortib bormoqda. Hozirda Airbnb botlari murojaatlarning 40 foizini inson aralashuvisiz hal qilmoqda. Shunga qaramay, Brian Chesky sayohat va elektron tijorat sohalarida chatbotlar dizayni hali mukammal emasligini tan oldi. Uning fikricha, matnga asoslangan chatbotlar vizual ma’lumotlar va xaritalar muhim bo‘lgan sayohat platformalari uchun to‘liq moslashmagan.

Moliyaviy ko‘rsatkichlarga ko‘ra, Airbnb sof foydasi 3,9 foizga o‘sib, 160 million dollarni tashkil etdi, daromad esa 18 foizga oshib, 2,7 milliard dollarga yetdi. Shuningdek, "Hozir band qiling, keyin to‘lang" funksiyasi umumiy bron qilish qiymatining qariyb 20 foizini tashkil etib, foydalanuvchilar orasida yuqori qiziqish uyg‘otdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Texno » Airbnb dasturchilari yozgan kodning 60 foizi sunʼiy intellektga tegishli