Ulug‘ hakim Arastudan: «Sen nega sira kasal bo‘lmaysan, boshqalardan farqing nimada?» deb so‘rashganida u: «Boshqalar yeyish uchun yashashadi, men esa yashash uchun yeyman», deb javob bergan ekan. Bir donishmanddan: «Dardning kelishi nimadan?» deb so‘rashibdi. U: «Badnafslikdan», deb javob beribdi. Undan: «Buning davosi nimada?» deb so‘rashsa, «Nafsni tiyish», deb javob beribdi.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 30 yilda dunyoda semiz odamlar soni uch baravar ko‘paygan. Eng yomoni, 2030 yilga borib Yer yuzi aholisining qariyb 45 foizi semirib ketishi mumkin. Xo‘sh, bu holatning oldini olish uchun mutaxassislar qanday tavsiyalar beradi?
Olmazor tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Azizbek Nizamov shunday deydi:
— Semizlik tana vazni belgilangan me’yorga nisbatan 20 foiz va undan ko‘proq ortishi bilan namoyon bo‘ladi. Bu, eng avvalo, noto‘g‘ri ovqatlanish, ya’ni yuqori kaloriyali oziq-ovqatlar, shakarli va spirtli ichimliklarni ortiqcha iste’mol qilish, uyqu buzilishi va kam harakatlilik oqibatida yuzaga keladi.
Ovqat qancha yog‘li bo‘lsa, unda shuncha ko‘p kaloriya mavjudligini yodda tutish lozim. Odatda 1 gramm yog‘ 9 kkalga, 1 gramm oqsil yoki uglevodlar esa 4 kkalga teng.
Kuniga atigi 23 gramm qo‘shimcha yog‘ iste’mol qilgan odam, yiliga 8 kilogramm semirishi mumkin. Agar taomda 10-15 foiz oqsil va 30-35 foiz yog‘ bo‘lsa, ratsion muvozanatli hisoblanadi. Uglevodlar esa 50-75 foizni tashkil etishi kerak.
Shakar, non va shirinliklardan 10 foizdan ko‘p energiya olmaslik kerak. Qolgan quvvatni meva, sabzavot va don mahsulotlari yordamida to‘ldirish mumkin.
Semizlikdan xalos bo‘lish uchun ko‘proq jismoniy harakat va parhez zarur. Har ikkisi uyg‘unlikda olib borilsa, natija yanada yaxshiroq bo‘ladi. Biroq yo‘qotilgan vazn noto‘g‘ri ovqatlanish tufayli qisqa muddatda ikki barobar ko‘proq qayta yig‘ilishiga olib keladi.
Shu sababli ozish asta-sekinlik bilan amalga oshirilishi maqsadga muvofiq.
Hozir semizlikni dori-darmonlar bilan davolash ommalashmoqda. Ammo o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, bu noxush asoratlarni keltirib chiqarishi bilan birga, samarasiz amaliyot hisoblanadi.
Muhammad ibn Zakariyo Al-Roziy o‘zining “Tibbiyot qomusi” kitobida semizlik haqida o‘z qarashlarini yozadi. Olim o‘zidan avval o‘tgan Gippokrat, Rufus, Galen, Oribaskus kabi tibbiyot bilimdonlarining bu boradagi fikrlarini tahlil qiladi. Va ulardan farqli jihatlarni qayd etadi. Semirishga qarshi kurash borasida ham o‘zgacha fikr bildiradi.
Semirishni davolash qadimgi dunyo tabiblari faoliyatida ham kuzatilgan.
Masalan, Jolinus(Galen)ning fikricha, mental faollik insonning semirib ketishining oldini oladi. Ar-Roziy esa semirishga qarshi kurashda o‘z davolash metodini yaratdi. Ya’ni semirishga qarshi turli dorilar, parhez, jismoniy mashqlar, massaj, suv bilan muolaja qilish(gidroterapiya) va turmush tarzini o‘zgartirish singari uslublarni qo‘llaydi.
Abu Ali ibn Sino (980–1037) “Tib qonunlari” kitobida bu haqida alohida to‘xtalib o‘tgan. Ibn Hubal al-Bag‘dodiy (1121–1213) ham semirish kasalligi haqida qiziqqani ma’lum. Ular semirishga qarshi kurashda och qoringa og‘ir jismoniy mashqlarni tavsiya qilishgan.
Ibn al-Nafis (1207–1288) o‘zining «Al Mujaz Fit-Tibb» asarida semizlikning yurak-qon tomir va respirator kasalliklari bilan bog‘liq tomonlari haqida yozadi:
«Semirish – bu inson organizmning siqilishi, erkin harakatlarining cheklanishi va nafas olishining qiyinlashishi. Semiz odamlarda qon tomirlarining yorilishi oqibatida vafot etishi havfi yuqori bo‘ladi. Ya’ni miya yoki yurakdagi qon tomirlarining yorilishi kutilmagan o‘limga olib boradi. Ular nafas siqishi va yurak o‘ynog‘idan aziyat chekishadi».
Ko‘p yeyish ibodatdan zavq olishga mone’lik qiladi. Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu shunday deganlar: “Allohga bo‘lgan ishtiyoqdan ayrilmaslik uchun musulmon bo‘lganimdan keyin to‘yib ovqat yemadim, qonib suv ichmadim”.
So‘zimizning oxirida Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning quyidagi so‘zlarini keltiramiz: “Men ummatimning semirib, qorin solishidan xavfdaman”. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Xonanda Ruxshona uylanmagan yigitga turmushga chiqqani haqida so‘zlab berdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?