
Bel og‘rig‘idan aziyat chekuvchilar uchun yangi umid paydo bo‘ldi. Norvegiya va Daniya olimlari o‘tkazgan ilmiy tadqiqotlar yurishning bel sog‘lig‘iga ijobiy ta’sirini isbotladi.
Mutaxassislar aniqlashicha, kuniga kamida 100 daqiqa yurish surunkali bel og‘rig‘i xavfini taxminan 25 foizga pasaytiradi. Bu haqda tadqiqot rahbarlaridan biri, professor Rayan Xaddaj ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, yurish — arzon, oson va keng omma uchun qulay sog‘lom faoliyat bo‘lib, u nafaqat bel og‘rig‘ini yengillashtiradi, balki umumiy jismoniy holatni ham yaxshilaydi.
Tadqiqot doirasida 20 yoshdan oshgan 11 mingdan ziyod kishi ishtirok etgan. Ular 2017–2019-yillarda maxsus akselerometr qurilmalarini taqib yurib, haftalik faollik ko‘rsatkichlari o‘lchangan. Keyinroq, 2021–2023-yillarda ularning sog‘lig‘i yana baholandi va bel og‘rig‘i belgilari bor-yo‘qligi tekshirildi.
Ishtirokchilar yurish vaqtiga qarab to‘rt guruhga ajratilgan:
– 78 daqiqadan kam yuruvchilar;
– 78–100 daqiqa yuruvchilar;
– 101–124 daqiqa yuruvchilar;
– 125 daqiqadan ko‘p yuruvchilar.
Natijalar shundan dalolat berdiki, yurish vaqti ko‘paygan sari bel og‘rig‘i ehtimoli kamayib borgan. Shu bilan birga, o‘rtacha yoki tez sur’atda yurish surunkali og‘riqlarning oldini olishda sekin yurishga nisbatan ancha samarali ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Bugungi kunda dunyo bo‘ylab 600 milliondan ortiq inson bel og‘rig‘idan jabr chekmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, bu raqam 2050-yilga borib 843 millionga yetishi mumkin.
Olimlar bu natijani insonlarni faol harakatga undaydigan muhim ilmiy asos deb hisoblamoqda. Demak, har kuni bir soatdan ozroq yurish nafaqat organizm uchun foydali, balki bel og‘riqlaridan qutulishning tabiiy va xavfsiz yo‘li hamdir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!