10:30 / 26.08.2017
9 275

Mango va greypfrutning foyda va zarari

Mango va greypfrutning foyda va zarari
Mangoning vatani – Hindiston. Hindlar bu mevani juda ham yaxshi ko‘rishadi va ko‘plab yetishtirishadi. Hindiston va Pokistonda mango milliy timsollardan biriga aylanib ulgurgan. Uni, shuningdek, hind mangiferasi deb ham atashadi.

Mango yil bo‘yi yashil tusini yo‘qotmaydigan daraxt bo‘lib, oval shakldagi mevasining og‘irligi 2 kilogacha yetishi mumkin. Mevasining po‘stlog‘i yupqa, rangi esa qanchalik yetilganligiga qarab yashil, sariq, qizg‘ish bo‘lishi mumkin.

YuRAK-QON TOMIR TIZIMI KASALLIKLARIDA QO‘LLANILADI
Mango mevasi hind va boshqa Osiyo mamlakatlari tabobatida qadim zamonlardan beri ishlatiladi. Masalan, Hindistonda undan qon ketishini to‘xtatish, yurak mushaklarini mustahkamlash va miya faoliyatini yaxshilash maqsadida foydalanishadi.

DIAREYa VA QABZIYaTDA YoRDAM BERADI
Mango ichak ishini maromiga keltiradi, kuniga ikkita yetilmagan mango iste’mol qilish diareya, qabziyat, bavosilda yordam beradi, safro dimlanishining oldini oladi, tomirlarning elastikligini oshiradi. Mangoda temir moddasi ko‘p, shuning uchun anemiyada foydali.

Muntazam ravishda yetilgan mango iste’mol qilish esa immunitetni mustahkamlaydi.

DIQQAT!
Bir kunda ikkitadan ortiq yetilmagan mango yeyish oshqozon-ichak yo‘liga salbiy ta’sir qilishi, sanchiqlar paydo qilishi mumkin. Yetilgan mangoni ko‘p iste’mol qilish ichak faoliyatini buzib, qabziyatga olib keladi.

GREYPFRUT — BARBADOS MO‘’JIZASINING XUSUSIYaTLARI
Greypfrut birinchi marta 1650 yillarda Barbadosda topilgan. Hozirda ushbu meva «Barbadosning yetti mo‘’jizasidan biri» hisoblanadi. Qizig‘i, avvaliga greypfrutdan dekorativ o‘simlik sifatida foydalanilgan. 1880 yildan keyin AQShda keng miqyosda yetishtirila boshlandi.

APELSINNING "UKA"SI
Greypfrut ko‘rinishidan apelsinga o‘xshab ketadi, lekin uning eti nordonroq. Olimlarning fikricha, u apelsin va pomeloning chatishishidan hosil bo‘lgan. Nomi esa inglizchadan olingan bo‘lib, «uzum-meva» degan ma’noni bildiradi. Greypfrut mevalari g‘uj bo‘lib yetilganidan shunday nom berilgan bo‘lsa, ajabmas.

GREYPFRUT ShARBATI BILAN DORI QABUL QILMANG!
Greypfrut tarkibida shunday moddalar borki, u dorilar ta’sirini kuchaytirib yuborishi mumkin. Shuning uchun ham dorilarni greypfrut sharbati bilan qabul qilib bo‘lmaydi.

OZISh ISTAGIDA BO‘LSANGIZ...
Shuningdek, greypfrutda antioksidantlar bo‘lib, xolesterinni kamaytiradi, demak, kuniga bitta ana shu mevadan tanovul qilsangiz, qondagi xolesterin me’yoriga keladi. Bu, ayniqsa, yurak ishemik kasalligi va qon aylanishi xastaliklariga chalingan bemorlar uchun foydalidir. 2006 yilda Quddus universiteti olimlari shunday xulosaga kelishdi: eti qizil greypfrutda sariq etlisiga nisbatan xolesterinni kamaytiradigan moddalar ko‘proq bo‘ladi.

Aytish kerakki, greypfrut sharbati oshqozon shirasi kislotaliligini oshiradi.

Greypfrut mevasi pallalari orasidagi yarim shaffof pardalarida narigin deb ataluvchi modda bo‘lib, u hazm jarayonini tezlashtiradi. Shuning uchun ham ozishni istaganlar greypfrutli parhezdan foydalanishadi.

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Mango va greypfrutning foyda va zarari