date

Reklamada “0%”, “bepul”, “barchaga mos” kabi chalg‘ituvchi iboralar taqiqlanadi

Reklamada “0%”, “bepul”, “barchaga mos” kabi chalg‘ituvchi iboralar taqiqlanadi

Markaziy bank O‘zbekiston Respublikasi nasiya savdo bozori ishtirokchilarining munosabatlarini tartibga soluvchi Axloq kodeksi loyihasini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi. Loyiha asosida FinTex Assotsiatsiyasi orqali “Ishonch belgisi” tizimi joriy etiladi. Ushbu belgi nasiya xizmatlari qonuniy va shaffof yo‘lga qo‘yilganini bildiradi hamda mijozlarga tashkilotlarning ishonchliligini osonroq aniqlash imkonini yaratadi.

Yangi qoidalarga ko‘ra, har bir nasiya tashkiloti rasmiy veb-saytida mahsulot turlari, to‘lov tartibi, komissiya va jarimalar haqida to‘liq ma’lumot berishi shart. Shuningdek, reklamada “0%”, “bepul”, “barchaga mos” kabi chalg‘ituvchi iboralar taqiqlanadi. Mijozlar shartnoma tuzishdan oldin yillik foiz (APR), umumiy to‘lov miqdori va kechiktirish oqibatlari to‘g‘risida xabardor qilinadi.

Nasiya faqat 18 yoshdan oshgan fuqarolarga beriladi, dastlabki limit 2 mln so‘m. Agar mijoz limitni oshirishni xohlasa, uning qarz yuki 50 foizdan oshmasligi shart. Barcha foiz va yig‘imlar yiliga qarz summasining yarmidan oshmasligi belgilangan. Qarzdorlikni undirishda tahdid yoki bosim o‘tkazish kabi noqonuniy usullar man etiladi. Shu bilan birga, firibgarlikka qarshi biometrik ro‘yxatdan o‘tkazish, axborot va kiberxavfsizlik bo‘limlari tashkil etish nazarda tutilgan.

Iqtisodchi Otabek Bakirov bu mexanizmni tanqid qiladi. Uning fikricha, kodeks amalda bozordagi nazoratni xususiy nodavlat tashkilot — FinTex assotsiatsiyasi qo‘liga topshirishi mumkin. Bakirov shuningdek, Ishonch belgisi olish majburiyati bilan bog‘liq a’zolik narxi (12 mln so‘m yoki 1 200 dollar) va FinTexning insoniy bozor ishtirokchilari reyestrini yuritishini ham tanqid qilgan.

Ekspertning ta’kidlashicha, bunday mexanizm raqobatga zid bo‘lib, nasiya savdo bozorida sun’iy konsentratsiyaga olib kelishi mumkin. Agar nazorat xususiy tashkilot qo‘liga o‘tsa, u qonunsiz regulyatorga aylanishi ehtimoli mavjud. Bakirov taklif qilinayotgan kodeks matni to‘liq e’lon qilinmaganini ham tanqid qilgan va a’zolik majburiyati olib tashlansa, hujjat maqsadga muvofiq qabul qilinishi mumkinligini ta’kidlagan.

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, kodeks bo‘yicha taklif va e’tirozlar jamoatchilikdan qabul qilinmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Reklamada “0%”, “bepul”, “barchaga mos” kabi chalg‘ituvchi iboralar taqiqlanadi