date

Olimlar suyaklar yemirilishining kutilmagan sababini oshkor qilishdi

Olimlar suyaklar yemirilishining kutilmagan sababini oshkor qilishdi

So‘nggi yillarda mikroplastikning inson salomatligiga ta’siri tobora ko‘proq muhokama qilinmoqda. Ilgari u asosan yurak, o‘pka yoki asab tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi haqida gapirilgan bo‘lsa, endilikda xalqaro olimlar guruhi yana bir jiddiy xulosaga keldi — plastik zarralari suyaklarning sog‘lomligi va mustahkamligiga ham tahdid solishi mumkin.

Har yili dunyo bo‘ylab 400 million tonnadan ziyod plastik ishlab chiqariladi. Uning mayda zarrachalari suvda, yeguliklarda, havoda va hatto qonda ham uchraydi. Ilmiy tadqiqotlar mikroplastik hatto miya, ko‘krak suti va suyak to‘qimalaridan ham aniqlanganini ko‘rsatmoqda. Bu esa mutaxassislarning tashvishini yanada kuchaytirdi.

Kampinas universiteti huzuridagi mineral va suyaklarni o‘rganish laboratoriyasi koordinatori Rodrigo Bueno de Oliveyraning ta’kidlashicha, sinovlar jarayonida mikroplastik zarrachalari suyak iligiga kirib borishi va uning faoliyatini izdan chiqarishi mumkinligi ma’lum bo‘lgan.

— Suyak to‘qimasi hujayralarida o‘tkazilgan tajribalar shuni ko‘rsatdiki, mikroplastik ularning yashovchanligini pasaytiradi, qarish jarayonini tezlashtiradi hamda shamollashni kuchaytiradi. Hayvonlarda esa bu holat suyaklarning mo‘rt va zaiflashishiga olib kelgan, — deydi Oliveyra.

Olimning so‘zlariga ko‘ra, hozirga qadar mikroplastikning suyaklarga ta’siri to‘liq o‘rganilmagan. Biroq mavjud izlanishlar uning suyak ichiga kirib borishi va metabolizm jarayonlarini buzishi mumkinligini tasdiqlamoqda.

Mutaxassislar sport bilan muntazam shug‘ullanish, to‘g‘ri ovqatlanish va suyaklarni mustahkamlovchi dorilar qo‘llanishini tavsiya etmoqda. Ammo hozirgacha bu omillarga mikroplastikning ta’siri inobatga olinmagan.

Demak, insoniyat oldida yangi va jiddiy xavf turibdi. Tadqiqotchilarning fikricha, agar bu jarayon chuqurroq o‘rganilmasa, kelgusi yillarda mikroplastik suyak kasalliklari va suyak mo‘rtligining asosiy sabablaridan biriga aylanishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Olimlar suyaklar yemirilishining kutilmagan sababini oshkor qilishdi