date

Markaziy bank nasiya bozoriga yangi “Ishonch belgisi” kiritadi

Markaziy bank nasiya bozoriga yangi “Ishonch belgisi” kiritadi

Markaziy bank nasiya savdo bozori ishtirokchilari uchun axloq qoidalari loyihasini jamoatchilik muhokamasiga chiqardi. Hujjat bozorda oshkoralik, odob-axloq standarti va mijoz huquqlarini kengroq himoya qilishni ko‘zlaydi.

Loyihaga muvofiq, FinTex Assotsiatsiyasi orqali “Ishonch belgisi” tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu belgi nasiya xizmatlari shaffofligi va qonun talablariga muvofiq ekanini anglatadi, uni olish uchun tadbirkorlik subyekti Assotsiatsiyaga a’zo bo‘lishi shart.

Shuningdek, har bir nasiya tashkiloti o‘z rasmiy saytida barcha mahsulotlar, to‘lov tartibi, komissiya va jarimalar haqida to‘liq va tushunarli axborot berishi lozim. Mijoz bilan shartnoma tuzilishidan oldin xizmat ko‘rsatuvchi tomon quyidagi ma’lumotlarni ochiq taqdim etadi: bir yo‘la to‘lash narxi, barcha ustama va yig‘imlardan keyingi umumiy summa, aniq to‘lov jadvali, turli komissiya va jarimalar, xizmatning to‘liq qiymati yiliga foizda ifoda etilgan ekvivalent, shartnomani muddatidan oldin bekor qilish tartibi, kechikkan to‘lov oqibatlari, “Ishonch belgisi” raqami hamda murojaat uchun kontakt ma’lumotlari.

Reklamada qimorona va chalg‘ituvchi iboralardan foydalanish taqiqlanadi. Xususan, “0 foiz”, “bepul”, “barchaga mos” kabi ta’riflar ishlatilmaydi. Bu talab mijozni aniq shartlar bilan tanishtirish, ortiqcha va’da bilan yo‘ldan urilmaslik uchun kiritilgan.

Yosh cheklovi ham aniqlandi: nasiya xizmatlari faqat 18 yoshdan katta shaxslarga ko‘rsatiladi. Ilk limit 2 million so‘m etib belgilanadi. Agar mijoz limitni oshirishni istasa, uning qarz yuki 50 foizdan oshib ketmasligi shart. Barcha foiz va yig‘imlar yig‘indisi yiliga asosiy qarzning yarmidan ko‘p bo‘lmasligi lozim.

Qarzdorlikni undirish jarayoni qonuniy va insoniy mezonlarga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshiriladi: tahdid, bosim o‘tkazish, sha’niy va qadr-qimmatga tajovuz kabi usullar mutlaqo man etilgan. Muddati o‘tgan qarzdorligi bor mijozga yangi nasiya savdo xizmati ko‘rsatilmaydi. Shuningdek, nasiya tashkilotlari kechikma bilan ishlashning aniq mexanizmlarini joriy etadi: Soft-Collection (eslatma va muloqot), Hard-Collection (keskin choralar doirasida, amaldagi qonunlar doirasida), Legal-Collection (sud-huquq organlari ishtirokida).

Firibgarlikka qarshi qadamlar ham kuchaytiriladi. Yangi mijozlar biometrik usulda ro‘yxatdan o‘tkaziladi, tashkilotlarda axborot va kiberxavfsizlik bo‘limlari faoliyat yuritadi. Kredit byurolari bilan doimiy ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yilib, mijoz tarixini baholashda avtomatlashtirilgan mezonlar qo‘llanadi.

Loyiha hozircha jamoatchilik muhokamasida. Taklif va mulohazalar inobatga olinganidan so‘ng, talablarni bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish ko‘zda tutilgan. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, yangi qoidalar nasiya savdosida ishonch muhitini mustahkamlab, mijoz bilan tashkilot o‘rtasidagi munosabatni ochiq va tartibli qiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Markaziy bank nasiya bozoriga yangi “Ishonch belgisi” kiritadi