Hozirgi zamonaviy hayotda ko‘plab insonlar uchun smenali yoki tungi ish turmushning ajralmas qismiga aylandi. Kimdir oilasini ta’minlash uchun kechasi ishlaydi, yana kimdir noaniq grafik orqali barqaror daromad topadi. Ammo shunday turdagi ish tartibi sog‘liqqa jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida olimlar ogohlantirmoqda, deb xabar berdi tadqiqotchilar.
Sun Yatsen universiteti mutaxassislari Buyuk Britaniya Biobank loyihasi doirasida 220 mingdan ortiq kishining ma’lumotlarini tahlil qildi. Tekshiruv natijalari “Mayo Clinic Proceedings” jurnalida chop etildi. Olimlar xulosasiga ko‘ra, tungi va noaniq vaqtlarda ishlovchi odamlarda buyrakda tosh hosil bo‘lish xavfi o‘rtacha 15 foizga yuqori ekani aniqlangan. Ayniqsa, yosh xodimlar hamda jismoniy harakat talab etilmaydigan ishda ishlovchilarda bu xavf ko‘proq kuzatilgan.
Mutaxassislar bu holatni bir nechta omillar bilan bog‘lashmoqda. Birinchidan, smenali ishda ishlovchilar ko‘p hollarda shoshilinch va tayyor taomlardan foydalanadi. Bu taomlar ko‘pincha tuzli va yog‘li bo‘lib, ular siydikda minerallar miqdorini ko‘paytirib, buyrakda tosh paydo bo‘lishiga zamin yaratadi.
Ikkinchidan, bunday grafikda ishlaydiganlar ko‘pincha suvni yetarlicha ichmaydi. Organizmda yetarli suyuqlik bo‘lmasa, siydik zichlashib, undagi tuzlar tezroq kristallanadi. Bu esa tosh hosil bo‘lish jarayonini tezlashtiradi.
Bundan tashqari, jismoniy faollikning kamligi, chekish odati va uyqu rejimining buzilishi ham xavfni kuchaytiradi. Tungi smenada ishlash insonning tabiiy biologik soatini izdan chiqaradi, gormonlar muvozanati buziladi va organizmda moddalar almashinuvi to‘g‘ri ishlamay qoladi. Bu esa buyrakka ortiqcha bosim tushirib, tosh hosil bo‘lishi uchun qulay sharoit yaratadi.
Qiziq jihati shundaki, uzoq yillar davomida smenali ishlagan odamlarda xavf nisbatan pastroq qayd etilgan. Olimlar buni “sog‘lom ishchi effekti” bilan izohlaydi: ya’ni sog‘lom insonlargina bunday og‘ir sharoitga uzoq vaqt chiday oladi. Shuningdek, organizm ma’lum vaqtdan so‘ng tungi ishga qisman moslashishi mumkin. Biroq bu jarayonning asl mexanizmi hali to‘liq o‘rganilmagan.
Mutasaddilar va sog‘liqni saqlash mutaxassislari esa aniq tavsiya bermoqda: smenali ishning zararini yo‘qotishning iloji yo‘q, lekin uning salbiy ta’sirini kamaytirish mumkin. Buning uchun xodimlar yetarlicha suv ichishi, ovqatlanishda tuz va yog‘ni cheklashi, qisqa tanaffuslarda yurish va harakat qilishni odatga aylantirishi, shuningdek, uyqu sifatiga alohida e’tibor berishi zarur.
Ish beruvchilarga ham tavsiya qilinmoqda: sog‘lom ovqatlanish burchaklari, sport zallariga imtiyozli abonementlar yoki muntazam tibbiy ko‘riklar tashkil qilish orqali xodimlar salomatligini qo‘llab-quvvatlash kerak.
Xulosa aniq: smenali ish zamonaviy hayotning talablaridan biri, ammo unda sog‘liqqa e’tiborsizlik qilish buyrak kasalliklari xavfini keskin oshiradi. Shu bois har bir inson o‘z salomatligini himoya qilish uchun oddiy, ammo samarali qadamlarni o‘z vaqtida tashlashi kerak.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!