00:24 / 08.12.2019
4 277

«40 yoshda tan oldim - zaifa ekanman»

«40 yoshda tan oldim - zaifa ekanman»
Ayolning zaifa ekanini 40 yoshimgacha tan olgim kelmadi. Zaif, zaifa deyilganida qo‘lidan bir ish kelmaydigan, ojiz-notavon, kuchsiz, na oilani, na bir ishni eplolmaydigan kimsalar ko‘z oldimga kelardi. Chunki hayotning «achchiq-achchiq tuhfa»larini zaifa bo‘lmasdan yengdim-ku, degan qarash tufayli men bu «zaifalik» maqomi naqadar ulug‘ ekanini anglay olmagandim.

Zimmamga ortiqcha yukni, toqatimdan ortig‘ini ortmoqlab olgan nodon ekanmanki, Alloh fazlidan fazilat bergan kunlarini o‘z kuchim, aqlim, idrokim deyaveribman, ortig‘i bilan ortmoqlab yuraveribman.

Endi esa yelkamda chumoli yursa ko‘tarolmas vaqtga kelib, o‘sha buyuk haqiqatni – Alloh ayolni zaifa yaratib, unga dunyo ne’matlaridan eng ulug‘i, ya’ni onalik baxtini berganini angladim. Afsuski, o‘tib ketgan muborak zaifalik umrimni qaytarishning hech imkoni yo‘q. Bu haqiqatni anglagan kunimdan boshlab, zaifalik rohatini tota boshladim.

U shunday his, shunday tuyg‘u, shunday azizlik va mukaramlikki, islom dini ayolga bergan ne’matlarini sanab tugatolmaysiz ekan!..

Ora-sira kimlarningdir hikoyasini eshitib qolamiz:
– Erining topish-tutishi yaxshi ekan-u, ayoli ham ishlayman, deb turib olibdi. Ertalab soat sakkizdan ishga otlanib, shomgacha aralash ishxonada yurishi, bolalarning qarovsizligi bois er-xotin orasidan ola mushuk o‘tibdi.
Mana bu nodonlik..

– O‘zi ikkinchi ayol bo‘lsa, eri uy olib o‘tqazib qo‘yibdi. Har oy ro‘zg‘or ta’minotidan tashqari nafaqasini berarkan. Qo‘li yuk ko‘tarib bozor-o‘char qilmasa, bolalarini maktab, bog‘chasigacha mashinada oborsa... To‘qlikning sho‘xligi tutib, eridan o‘ziga alohida mashina olib berishini talab qilibdi. Erining nasihatlari kor qilmay, ikki shartning birini tanlabdi: «Yo men, yoki mashina..» Yaqinda ko‘rdim, talog‘idan keyin yoniga bir yarim yashar bolasini o‘tqazib olib, kira qilayotgan ekan...
Mana bunisi ahmoqlik!..

Uchinchi hikoya esa yanada ajoyibroq.

Bir odam yaxshi er, yaxshi ota, munosib va taqvoli inson ekan. Shariat ahkomlari ila yana uylanish niyati borligini ayoliga bildiribdi. Ering bu «mash’um» niyatidan qaytarish uchun ayol o‘zini hatto o‘lim yoqasigacha olib borganmish... Kammas, ko‘pmas besh bolaning onasi, erini niyatidan qaytarish uchun qilmagani qolmabdi. Aslan ayolning o‘zi ham eriga ikkinchi bo‘lib, bu haqiqatni tish-tirnog‘i bilan rad etish barobarida uning yaxshi hayotiga o‘xshash yana bir shar’iy oila barpo bo‘lishini inkor etibdi.
Bunisi esa itoatsizlik...

Bu kichkinagina bitikda hozir yashab turgan davrimizning qahramon «zaifalari» tilga olindi. To‘qima emas.
Biz nimaga buyurilganmiz-u, nimalarni qilyapmiz.

Azizim ayol!..
Xunuk bo‘lishingiz ham baxt, tanangizda nimaningdir kemtik bo‘lishi ham ne’mat. Bo‘yingiz pastdir, yo baland. Ozg‘indirsiz, yo sarviqomat. To‘ladirsiz, yo kemtik. Ma’lumotingiz oliydir, yo oddiy. Boyning qizidirsiz, yo kamtarning.

Anglang – bular Sizning aslingiz!
Bu jihatlar sizga Rabbingiz bergan ne’mat, izzatdir..!

Ammo hargiz zaifa ekaningizni unutmang! Haddingizni o‘z hududidan baland bo‘ylatmang. O‘z «men»ingizni eringizni «meni»ga qorishtirib tashlang.
Sizning «men»ingiz yo‘q.

Sababi, orzularingizning eng ulug‘i jannat bo‘lsa, unda «men»lar bo‘lmaydi.
Eshitdik va itoat etdik, tamom.

Go‘zal orzular, havaslar, niyatlar, hatto romantika, erkalik, sayru sayohat, liboslanish, sevgi-muhabbatning hammasi islomda ortig‘i bilan bor, berilgan! Unda qanday yashash ixtiyori Sizdagina qoldi.
Agar uning chegarasidan nafs istagi ila chiqilsa, o‘zingiz uchun rohat deb o‘ylaganingiz aslida zulmatdir, zalolatdir, do‘zaxdir.

Zaifa birodarlarim!
Taqdiri azalimiz bitilgan, ammo kaftimizda ulkan so‘rov-duo bor.
Alloh bergan shunday zaifalikdan qanday quvonmay bo‘ladi?

Boshingizda mushkulingiz bor-a?
Allohdan so‘rang!

Bir gunohning boshida turibsizmi?
Istig‘for ayting!

Qay bir qaror, dunyo va diningiz uchun o‘ydamisiz?
Istihora o‘qing!

Xo‘sh, birodarlarim islomdan javob topmagan savolingiz bormi?
Yo‘q, albatta, islom yagona va haq dindir.

Muhtaramalar! Agar anglagan bo‘lsangiz, Sizlarga ham sharafli Zaifalik muborak bo‘lsin deyman. Shu nom ila aziz va ardoqlisiz!

Madina Mo‘minova

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » «40 yoshda tan oldim - zaifa ekanman»