
O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish mexanizmlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, sohaga zamonaviy raqamli yechimlar joriy etilib, tizimli nazorat kuchaytiriladi.
Farmonga ko‘ra, “Raqamli komplayens” axborot dasturiy kompleksi 2026-yil 1-iyuldan boshlab sinov tariqasida ishga tushiriladi. Ushbu platforma korrupsiyaga qarshi choralarni muvofiqlashtirish, ma’lumotlar almashuvini tezlashtirish va nazorat jarayonlarini raqamlashtirishga xizmat qiladi.
Xususan, dastur doirasida korrupsiyaning oldini olish klasteri ishtirokchilari o‘rtasida tezkor axborot almashish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, “E-Komplaens” moduli orqali davlat organlari va tashkilotlaridagi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari faoliyati to‘liq raqamli shaklga o‘tkaziladi.
Farmon bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakolatlari ham kengaytirildi. Endi agentlik davlat organlari va tashkilotlarining markaziy apparatidagi ichki nazorat bo‘linmalariga qonunbuzilishlarni oldini olish bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar va taqdimnomalar kiritish huquqiga ega bo‘ladi.
Korrupsiyaviy holatlar haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Bunday fuqarolarni ish joyida tazyiq va ta’qibdan asrash maqsadida agentlik tomonidan maxsus himoya orderi beriladi.
Shu bilan birga, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishda faol ishtirok etgan shaxslarni rag‘batlantirish maqsadida “Korrupsiyaga qarshi kurashishga qo‘shgan hissasi uchun” nomli ko‘krak nishoni ta’sis etiladi.
Mazkur yangiliklar korrupsiyaga qarshi kurashishda ochiqlik, samaradorlik va jamoatchilik ishtirokini yanada oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.