Tramp qaysi davlatni dunyodagi eng yomon va korrupsiyalashgan deb aytdi?

AQSH prezidenti Donald Tramp Somalini dunyodagi eng muammoli va korrupsiyaga botgan davlatlardan biri, deya baholab, somalilik muhojirlarni o‘z vataniga qaytarish zarurligini bildirdi. U bu haqda Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozib qoldirdi.
Trampning ta’kidlashicha, AQSHning Minnesota shtatida sodir etilayotgan moliyaviy firibgarliklarning juda katta qismi — taxminan 90 foizi — mamlakatga Somalidan noqonuniy yo‘l bilan kirgan shaxslar hissasiga to‘g‘ri keladi.
«Ularni qayerdan kelgan bo‘lsa, o‘sha joyga — Somaliga qaytarish kerak. Bu, ehtimol, Yer yuzidagi eng yomon va eng korrupsiyalashgan mamlakatdir», — deb yozdi AQSH rahbari.
Eslatib o‘tamiz, Tramp ilk prezidentlik davrida ayrim davlatlar, jumladan, Somali fuqarolarining AQSHga kirishini cheklash bo‘yicha qaror qabul qilgan edi. Keyinchalik Jo Bayden ushbu cheklovlarni bekor qildi. Biroq Tramp ikkinchi muddatida yana mazkur taqiqni tiklab, ro‘yxatga boshqa mamlakatlarni ham qo‘shdi.
Shuningdek, AQSH so‘nggi yillarda Somali hududida ISHID bilan bog‘liq qurollangan guruhlarga qarshi bir necha bor havo zarbalari amalga oshirgani ham ma’lum qilingan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!