22:20 / 24.01.2018
15 091

O‘zbekistonda analog TV o‘chirilmoqda, raqamli TVga ulanmaganlar nima qilishi kerak?

O‘zbekistonda analog TV o‘chirilmoqda, raqamli TVga ulanmaganlar nima qilishi kerak?
2018 yilning dekabr oyida so‘nggi analog uzatgichlar o‘chirilishi bilan O‘zbekiston raqamli televideniyega uzil-kesil o‘tgan davlatlar qatoriga qo‘shiladi. Bu haqda batafsil ma’lumot bergan edik.

Shunday qilib, 2018 yilning 15 yanvaridan boshlab to 5 dekabriga qadar butun respublika bo‘ylab analog formatdagi barcha teleeshittirishlar to‘xtatiladi.

Bu jadvalga asosan dastlab Farg‘ona, Andijon, Namangan va Toshkent viloyatlarida analog formatdagi teledasturlar efiri to‘liq to‘xtatildi.

Raqamli teleeshittirishlarga o‘tish, analog teleeshittirishlarning bosqichma-bosqich to‘xtatilishi to‘g‘risida aholini xabardor qilish maqsadida 2017 yilning noyabr oyida mobil aloqa operatorlari orqali SMS-xabarlar tarqatildi. Dekabr oyida esa Andijon, Farg‘ona, Namangan va Toshkent viloyatlaridagi mobil aloqa abonentlari SMS-xabarlar orqali ogohlantirildi.

Bundan tashqari, bu haqda ommaviy axborot vositalari orqali doimiy e’lonlar berib borildi. Biroq, takror va takror e’lon qilinmasin, analog TV endi tarixda qolishini uzatgichlar o‘chirilganidan so‘ng xabar topganlar oramizda kam emas.

Xo‘sh, endi nima qilish kerak?
Bugungi kunda respublikamizda raqamli televideniyening ijtimoiy ochiq to‘plami shakllantirilgan bo‘lib, ushbu to‘plam tarkibiga O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «O‘zbekiston», «Yoshlar», «Toshkent», «Sport», «Navo», «Dunyo bo‘ylab», «Madaniyat va ma'rifat», «Bolajon», «Kinoteatr», «Oilaviy», «Mahalla», «O‘zbekiston 24» telekanallari va «O‘zbekiston», «Yoshlar», «Mahalla», «O‘zbekiston 24» radiokanallari hamda «Uzreport», «Futbol TV», «Mening yurtim 5» («MY5»), «Milliy TV», «Zo‘r TV», «Sevimli» («Saravan TV») nodavlat telekanallari dasturlari kiritilgan. Ushbu telekanallar dasturlarini ko‘rish bepul.

Kimning xonadonidagi televizorda ushbu teledasturlar ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ular allaqachon raqamli televideniye (DVB-T2 standartidagi) xizmatlaridan foydalanishmoqda. Agar televizor ko‘rsatmay qo‘ygan bo‘lsa, raqamli qurilma xarid qilish zarur.

Raqamli TV yoki TV-tyunerlarni birdaniga xarid qilish har bir oilaning ham byudjetiga to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Bunday sharoitda aholiga, ayniqsa kam ta’minlangan qatlamalar va pensionerlarga qulaylik yaratish maqsadida AT «Aloqabank» hamda «UzDigital TV» MChJ hamkorlikda raqamli teleeshittirishlarni qabul qiluvchi televizorlar, tyunerlar va boshqa raqamli qurilmalarni xarid qilish uchun iste’mol kreditini ishlab chiqdi.

Kredit shartlari:
Kredit boshlang‘ich to‘lovsiz;
Kredit muddati – 3 oydan 12 oygacha;
Kredit foizi – yillik 18 foiz;
Kredit miqdori – eng kam ish haqining 40 barobarigacha.

Kreditni AT «Aloqabank» bo‘linmalarida rasmiylashtirish mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda analog TV o‘chirilmoqda, raqamli TVga ulanmaganlar nima qilishi kerak?