1 194
Mahbuslar orasida otasini mashhur qilgan UFC chempioni Kamaru Usmonning sirli motivatsiyasi
Kamaru Usmon eng ko‘p tanqid qilinadigan UFC chempionlaridan biri hisoblanadi. U 2013 yildan beri biror marta ham mag‘lubiyatga uchramagan, yarim o‘rta vazn toifasidagi chempionlik kamarini besh marta himoya qilgan va bu borada Jorj Sen-Perdan ham o‘zib ketgan (Jorj divizionda 13 marta g‘alaba qozongan bo‘lsa, Kamaruda bu ko‘rsatkich 15 tani tashkil qiladi). Usmon o‘z davrining yulduz jangchilari Demian Mayya, Tayron Vudli, Gilbert Byorns, Kolbi Kovington va Xorxe Masvidalni yer tishlatgan (so‘nggi ikkisini ikki martadan).
Usmonning Masvidalga qarshi revansh jangi oldidan uni tomoshabinlar hushtakbozlik bilan kutib oldi — ular Usmonning janglarini tomoshabob deb hisoblamas va uning kurash tushishga bo‘lgan muhabbatini qimmat «uyqu dorisi» deb ataydi.
Foto: Reuters
Biroq o‘sha safar Kamaru barchani hayratda qoldirdi: u nafaqat Masvidalni nokautga uchratdi (Xorxe oxirgi marta 2008 yilda nokautga uchragan), balki birinchi marta otasini oktagonga olib chiqdi va unga chempionlik kamarini tutqazdi. Muhammad Usmon (Kamaruning otasi) uchun bu katta voqea: u Amerika qamoqxonasida 10 yildan ortiq «o‘tirib chiqqan» va faqat 2020 yilning fevralida ozodlikka chiqqan, Kamaru uni aybsiz deb biladi.
Katta Usmon o‘g‘lining janglarini televizorda ko‘rgan, hozir esa unga tomoshabinlar orasidan muxlislik qiladi. Bu oila uchun nihoyatda ta’sirli voqea...
Usmonning otasi katta oilani Nigeriyadan AQSHga olib kelgan. U dastlab muvaffaqiyatga erishadi, ammo Kamaru 23 yoshdaligida firibgarlik uchun qamalib ketadi
Muhammad Usmon Nigeriyadan AQSHga 1998 yilda, Kamaru ikki yoshda bo‘lganida ko‘chib o‘tgan. U dastlab Nigeriya, keyinchalik AQSH armiyasida xizmat qiladi, shu bilan birga farmatsevtika sohasi bo‘yicha ham tahsil oladi. Muhammad vataniga diplom bilan qaytishni rejalashtirgandi, biroq vaqt o‘tgach, AQSHda qolib, oilasini ham shu yerga ko‘chirishni istayotganini tushunib yetadi (bu paytga kelib, uning uch nafar o‘g‘li bor edi).
Muhammad o‘zini biznesga uradi va tezda ishlari yurishib ketadi. Ammo oilasini ko‘chirish uchun unga olti yil kerak bo‘ladi: 1989 yildan 1995 yilgacha u biror marta ham Nigeriyaga bormaydi. Muhammad qarindoshlari bilan telefon orqali gaplashar va AQSHda bo‘lgan vatandoshlari orqali xatlar jo‘natib turardi. Ko‘pincha u uyiga konvertda pul jo‘natar va sovg‘alarni ham pochta orqali yuborardi.
«Muhammad bolalarga video o‘yin yuborganida ular uning nimaligini so‘ragandi. Bizda elektr yo‘q edi, ularga: ‘Dadangiz Amerikaga borganingizda o‘ynaysizlar deb o‘yinchoq yuboribdi’, dedim. Biz uni ulash uchun naq ikki hafta kutishimizga to‘g‘ri keldi, o‘shanda bolalar birinchi marta ekranda sakrab turgan kichik tasvirni ko‘rgandi. Ular bundan juda hayajonlanib ketgandi», — deya yodga olgandi Kamaruning onasi Afishetu.
Foto: Reuters
Oila ko‘chib o‘tgandan so‘ng bolalar Amerika maktabiga boradi, aynan o‘sha yerda Kamaru kurashga qiziqib qoladi. Biroq ota-onasi uni qo‘llab-quvvatlamaydi: ular musobaqalarga bormas va o‘g‘lining jarohat orttirib olishidan xavotirlanardi. Har safar Kamaru onasiga kurash haqida gapirmoqchi bo‘lsa, shunday javob olardi: «U yerda boshqa bolalar bilan janjallashasanmi? Bizni har kuni maktabga chaqirishlarini xohlaysanmi?». Afishetu o‘g‘illarining bezori bo‘lib ketishidan va turmush o‘rtog‘ining urinishlari besamar ketishidan qo‘rqardi.
Ammo Kamaru kurashda muvaffaqiyatga erisha boshlaydi: dastlab o‘rta maktab darajasida (rekord 53-3), keyin esa Nebraska universitetida, Kamaru u yerga aynan sportdagi yutuqlari tufayli qabul qilingandi. Katta Usmon o‘g‘lining kurash musobaqalarini uch marta ko‘rgan, xolos. Oxirgisi 2009 yilda Hyuston ikkinchi divizionida, Kamaru unda birinchi o‘rinni egallaydi. O‘sha yilning yozida Muhammad hibsga olinadi, 2010 yilning may oyida esa 15 yillik qamoq va 1,3 million dollarlik jarimaga hukm qilinadi.
U oilasining ko‘z o‘ngida hibsga olinadi: maxsus kuchlar Usmonlarning uyiga bostirib kirib, eshikni ochgan Muhammadning 20 yoshli o‘g‘lini itarib yuboradi. O‘sha paytda Kamaru 23 yoshda edi.
Katta Usmon sog‘liqni saqlash sohasida firibgarlikda ayblanadi, ammo Kamaru otasining aybsiz ekanligiga ishonadi
Katta Usmonning jinoyati maishiy o‘g‘rilik emasdi — u ta’lim olgan va biznes bilan muvaffaqiyatli shug‘ullanadigan odam edi. Muhammad shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatadigan (jumladan, og‘ir bemorlarni tashishga mo‘ljallangan) ikkita kompaniyaga egalik qilardi: Royal Ambulance (2003 yilda tashkil etilgan) va First Choice EMC (2005 yil). U biznesni menejerlar jamoasi yordamida boshqarardi. Kamaruning so‘zlariga ko‘ra, aynan ular otasining «tagiga suv quygan».
Foto: Reuters
«U Dallasda katta biznesga egalik qilardi, bu tibbiy yordam ko‘rsatadigan kompaniyaga o‘xshash narsa edi. Lekin o‘z biznesini yo‘lga qo‘yib, boyib ketgan muvaffaqiyatli migrantlar odamlarga yoqavermaydi. Otam biznes bo‘yicha mutaxassis bo‘lmagani uchun kompaniyaga odamlarni yollashda xatoga yo‘l qo‘ygan. Xodimlar o‘z aybiga iqror bo‘lsa-da, sud qonunni bilmaslik, javobgarlikdan ozod qilmasligini aytib, hamma aybni unga ag‘dardi, natijada otam 15 yil oldi», — degandi Usmon Jo Rogan bilan bo‘lgan suhbatda.
Katta Usmon sog‘liqni saqlash sohasida ko‘plab firibgarlik harakatlarida va davlatdan pul olgan soxta kompaniya yaratishda (sug‘urta to‘lovlari uchun ham soxta vedomostlar tuzgan) ayblangan. Federallar hujjatlarni o‘rganayotganda shubhali narsalarni payqaydi, ammo bemorlar bilan suhbatdan so‘ng hamma narsa aniq bo‘ladi. Muhammadga aybini tan olish taklif qilinadi. Garchi jazo muddati qisqarishi mumkin bo‘lsa-da (besh yilgacha), u buni rad etadi.
«Tan oladigan hech narsa yo‘q va hech qanday noto‘g‘ri ish qilmaganman, nega kelishuvga rozi bo‘lishim kerak?», — degandi o‘shanda katta Usmon.
Bu oila uchun murakkab davrlar edi, chunki rasmiylar Muhammadning barcha bank hisoblarini muzlatib qo‘ydi. Keyin Kamaru sport faoliyatini boshlashga qaror qiladi va otasidan rozilik olish uchun qamoqqa keladi:
«U oldimga keldi va jangchi bo‘lishni xohlayotganini aytdi. Telefonidagi mashg‘ulotlari videosini oynadan ko‘rsatdi. O‘g‘limga uning bunday ish bilan shug‘ullanishini xohlamaganimni aytdim, lekin baribir unga rozilik berdim».
Muhammad Usmon o‘g‘lining janglarini kameradoshlari bilan televizorda tomosha qilardi. Aynan shuning uchun Kamaru televizorda ko‘rsatilmaydigan musobaqalarda jang qilishdan bosh tortgan
Murakkab startdan so‘ng (bittadan g‘alaba va mag‘lubiyat) Usmonning karerasi faqat yaxshi tomonga qarab rivojlandi. U 2012 yilda MMA’da debyut qildi, 2015- yilda The Ultimate Fighter realiti-shousida g‘olib chiqdi va UFC bilan shartnoma imzoladi, 2019 yilning mart oyiga kelib esa promoushen chempioni bo‘ldi. Usmon tashkilotdagi deyarli barcha janglarni pullik PPV tizimida emas, balki televizorda namoyish etiladigan musobaqalarda o‘tkazdi. U buni otasi uchun qiladi: Kamaru janglarini otasi ko‘rishini xohlagan.
Foto: Reuters
Otasining janglarni qanday ko‘rishi haqidagi savol 2015- yilda, TUF’dagi debyutidan oldin paydo bo‘lgandi. O‘shanda Kamaru qamoqxonada oltita televizor o‘rnatilgan xonani ko‘radi va faqat televizorda ko‘rsatiladigan turnirlarda jang qilishga qaror qiladi. O‘z navbatida UFC rahbariyati ham unga yon bosadi — Kamaru chempionlik janglaridan tashqari barcha bahslarni TVda olib berilgan musobaqada o‘tkazadi.
Kamaru qamoqxonada o‘g‘lining g‘alaba qozonishini ko‘rish otasi uchun qanchalik muhimligini yaxshi tushunardi:
«Bunday joyda o‘zingizni osongina rad etilgan, keraksiz his qilishingiz mumkin, go‘yo sizni hech kim kutmayotgandek. U yerda hamma boks bilan shug‘ullanganini yoki qarindoshlaridan kimdir bokschi bo‘lgani haqida gapiradi. Ammo otamga yordam bera olganimdan va uning o‘g‘li kimligini hammaga ko‘rsata olganimdan faxrlanardim», — degandi Kamaru ESPN telekanaliga bergan intervyusida.
Usmonning gapi to‘g‘ri chiqdi — uning janglarini butun qamoqxona tomosha qilardi, otasi esa mahbuslar orasida yaxshigina mashhurlikka erishadi. Mahbuslarning hayoti Kamaruning janglari atrofida qurilardi — hamma janglarni muhokama qilar, navbatdagilariga esa taxminlar bildirardi. Hatto ma’muriyat ham ularga yon beradi: mahbuslarga shovqin ko‘tarish va kechgacha televizor ko‘rishga ruxsat beriladi.
«Ochig‘ini aytaman, biz bu janglardan boshqa narsani kutmasdik. Bu barcha mahbuslar, oq tanlilar, qora tanlilar, meksikaliklar yig‘iladigan va ularning barchasi tomoshadan zavqlanadigan joy bo‘lgan. Hamma bir-biri bilan muloqot qila oladigan vaqt edi, o‘sha paytda biz qayerda ekanimizni, nimalarni boshdan kechirayotganimizni unutardik. Jangdan keyin ham bir necha haftalab uning tafsilotlarini muhokama qilardik. Kamaruning janglari tufayli qamoqxonadagi vaqt tezroq o‘tardi», — deya esga olgandi Usmonning otasining kameradoshi Di Rey.
Katta Usmon o‘g‘lining Tayron Vudli va Kolbi Kovingtonga qarshi chempionlik janglarini ko‘ra olmaydi, bu janglar faqat PPV’da ko‘rsatilgan (UFC’ning pozitsiyasiga ko‘ra). Ammo 2020 yil fevral oyida, o‘n yillik qamoqdan so‘ng Muhammad muddatidan oldin ozod qilinadi. U o‘g‘li bilan birga Masvidalga qarshi birinchi jangga bormoqchi bo‘ladi, biroq koronavirus pandemiyasi tufayli UFC turnirni Las-Vegasdan BAAga ko‘chirishga majbur bo‘lgandi. Muhammad o‘g‘lining jangini yana televizorda tomosha qiladi, biroq bu safar ozodlikda.
Foto: Reuters
Masvidal bilan revansh jangida Usmon barchani hayratda qoldirdi: u zerikarli jangchi emasligini va raqiblarini nokautga uchrata olishi mumkinligini isbotlaydi. Garchi bungacha Gilbert Byornsni nokautga uchratib, Kolbi Kovingtonning jag‘ini sindirgan bo‘lsa-da, bu safargi g‘alaba o‘zgacha edi. Ammo Kamaru uchun asosiy mukofot otasini baxtli ko‘rgani bo‘ldi: jang yakunida g‘olib nomi e’lon qilinganidan keyin Kamaru unga chempionlik kamarini taqib qo‘ydi. Muhammad esa ko‘z yoshlarini ushlab tura olmaydi, ko‘rinishidan u sayyoradagi eng baxtli otaga o‘xshardi. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi