Foto: Getty Images
AQSH Senati va Vakillar palatasi qurol aylanmasi ustidan nazorat to‘g‘risidagi 80 sahifali qonun loyihasini ma’qulladi, deb yozadi Meduza. Uni 65 senator, shu jumladan, odatda ushbu sohada nazorat kuchaytirilishiga qarshi chiquvchi Respublikachilar partiyasining 15 nafar vakili qo‘llab-quvvatladi. Vakillar palatasida qonun loyihasini yoqlab 234 kishi (shu jumladan 14 nafar respublikachi) ovoz berdi, 193 kishi qarshi chiqdi. Endi u imzolash uchun prezidentga yo‘naltiriladi.
Qonun loyihasi may oyida AQSHda ikki marta ommaviy qotillik sodir bo‘lganidan keyin ishlab chiqildi. Buffalodagi supermarketda va Yuvaldedagi boshlang‘ich maktabda yuz bergan otishmalarda 31 kishi halok bo‘ldi, ularning yarmidan ko‘pi boshlang‘ich maktab o‘quvchilari edi.
Senatdagi ovoz berishdan keyin AQSH prezidenti Jo Bayden shunday dedi: «Bugun, 28 yillik harakatsizlikdan keyin, ikkala partiyadan ham Kongress a’zolari butun mamlakat bo‘ylab oilalarning da’vatlariga quloq solib, jamiyatimizda o‘qotar quroldan foydalanib zo‘ravonlik sodir etishga qarshi kurashishga qaratilgan qonun lyihasini qabul qilish uchun yig‘ildi. Yuvalde va Buffalodagi oilalar, avvalgi juda ko‘p fojiali voqealar harakat qilishni talab etdi. Va bugun biz harakat qilyapmiz».
Yangi qonun loyihasi maktablarni qo‘riqlashga qaratilgan moliyalashtirishni kuchaytirish, ruhiy salomatlikni nazorat qilish va o‘z joniga qasd qilish oldini olish dasturlariga yirik mablag‘lar va boshqa inqirozli vaziyatlarda qo‘llab-quvvatlash xizmatlariga qo‘shimcha xarajatlarni ko‘zda tutadi. Shuningdek, qurol sotib olish istagida bo‘lgan 18 yoshdan 21 yoshgacha odamlarni puxtaroq tekshirishni joriy qilish ham rejalashtirilmoqda. Xususiy qurol savdosi ustidan nazorat ancha kuchaytiriladi.
Bundan tashqari, o‘zi va atrofdagilar uchun xavf tug‘diruvchi odamlar uchun quroldan foydalanishni cheklash taklif etilmoqda, xususan, maishiy zo‘ravonlik uchun sudlangan odamlarga o‘qotar qurol sotib olish imkonini beruvchi zaif jihatlar yo‘qotiladi. Shuningdek, potensial xavfli odamlarga quroldan foydalanishni cheklashga va inqirozli vaziyatlarda yordam dasturini rivojlantirishga yo‘naltirilgan o‘z qonunlarini ishlab chiqishi uchun shtatlar budjetlariga katta mablag‘ ajratish rejalashtirilmoqda.
«Yillar davomida o‘ta o‘nglar Kongress qonunga rioya qiladigan amerikaliklar konstitutsiyaviy huquqlariga o‘zgartirish kiritish orqali ommaviy qotilliklarga oid dahshatli muammoni yecha oladi deb yolg‘ondan ishontirib keldi. Ushbu qonun loyihasi unaqa emasligini isbotlaydi. Hamkasblarimiz sog‘lom aqlga asoslangan ommaviy qadamlar paketini to‘pladi, ular dahshatli hodisalarning ehtimolini kamaytiradi, shu bilan birga, fuqarolarning ikkinchi tuzatish (1791 yildan kuchga kirgan AQSH Konstitutsiyasiga tuzatish, fuqarolarning qurolni saqlash va olib yurish huquqini kafolatlaydi) bilan belgilangan konstitutsiyaviy huquqlarini buzmaydi», — dedi respublikachi senator Mitch Makkonnell.
Yangi qonun loyihasi qat’iy cheklovlarni kiritmaydi — shunga qaramay, Amerika jamiyatida uning ko‘rib chiqilishi natijalari yillar davomida qurol aylanmasi sohasida qat’iyroq nazorat kiritilishini yoqlab chiqqan Demokratik partiya g‘alabasi deb atalmoqda.
Amerika OAVlari qayd etishicha, bundan avvalgi, muhimligi jihatidan shunga o‘xshash bo‘lgan qonun 1994 yilda qabul qilingan edi. O‘shanda qurol ishlab chiqaruvchilariga fuqarolar foydalanishi uchun katta hajmli o‘qdonlar va hujum (shturm) quroli toifasiga kiruvchi avtomatik o‘qlanadigan qurolning ba’zi turlarini chiqarish taqiqlab qo‘yilgan edi. Taqiq o‘n yil mobaynida amal qildi, ammo 2004 yilda uning amal qilish muddati tugadi va respublikachilar partiyasi qarshiligi tufayli uzaytira olishmadi. Bugungi kunda faqat yettita shtatda va Kolumbiya okrugida hujum quroli taqiqlangan.
AQSH rivojlangan mamlakatlar orasida o‘qotar quroldan o‘lim darajasi eng yuqori davlat bo‘lib qolmoqda. 2022 yilda qariyb 21 ming kishi halok bo‘ldi, shularning 9 mingdan ortig‘i o‘ldirilgan va 12 mingga yaqini o‘z joniga qasd qilgan. Gun Violence Archive notijorat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon mamlakatda 280 ta ommaviy qotillik yuz bergan.
AQSH Demokratlar partiyasi va, so‘rovlar natijalari ko‘rsatishicha, mamlakat aholisining katta qismi qurol aylanmasi nazorati haqidagi mavjud qonunlarning kuchaytirilishi tarafdoridir. Bunday choralarga qarshi bo‘lganlar (shu jumladan, Amerika Milliy o‘qchilar uyushmasi*) fikricha, amaldagi qonunlarning har qanday tarzda o‘zgartirilishi fuqarolarning Konstitutsiyaga kiritilgan ikkinchi tuzatishda belgilangan, qurolga egalik qilish konstitutsiyaviy huquqining buzilishi bo‘ladi. Ular har qanday yon bosish yangi talablarni keltirib chiqarishi va oxir-oqibat qurolning to‘liq taqiqlanishiga olib kelishidan xavfsiramoqda.
Bunday odamlarning asosiy dalillaridan biri shundan iboratki, qurolga egalik qilishning cheklanishi amalda ko‘pchilik ommaviy qotilliklarning oldini ololmagan bo‘lardi. Ko‘p hollarda amerikalik Stiven Peddok misol qilib keltiriladi, u 2017 yilda AQSH tarixidagi eng ommaviy qotillikni amalga oshirgan, o‘shanda 59 kishi halok bo‘lib, 500 dan ortiq odam yaralangan edi. Peddok qurolni qonuniy tarzda sotib olgan — u barcha tekshiruvlardan o‘tgan, muqaddam sudlanmagan bo‘lgan va yaqqol ruhiy buzilishlari bo‘lmagan.
So‘nggi yillarda AQSHda tobora ko‘proq odamlar qurol qo‘llash orqali zo‘ravonlik qilish muammosini Konstitutsiyaga kiritilgan ikkinchi tuzatishni bekor qilish orqaligina yechish mumkin, degan fikrni bildirmoqda.
Oliy sud sobiq a’zosi Jon Pol Stivens tuzatishni bekor qilishga chaqirdi va uni XVIII asr sarqiti deb atadi. Brennan adliya markazi (Nyu-York universitetidagi yuridik maktab) ilmiy xodimi Uolter Shapiro aytishicha, «javonlarda, bardachoklarda va tumbochkalarda» qariyb 400 million dona qurol saqlanadigan jamiyatda mavjud muammolarni hech qanday islohotlar hal qila olmaydi.
«Achchiq haqiqat shundaki, muammoning ildizi — ikkinchi tuzatishning o‘zi. Amerika esa ikkinchi tuzatish bekor qilinmagunicha yoki Oliy sud uni tubdan o‘zgartirmagunicha, bir ommaviy qotillikdan ikkinchisiga qarab harakatlanaveradi», — dedi u.
*Amerika Milliy o‘qchilar uyushmasi (NRA) — Amerikadagi eng qudratli lobbichilik tashkiloti deb ataladi. Tashkilot 5 milliondan ziyod odamni o‘z ichiga oladi, uni ko‘plab yirik kompaniyalar qo‘llab-quvvatlaydi. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»