22:48 / 22.07.2022
1 758

MRB rahbari Rossiyaning Ukrainaga bosqini va Putinning betobligi bo‘yicha mish-mishlar haqida

MRB rahbari Rossiyaning Ukrainaga bosqini va Putinning betobligi bo‘yicha mish-mishlar haqida
Foto: EPA
Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Byornsning hisoblashicha, mish-mishlarga ters o‘laroq, Putinning salomatligi joyida. U o‘z chiqishida Rossiyaning Ukrainaga bosqin davridagi harbiy yo‘qotishlari, Putinning urush boshlash uchun sabablari hamda Rossiyaning Eron bilan yaqinlashuvi bo‘yicha ham munosabat bildirdi.

«Prezident Putinning sog‘lig‘i haqida ko‘p mish-mishlar yuribdi. Ammo shuni aytishimiz mumkinki, u soppa-sog‘», deya qayd etdi Byorns Kolorado shtatidagi yirik xalqaro konferensiya ishtirokchilaridan tushgan savolga javoban.

Auditoriyada ko‘tarilgan kulgidan keyin AQSH tashqi razvedkasi rahbari va o‘tmishda Amerikaning Moskvadagi elchisi sifatida Rossiya yetakchisi bilan yaqin aloqada bo‘lgan Byorns bu o‘z xizmatining rossiyaliklar prezidenti sog‘ligi borasidagi razvedka ma’lumotlariga asoslangan rasmiy xulosasi emasligi, gap o‘z shaxsiy fikri haqida ketayotganini ta’kidlagan.

Putin shu yili 70 yoshga chiqadi va OAVda muntazam ravishda uning qandaydir kasallikka chalingani, ehtimol onkologik kasalliklardan aziyat chekishi to‘g‘risida tasdiqlanmagan xabarlar chiqib turadi.

Xususan, «Proyekt» nashri davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida 2016 yildan 2020 yilga qadar Putinning Sochiga safarlariga shifokorlar brigadasi hamrohlik qilgani to‘g‘risida yozgan. Ko‘p hollarda u bilan ikki nafar otolaringolog shifokor (ulardan biri Putinga 59 bor, boshqasi - 38 bor) va qalqonsimon bez muammolari bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan jarroh (35 bor) uchgan.

Putinning shu haftada Eronga tashrifi vaqtida olingan kadrlar ham uning salomatligi bilan bog‘liq mavzu kontekstida faol muhokama qilindi: xususan, OAV uning noodatiy qadam tashlashiga e’tibor qaratgan.

Putin o‘z salomatligi to‘g‘risida jiddiy qayg‘uradi. Ukrainaga bosqin ham, to‘rt bor koronavirusga qarshi vaksina olgani ham, pandemiya kuchsizlashgani ham Rossiya prezidenti bilan uchrashadiganlar uchun karantinni bekor qila olmagan.

2005-2008 yillarda AQSHning Rossiyadagi elchisi sifatida ishlagan Byorns payshanba kuniga o‘tar kechasi Aspendagi xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan forumda chiqish qildi - har yili o‘tkaziladigan bu yirik konferensiyaga dolzarb global muammolar muhokamasi uchun dunyoning turli burchaklaridan yuqori martabali siyosatchilar tashrif buyurishadi.

Forumda Byornsga yo‘llangan deyarli barcha savollar Rossiya va Ukraina mavzusiga bag‘ishlandi.

Uilyam Byorns 2005-2008 yillarda Moskvada elchi bo‘lgan. Foto: GETTY IMAGES
Shu kunlarda AQSH va uning ittifoqchilari Rossiya tajovuzini qaytarish uchun Ukrainaga yana kamida sakkiz dona HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari yuborish majburiyatini oldi - bungacha Ukraina qurolli kuchlariga jami 12 dona shunday qurilma yetkazib berilgandi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa Rossiya Ukrainaga bosqin «geografiyasini kengaytirmoqchiligi» haqida gapirgandi.

Byornsdan Rossiyaning Ukrainaga bosqini davrida ko‘rgan harbiy talafotlari bo‘yicha bahosini berish ham so‘raldi.

«AQSH razvedka hamjamiyatining so‘nggi hisob-kitoblariga ko‘ra, 15 000 ga yaqin Rossiya harbiysi halok bo‘lgan va bundan uch baravar ko‘pi yaralangan. Shunday qilib, yo‘qotishlar juda katta. Ukrainaliklar ham talafot ko‘rgan — biroz kamroq bo‘lishi mumkin, ammo, sizga ma’lumki, bu ham katta yo‘qotish», degan MRB direktori.

Byorns bu ma’lumot qaysi kungacha bo‘lgan hisob-kitoblarga asoslanganiga aniqlik kiritmagan, ammo bu raqamlar bunga qadar Ukraina tomoni va G‘arbdagi boshqa davlatlar maxsus xizmatlari tomonidan keltirilganidan ancha kamroq ko‘rinadi.

15 ming qurbon - bu ko‘pmi yoki kam?

Olga Ivshina, BBC
Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Ukrainada halok bo‘lgan rossiyalik harbiylar soni 15 ming ekani haqida keltirgan ma’lumotni turlicha tushuntirish mumkin.

Bir tomondan, sovetlar ittifoqi Afg‘onistondagi qariyb 10 yillik urushdagi yo‘qotishlari soni shuncha bo‘lgandi. Boshqa tomondan, bu hozirgacha berilgan ma’lumotlar orasida eng kichik raqamlar. Britaniya razvedkasi iyun oyidayoq rossiyaliklar orasidagi qurbonlar soni 15-20 ming atrofida ekanini aytgandi.

Shu kunlarda Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi 38 750 qurbon haqida ma’lumot berib, bu taxminiy hisoblar ekanini qayd etgan.

Bizda birinchi qo‘ldan ma’lumot yo‘q: Rossiya mudofaa vazirligi ikkinchi va so‘nggi bor o‘z yo‘qotishlari soni haqida 25 mart kuni ma’lumot bergandi: 1351 qurbon. O‘shandayoq bu raqam haddan tashqari pasaytirilgan ko‘ringandi.

BBC rus xizmati, «Mediazona» va ko‘ngillilar guruhi ochiq manbalar asosida urush qurbonlari haqida ma’lumot yig‘ib keladi. Tabiiyki, bu haqiqiy ko‘lamni ifodalay olmaydi: gap faqat nomma-nom tasdiqlangan qurbonlar soni haqida ketadi. 22 iyul holatiga ko‘ra, 4940 nafar harbiy o‘limi rasman tasdiqlangan.

Bunga qancha qurbonlar kirmay qolgani haqidagi tasavvurni hududiy qabristonlardagi vaziyat hosil qilishi mumkin. BBC Kaliningraddan Xabarovskka qadar hududda 30 dan ortiq qabristondagi vaziyat bilan tanishgan. Ularning har birida ko‘plab askarlar dafn etilgan va ularning bir qismining vafoti haqida rasman xabar berilmagan, bundaylar ulushi 30 foizdan 100 foizgacha yetadi.

Bu kuzatishlar asosida taxmin qilish mumkinki, BBC yuritayotgan ro‘yxatdagi raqamlar Rossiyada chindan ham dafn etilgan urush qurbonlarining haqiqiy sonining yarmini tashkil etishi mumkin, xolos. Shunday vaziyatni hisobga olgan holda BBC’ning Rossiya armiyasi yo‘qotishlari haqidagi ma’lumotlari MRB rahbari tilidan yangragan raqamlarga mos keladi.

Katta ehtimol bilan Rossiyaning yo‘qotishlari to‘g‘risida tarqalayotgan raqamlarning turlicha bo‘lishi (MRBdan tortib Ukraina Bosh shtabigacha bergan ma’lumotlar) terminologiya va hisoblash metodlari bilan izohlanadi.

Ayrimlar Rossiya tomoni yo‘qotishlariga «DXR» va «LXR» kuchlarining yo‘qotishlarini ham, shuningdek, «Vagner» va boshqa xususiy harbiy kampaniyalar safidagi yollanma jangchilarni ham qo‘shadi. Ishonchli ma’lumotlarga ko‘ra, bu ikki kategoriyadagi kuchlarning yo‘qotishlari ham bir necha minglarda ifodalanadi (birgina Donetskda 2400 harbiy o‘limi tan olingan). Agar Rossiyaning «bedarak ketgan» harbiylari, shuningdek, Donetsk va Luhansk «xalq militsiya»si kuchlaridagi yo‘qotishlar ham qo‘shilsa, yakuniy raqamlar keskin o‘sadi.


VLADIMIR GERDO/TASS
«Nazorat, qo‘rqitish, hisob-kitob»

Byorns 20 yildan ortiq vaqt davomidagi o‘zaro muloqotlar va Rossiya rahbarini kuzatish orqali Putin nazorat, qo‘rqitish va hisob-kitob qilish kabi qoidalarga qattiq amal qilishi haqida xulosaga kelgan. So‘nggi o‘n yillikda unda bunday ishonch faqat mustahkamlangan - natijada uning atrofidagi maslahatchilar doirasi toraygan.

«U o‘z chekiga Rossiyaga buyuk derjava maqomini qaytarish vazifasi tushgan deb ishonadi. Bunga erishish uchun, uning fikricha, qo‘shnilar ustidan ta’sir doirasini qaytarish kerak va bu Ukraina ustidan nazoratni qaytarishsiz amalga oshmaydi», degan Byorns.

Noyabr oyida Byorns Moskvada ikki kun bo‘lib, rossiyalik harbiylar to‘planishi natijasida Rossiya-Ukraina chegarasidagi yuzaga kelgan keskinlikni yumshatish maqsadida Rossiyaning yuqori martabali shaxslari bilan muloqot qilgandi. MRB rahbari o‘shanda ortga katta xavotir bilan qaytganini aytgandi.

Byornsning fikricha, Rossiya rahbarining rejalari juda xato taxminlarga, shuningdek illyuziyalarga asoslangan - u ayniqsa Ukrainaning qarshilik ko‘rsatish uchun iroda ko‘rsatishi borasida qattiq yanglishgan.

«Putin o‘z ritorikasiga qattiq ishonadi. Ko‘p yillar davomidagi o‘zaro suhbatlarimizda undan Ukraina - haqiqiy mamlakat emasligi haqida bir necha bor eshitganman. Haqiqiy davlatlar esa bunga qarshi chiqadi. Aynan ukrainlar shunday qilmoqda», degan MRB rahbari.

Rossiya va Eron

Byornsning diplomatik faoliyati bir necha o‘n yillarni o‘z ichiga oladi.

Xususan, 2015 yilda u AQSH Davlat kotibi o‘rinbosari bo‘lgan va Eron bilan yadroviy kelishuvga erishish borasida ko‘p sa’y-harakatlarni amalga oshirgan - bu davlat sanksiyalar bekor qilinishi evaziga o‘z yadroviy dasturini faqat tinch maqsadlarda rivojlantirishi borasida xalqaro kelishuvga erishish uchun ko‘p yillar mobaynida ish olib borilgan.

Lekin Donald Tramp davrida AQSH bu kelishuvdan chiqib ketdi, respublikachi prezident buni kelishuv Tehron o‘z yadro qurolini ishlab chiqarishini to‘xtatishini kafolatlamasligi, shuningdek Eronni o‘zining asosiy raqibi sifatida ko‘ruvchi Isroilning xavfsizligini ta’minlamasligi bilan izohlagan.

Shu hafta boshida Eronga Rossiya prezidenti Vladimir Putin tashrif buyurdi. 2020 yil boshidan buyon koronavirus pandemiyasi tufayli Putin xorijga chiqishni to‘xtatib qo‘ygandi, fevral oyida Ukrainaga bosqin boshlanganidan keyin esa u faqat bir mart xorijga chiqdi - iyun oyi oxirida Tojikiston va Turkmanistonga keldi.

Rossiya va Eronning hozirgi yaqinlashuvi borasidagi savolga javob berarkan, Byorns bu yaqinlashuv xavotir uyg‘otmay qolmasligini aytgan. Uning fikricha, Eron Rossiyaga harbiy dronlar yetkazib berishdan oldin ikki marta o‘ylab ko‘rishi kerak - avvalroq Amerika razvedkasi eronliklar Rossiyani Ukrainada qo‘llash mumkin bo‘lgan harbiy dronlar bilan ta’minlashi mumkinligidan ogohlantirgandi.

Eron va Rossiya nafaqat do‘stlar, balki raqiblar hamdir. Foto: Reuters
Ammo shu bilan birga, MRB rahbarining qayd etishicha, Putin Eronga shunday qurollar so‘rab murojaat qilayotgani faktining o‘zi Rossiyada mudofaa sektori ancha zaiflashganidan dalolat beradi.

«Biz ko‘rgan bu barcha fotosuratlar ortidagi reallik shundaki, Rossiya va Eron bir-biriga muhtoj. Ikki mamlakat ham federal sanksiyalar ostida, ikkisi ham siyosiy izolyatsiyadan chiqishni istaydi. Ammo ular bir-biriga muhtoj bo‘lsa-da, bir-biriga qattiq ishona olmaydi. Tarixan ular energetika sektorida o‘zaro raqiblar bo‘lishgan.

Mening nazarimda, ayni vaqtda ularning bir-biriga yordam berish imkoniyatlari chegaralangan
», degan Byorns.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » MRB rahbari Rossiyaning Ukrainaga bosqini va Putinning betobligi bo‘yicha mish-mishlar haqida