
Foto: VALERY SHARIFULIN/TASS
Ozarboyjon armiyasi Lochin yoʻlagi nazoratini qoʻlga oldi. Shu vaqtgacha yoʻlakni nazorat qilgan Rossiya tinchlikparvar kuchlari boshqa hududga koʻchib oʻtishdi. Lochin yoʻlagi Armaniston bilan Togʻli Qorabogʻni bogʻlab turuvchi yagona va juda muhim yoʻl edi. Uning ozarboyjonliklar nazoratiga oʻtishi Qorabogʻ armanlari uchun nimani anglatadi?
2022 yil 26 avgust kuni Rossiya tinchlikparvar kuchlari butun mintaqa uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan olti kilometrlik togʻ yoʻli boʻlmish Lochin yoʻlagi ustidan nazoratni Ozarboyjonga topshirdi. Bu yoʻl Armaniston va Togʻli Qorabogʻni bogʻlaydi.
Ozarboyjon armiyasi Lochin shaharchasini egalladi, Sus va Zabux qishloqlari ham nazorat ostiga olindi, deb xabar berdi mamlakat prezidenti Ilhom Aliev. «Barcha Lochin aholisini va Ozarboyjon xalqini ushbu bayram bilan tabriklayman», — deb yozdi u Twitter sahifasida.
«Yoʻlakda» ikki yil
Ikkinchi Qorabogʻ urushi 44 kun davom etgan va 2020 yil 10 noyabrda yakunlangandi – oʻsha kuni Ozarboyjon prezidenti va Armaniston bosh vaziri Vladimir Putin vositachiligida qoʻshma bayonot imzolaydi. Aslida, bu Armanistonning taslim boʻlishini anglatardi.
Oʻt ochishni toʻxtatish va 1994 yildan beri arman kuchlari nazoratida boʻlgan Togʻli Qorabogʻ atrofidagi hududlarni Ozarboyjonga qaytarishdan tashqari, Ilhom Aliev va Nikol Pashinyan oʻshanda Armanistonni Xonkendi (Stepanakert, tan olinmagan Togʻli Qorabogʻ Respublikasi markazi) bilan bogʻlaydigan yagona quruqlik yoʻli – Lochin yoʻlagini nima qilish haqida ham kelishib olgandi.
Urush yakunlariga koʻra, Qorabogʻ togʻ tizmasining janubi-gʻarbiy yon bagʻrida joylashgan kichik Lochin shaharchasi qariyb oʻttiz yildan soʻng Ozarboyjon tarkibiga qaytadi. Shaharni va Armanistondan Togʻli Qorabogʻgacha boʻlgan yoʻlni Rossiya tinchlikparvar kuchlari nazorat qila boshlaydi. Buning uchun ularga besh yillik mandat beriladi, uni uzaytirish imkoniyati ham bor.
Avvaliga bu oson boʻlmadi: rasman bu hudud Ozarboyjonniki boʻlishiga qaramay, «oʻtish davri»da faqat Armaniston pasporti egalari Lochinga ruxsatsiz kirishi mumkin edi. Ozarboyjon harbiylari esa yoʻlak boʻylab qilingan har bir harakatni rossiyaliklar bilan kelishib olishi lozim edi. Hatto ruxsat berilgan taqdirda ham ozarboyjonliklarni rossiyalik harbiylar kuzatib borishardi.

Foto: ANDREY BORODULIN/AFP VIA GETTY IMAGES
«Avvaliga ular norozi boʻlishardi. Lekin biz bu tinchlik bitimi shartlari ekanini tushuntirardik. Unda prezident imzosi bor, shunday ekan, marhamat, uni bajaring deganimizdan soʻng tinchlanishardi», degandi rossiyalik tinchlikparvar posbon 2021 yil martida.
Bir necha kilometr uzunlikdagi togʻli yoʻlda tez-tez mojarolar sodir boʻlardi. Bu erdan oʻtib ketayotgan ozarboyjonliklar avtomobillar oynasiga davlat bayrogʻini osib, bu oʻz hududi ekanini bildirishardi. Buni koʻrgan armanlar ularga haqoratli ishora qilishardi.
Vaqt oʻtishi bilan vaziyat tinchlandi: 2021 yil kuzida Lochin yoʻlagi shaxsiy avtomobillar harakati uchun ochildi. Ammo yoʻlak hamon tinchlikparvar kuchlar tomonidan qat'iy nazorat qilinardi.
2021 yilda Lochinda atigi 80 nafar aholi istiqomat qilardi. Ularning koʻpchiligi Ozarboyjon nazorati ostiga oʻtgan qoʻshni qishloqlarda mahalliy aholiga narsalarini yigʻishtirib, chiqib ketish uchun juda oz vaqt berilganini dahshat bilan aytishdi. Koʻpchilikning boradigan joyi yoʻq edi. Lochindagilarning ba'zilari hech qaerga ketishni xohlamadi. Endi esa bunga majbur.
Bahsli yoʻlak
Mojarodan keyingi bir yarim yilni tinchliksiz va urushsiz davr sifatida tavsiflash mumkin.
Mahalliy darajada toʻqnashuvlar muntazam ravishda sodir boʻlardi: vaziyatning keskinlashishida Ozarboyjon ayblanardi. Masalan, mart oyida ular yana bir aholi punkti va balandlikni nazoratga olishdi.
Iyul oyi oxirida Qorabogʻdagi vaziyat sezilarli darajada yomonlashdi.
Avvaliga, tan olinmagan Togʻli Qorabogʻ respublikasi (TQR) rasmiylari Ozarboyjonni sulh chizigʻini kesib oʻtishga urinayotganlikda ayblashdi. Soʻngra rossiyalik tinchlikparvar kuchlar Ozarboyjon tomonidan «oʻt ochishni toʻxtatish rejimining uch marta buzilishi» haqida xabar berishdi. Shundan soʻng tomonlar bir-birini oʻqqa tutishda ayblay boshladi. Otishmalarda bir necha askar halok boʻldi.
Ba'zi mustaqil ekspertlar fikricha, yangi qarama-qarshilik Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliev tomonidan Erevanni munozarali masalalarni imkon qadar tezroq hal qilishga undamoqchi ekani bilan bogʻliq edi. Buning uchun qulay vaqt kelgandi: Rossiya Ukrainadagi urush bilan band, dunyo esa bu voqealarni kuzatayotgan bir paytda ozarboyjonliklar tinchlikparvar kuchlarga e'tibor bermay, yanada tajovuzkor harakat qila boshladi.
Hal qilinmagan asosiy muammo – Lochin yoʻlagi, Ozarboyjon yaqin kelajakda uning nazoratini qoʻlga kiritmoqchi edi.

Foto: VALERY SHARIFULIN/TASS
Urush yakunidagi kelishuvlarga koʻra, Armaniston va Ozarboyjon Lochinni aylanib oʻtuvchi yangi yoʻl qurish rejasi boʻyicha qaror qabul qilishi kerak edi. Rossiya tinchlikparvar kuchlari esa yangi yoʻlga koʻchib oʻtishi lozim edi. Bunga 3 yil muhlat berildi, bu muddat hali tugamadi.
Ammo muzokaralar va kelishuvlar uzoq davom etdi.
3 avgust kuni vaziyat keskinlashganidan soʻng, Armaniston Xavfsizlik kengashi kotibi Armen Grigoryan Bokuning Lochin yoʻlagi boʻyicha qoʻygan talablarini noqonuniy deb atadi: u Armaniston haligacha yangi yoʻl qurish rejasiga rozi boʻlmaganini ta'kidladi.
Ozarboyjon bundan xijolat boʻlmadi: bu vaqtga kelib u Lochin viloyatining Armaniston bilan chegarasidan boshlanib, Shusha–Xonkendi shossesiga tutashadigan yoʻlning oʻziga tegishli qismini qurib tugatayotgan edi. Hozirgi kunda Boku yoʻl foydalanish uchun toʻliq tayyorligini aytmoqda.
Ozarboyjonning fikricha, Armaniston shu vaqt davomida rejani tasdiqlash va yoʻlning oʻziga tegishli qismini qurishni ataylab kechiktirib kelgan. Erevan esa uch yil muddat hali tugamagani, kutib turish kerakligini ta'kidlamoqda.

Ammo iyul oxiri – avgust oyi boshidagi keskinlashuvdan keyin jarayon tezlashdi. Tan olinmagan Togʻli Qorabogʻ Respublikasi rasmiylari bergan ma'lumotga koʻra, Ozarboyjon 5 avgustgacha Lochin va Zabux (Axavno) qishlogʻini boʻshatib qoʻyishni talab qilgan. Keyinchalik sana 25 avgustga koʻchirildi.
Yoʻldagi odamlar
Ozarboyjon tarkibiga oʻtgan hududlarda armanlar yashashda davom etmoqda. Ularning koʻpchiligi oʻz hukumati bilan koʻchish masalalari boʻyicha kelishuvga erisha olmayapti.
Tan olinmagan respublika vaqtinchalik uy-joy berishni va'da qilmoqda, ammo bunga hamma ham rozi emas. Uy-joy vaqtinchalik ekani koʻpchilikni qoniqtirmayapti, boshqalar esa barcha va'dalar faqat soʻzda ekanidan gʻazablanmoqda. Ba'zilar qaerga borishni bilmaydi. Qolishni xohlovchilar ham bor, ammo ularning taqdiri qanday boʻlishi noma'lum.
Tan olinmagan Togʻli Qorabogʻ hukumati avgust oyi boshida Lochin shaharchasi, Sus va Axavno qishlogʻi aholisiga 25 avgustga qadar uylarini tark etish kerakligini e'lon qildi. Shu sanadan boshlab hududlar Ozarboyjon nazorati ostiga oʻtardi.
Qishloqlar aholisi uchun bu bayonot kutilmagan edi: ikkinchi Qorabogʻ urushi paytida u erdan qochib ketgan koʻplab odamlar vaqt oʻtgach yana uylariga qaytishgandi.

Axavno qishlogʻi aholisi oxiriga qadar ketishga toʻgʻri kelmasligiga umid qilgandi, ammo endi narsalarini yigʻishtirmoqda
Foto: LILIT ShAXVERDYaN
Masalan, Axavno qishlogʻi (Ozarboyjonda uni Zabux deb atashadi) aholisi 2020 yilgi urushdan keyin yana uylariga qaytishgan, vayron boʻlgan maktabni tiklab olishgan va tinch hayot davom etishidan, Ozarboyjon bu hududlarga qaytmasligidan umidvor boʻlishgandi. Hozir esa narsalarini yigʻishtirishmoqda.
Internetda odamlarning ba'zilari ozarboyjonliklar qoʻliga oʻtmasligi uchun uylarini yoqib yuborayotgani tasvirlangan videolar tarqalmoqda. Ammo tan olinmagan Togʻli Qorabogʻ rasmiylari bu holatda odamlar tovon puli olmasligidan ogohlantirgan.
TQR majburan koʻchirib yuborilayotgan har bir kishiga 40 ming dram (taxminan 99 dollar) moddiy yordam va uy-joy sotib olish yoki ijaraga olish uchun 10 million dramlik sertifikat (taxminan 24 600 dollar) taklif qilmoqda. Aholining aytishicha, bunday pulga Armanistondan uy sotib olish ilojsiz, faqat ijaraga olish mumkin.
Bundan tashqari, bunday sertifikatni olgan Lochinning sobiq aholisi muammolarga duch kelyapti: Armaniston banklari bu sertifikatlarga shubha bilan qaramoqda va koʻpincha ularni qabul qilmayapti.
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Alievga bu muammolar qiziq emas. «Lochin shahri, Zabux va Sus qishloqlarida noqonuniy ravishda yashab kelgan odamlar chiqib ketishi kerak. Bu tabiiy hol. Ularning bu joylarda yashashi harbiy jinoyat hisoblanadi, chunki bu Jeneva konventsiyasi qoidalariga zid. Bosqinchi davlat bosib olingan erlarda aholini yashash uchun joylashtira olmaydi, bu noqonuniy», degan edi u.

Qorabogʻdan Armanistonga eltuvchi yangi yoʻl endi Ozarboyjonning Shusha shahri yaqinidan oʻtadi va rossiyalik tinchlikparvar kuchlar tomonidan nazorat qilinadi. Foto: ANDREY BORODULIN/AFP VIA GETTY IMAGES
Lochin yoʻlagi Ozarboyjonga topshirilganidan keyin Togʻli Qorabogʻ Armaniston bilan qanday aloqa qiladi, degan haqli savol tugʻiladi.
Bunga muqobil variant bor. TQR hukumati aholiga Ozarboyjon tarkibiga oʻtgan Shusha yaqinidagi va rossiyalik harbiylar nazoratidagi yoʻldan foydalanishni taklif qilmoqda. Ammo muammo bu bilan toʻliq hal qilinmaydi. Bu yoʻlga elektr energiyasi ustunlari va aloqa kabellari ham koʻchirib oʻtkazilishi kerak.
Bundan tashqari, Qorabogʻ aholisi uchun gaz quvuri ham asosiy muammo boʻlib qolmoqda: u qisman Ozarboyjon nazorati ostidagi hududlardan oʻtadi va bu muammo hamon hal etilmagan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!