06:30 / 01.09.2022
2 109

Ayyubiylar kim bo‘lgan?

Ayyubiylar kim bo‘lgan?
Ayyubiylar Iroq shimolidagi Erbildan chiqqan va fotimiylar davlatini ag‘darib, Misr ustidan nazorat o‘rnatgan kurdlar sulolasi edi. Kurdlarning Xazboniy qabilasidan bo‘lgan Najmiddin Ayyub ibn Shozi uning asoschisi bo‘lgan. Musul otabeki (hokimi) Imodiddin Zanjiy o‘z qo‘shinlarini jangari kurdlar hisobiga to‘ldirardi. Ayyub hijriy 532 yili Imodiddin Zanjiyning qo‘shiniga harbiy xizmatga kiradi. Milodiy 1139 yili Zanjiy Salohiddinning otasi Ayyubni Baalbekka hokim qilib yubordi. 1146 yili Zanjiy vafot etganidan so‘ng, Ayyub Damashqqa ko‘chib o‘tdi, uning bevosita yordami va ta’siri ostida 1154 yili Zanjiyning o‘g‘li Nuriddin hokimiyat tepasiga keldi.

Ayyubning akasi Asadiddin Shirkuh hijriy 564 yili Misrdagi fotimiylar hukumatini ag‘daradi. Ammo o‘zi tezda vafot etib, hokimiyat uning jiyani Salohiddinning qo‘liga o‘tadi. 564 – 648 yillari ayyubiylarning sakkiz vakili Misr, Falastin, Yaman kabi mamlakatlarda hukmronlik qilgan. Xittindagi jangda salibchilarni tor-mor etib, Quddusni ozod qilgan Salohiddin Ayyubiy ularning eng mashhurlaridan edi.

Salohiddin hokimiyat tepasiga kelgach, Misrdagi fotimiylar hukmronligining barcha izlarini yo‘qotishga kirishdi. Fotimiylar taxtda bo‘lganida shialikni keng targ‘ib etib, sunniylarni ta’qib qilishga kirishgan edi. Salohiddin ana shu holatni isloh qilishga kirishib, din va ta’lim sohasida sunniylikni keng targ‘ib qila boshladi. Uning yana buyuk xizmati shunda ediki, salib urushlari ochib, Islom yerlarining kattagina qismini egallab olgan nasroniylarga qarshi kurashga turklar, kurdlar va arablarni birlashtira oldi.

Hijriy 568 yili Salohiddin ukasi Shamsiddin Turonshoh boshchiligida Nubiyaga qo‘shin yubordi va u strategik jihatdan muhim bo‘lgan Ibrim qal’asini qo‘lga olishga muvaffaq bo‘ldi. Shamsiddin u yerga kurd Ibrohimni hokim qilib qoldirdi. Ibrohim vaqti-vaqti bilan Nubiyaga hujum qilar, har gal boy o‘ljalar bilan qaytardi. O‘sha yili Salohiddin O‘rdundagi Kerak qal’asini ham egallab oldi. Ana shu yurishi paytida otasi, jasur, yaxshi fazilatlar egasi va taqvodor sarkarda Najmiddin Ayyub ibn Shozining vafot etgani haqidagi xabarni eshitdi.

Salohiddin hijriy 569 yili ukasi Turonshoh boshchiligidagi qo‘shinni Yamanga jo‘natdi. Turonshoh mamlakatning katta qismini qo‘lga kiritib, Zobidda mahdiylar, Sanoda hotamiylar, Adanda zurayidlar hukmronligini tugatdi. U 570 yilgacha Yamanda turdi, so‘ngra o‘rniga voliy tayinlab, o‘zi Shomga jo‘nab ketdi. Oradan yetti yil o‘tib, Turonshoh Iskandariyada vafot etdi va shunda Salohiddin yana bir ukasi Tug‘-teginni Yamanga yubordi. U Sanoni o‘ziga poytaxt qilib, hokimiyatini Hazramavtgacha yoydi.

Milodiy 1169–1193 yillari hukmronlik qilgan Salohiddin Ayyubiy qudratli vazir bo‘lib yetishgach, salib yurishlariga chek qo‘yish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishlarni qildi. Buning uchun davlatga sodiq, qudratli qo‘shin zarur edi. Amalda Misr vaziri bo‘lgan Salohiddin podshohlikni orzu qila boshladi. U 1174 yili Nuriddin Zanjiy vafoti munosabati bilan ana shunday imkoniyat yuzaga kelganidan foydalanib, Misrni mustaqil deb e’lon qildi.

Zanjiylar unga qarshi katta qo‘shin tashladilar. Qurun Hamoham atrofida Salohiddin ularni tor-mor keltirib, Shomni o‘z yerlariga qo‘shib oldi. So‘ngra ukasi Turonshohni qo‘shin bilan Hijozga yuborib, 1175 yilda bu viloyatni ham zabt etgach, yurishini davom ettirib, Yamanni qo‘lga kiritdi.

Shundan keyin Salohiddin Bag‘doddagi abbosiy xalifadan o‘zining Misr sultoni sifatida e’tirof etilishini talab qildi. Xalifa bunga mamnuniyat bilan rozilik berganining sababi shunda ediki, buning natijasida hatto shialarga nisbatan ham keskin harakatlar qilish tarafdorlari hisoblanmish fotimiylar hukmronligi barham topgan bo‘lardi. Shunday qilib, U birdaniga Misr, Hijoz, Yaman va Shom sultonligiga muyassar bo‘ldi.

O‘sha paytlarda Yaqin Sharq uchta asosiy kuchning ta’sir doirasida taqsimlangan mintaqaga aylanib qolgan edi. Sohil bo‘ylari, Quddusni ham qo‘shganda Falastinning bir qismi salibchilar nazoratida edi; Misr va uning atrofidagi ba’zi yerlar fotimiylar sulolasi hukmronligi ostida edi; Suriya va Iroqning bir qismi esa zanjiylar qo‘l ostida edi. Zanjiylar va fotimiylarning o‘zaro munosabatla- ri ziddiyatli bo‘lgan. Bir tomondan bular turli mafkuraviy yo‘nalishlarning vakillari edi: zanjiylar sunniylik an’analariga sodiq bo‘lganlari holda fotimiylar ismoiliylik g‘oyalariga ergashishardi. Bir vaqtlar shialikdan ajralib chiqqan ismoiliylik oqimi turli sirli va yashirin g‘oyalarni tarqatar, bu bilan o‘zini qolgan barcha musulmonlarga – sunniylarga ham, shialarga ham qarshi qo‘yar edi (Ammo ayni paytda fotimiylarning ayrim hukmdorlari ulardan farqli o‘laroq o‘rtacha yo‘l tutib, boshqa musulmonlarga yon bosar edi).

O‘z hukmronligining nihoyasiga kelib fotimiylar aslida butun hokimiyatni qo‘lga olgan o‘z vazirlari ta’siriga tushib qolishdi. Aynan shu vazirlar o‘sha paytda umumiy g‘anim hisoblangan salibchilarga qarshi kurashda zanjiylardan yordam so‘rab, ularga murojaat qilishdi. Zanjiylar Misrning salibchilar tomonidan bosib olinishi so‘zsiz salibchilik harakatining kuchayishiga va musulmon dunyosini halokat yoqasiga keltirib qo‘yishiga ishonishar edi. Shu maqsadda ular fotimiylar bilan yagona jabhaga birlashishdi va har ikki tomonning ham umumiy dushmanining kattagina kuchlarini chalg‘itishga muvaffaq bo‘lishdi.

Biroq fotimiy vazirlarning siyosiy o‘yinlari doimiy xavf solib turardi: ular ittifoqchilarini tinmay almashtirishar, hali musulmonlar bilan, hali salibchilar bilan bitim tuzishar edi. Salibchilar bundan foydalanib, Misr hududiga bir necha marta bostirib kirishdi. Natijada zanjiylar armiyasi bir qator janglardan keyin salibchilarni Misrdan haydab chiqaribgina qolmay, balki uning poytaxti Qohirada o‘rnashib qolishga muvaffaq bo‘lishdi. Shu tufayli fotimiylarning vaziri Shavir ibn Mujir vazifasidan chetlatilib, uning o‘rnini Salohiddin Ayyubiy egalladi.

Qisqa vaqt ichida Salohiddin Misrda katta shuhrat qozondi. Uning adolatli siyosati ko‘pchilikni o‘ziga jalb qildi va u aksari misrliklarning sevimli va hurmatli kishisiga aylandi. Bu esa oxirgi fotimiy hukmdor Adidning hasadi va xavotirini qo‘zg‘adi hamda u yangi vazirni o‘ldirish uchun unga qarshi fitna qo‘zg‘ashga harakat qildi. Ammo Salohiddin bu hiylani fosh qilib, xatarni tezda bartaraf qildi.

Shundan keyin misrlik va shomliklarning qo‘shinlari salibchilarning navbatdagi hujumini daf qi- lishdi va ularga qattiq zarba berib, chekinishga majbur etishdi. Qohiraga qaytgan Salohiddin oxirgi fotimiy hukmdorni hokimiyatdan chetlatish va uni qo‘llashi mumkin bo‘lgan kishilarni vazifasidan olib tashlashga qaror qiladi. Natijada, butun hokimiyat Salohiddinning qo‘l ostiga o‘tadi va oradan ko‘p o‘tmay Adidning o‘zi ham vafot etadi. Shunday qilib, Salohiddin Misrga hukmdor bo‘lib qoladi va shu tariqa ayyubiylarning yangi sulolasiga asos soladi.

(davomi bor)

Ahmad Muhammad Tursunning "Dunyoni tebratgan yetti buyuk" kitobidan olindi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ayyubiylar kim bo‘lgan?